Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Mazkur qaror loyihasida davlat xaridlariga oid ma’lumotlarni ochiqlash yuzasidan tegishli dasturiy majmualar o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashinuvini ta’minlash nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2022−2025 yillar mobaynida O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirish Strategiyasi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, davlat xaridlari bo‘yicha elektron savdolarda xorijiy yetkazib beruvchilar ishtirokini ta’minlash orqali sohada keng raqobat muhitini yaratish maqsadida xorijiy yetkazib beruvchilar uchun elektron raqamli imzo (ERI) olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentiligi tomonidan korporativ buyurtmachilar ro‘yxatini shakllantirish va uni yuritish choralari ko‘rilishi belgilanadi.
Qaror loyihasiga muvofiq, prezident farmonlari va qarorlarida, shuningdek Vazirlar Mahkamasining qarorlarida davlat xaridini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat berilsa, tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bir shartnoma bo‘yicha BHMning yigirma besh ming baravari (6 mlrd 750 mln so‘m) miqdoridan oshgan hollarda shartnoma va shartnomaga oid qo‘shimcha kelishuvlar Kompleks ekspertiza qilish markazida kompleks ekspertizadan o‘tkazilishi lozim. Byudjet buyurtmachilari uchun bu miqdor BHMning olti ming baravari (1 mlrd 620 mln so‘m) miqdorida belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Prezident qarori loyihasida davlat buyurtmachilari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi mumkin bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatini qiqsqartirish ham nazarda tutilgan. Amaldagi ro‘yxatga muvofiq 42 ta pozitsiya bo‘yicha shartnomalarni tendersiz tuzish mumkin bo‘lsa, ushbu qaror qabul qilingach, bu ro‘yxat 28 tagacha qisqaradi.
Ushbu ro‘yxatga asosan tuzilgan shartnomalar va ularga qo‘shimcha kelishuvlar summasidan qat’iy nazar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» davlat unitar korxonasida ekspertizadan o‘tkazilmasligi ta’kidlangan.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari ro‘yxatidan chiqarib tashlanishi kutilayotgan bandlar:
- Qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining alohida maxsus savdo maydonchalaridagi elektron (birja) savdolari natijalariga ko‘ra xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar).
- Madaniy-ommaviy tadbirlarga chiptalar.
- Davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati gospitallari; davolash-profilaktika va ta’lim muassasalari; mehmonxona va restoran xizmatlari ko‘rsatish; muruvvat va nogironlar uylari; mehribonlik uylari va internatlar; qariyalar uylari uchun oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish.
- Shartnoma bo‘yicha uning umumiy boshlang‘ich summasining 10 foizidan oshmaydigan miqdordagi qo‘shimcha ish va xizmatlarni amalga oshirish uchun xarajatlar.
- Ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik jamlamalarni nashr etish (qayta nashr etish) uchun mo‘ljallangan qog‘oz va boshqa sarflash materiallari.
- Xalq ta’limi tizimidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun o‘quvchilarning muhandislik, robototexnika, mexatronika va dasturiy ta’minot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarda foydalanish hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish yuzasidan respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xorijdan olib kelinadigan xom ashyolar va jihozlar.
- O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi futbol mahorat maktablari uchun elektron hisoblash uskunalari, o‘yinlar va o‘quv-mashq yig‘inlarini tahlil qilish dasturiy ta’minot va uskunalar, Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi talablari bo‘yicha futbol to‘plari, sport kiyimlari va ekipirovkalar hamda futbol uchun oyoq kiyimlar.
- O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy bo‘linmalariga, shu jumladan xorijiy tashkilotlar tomonidan ko‘rsatiladigan xususiylashtiriladigan yoki xo‘jalik jamiyatlarining ustav fondlariga davlat ulushi sifatida o‘tkaziladigan davlat aktivlarini baholash xizmatlari.
- Davlat aksiyalar (ulushlar) paketlarini sotish hamda mahalliy va xorijiy fond birjalarida IPO (SPO) bo‘yicha emissiyalarni joylashtirish uchun jalb qilinadigan investitsiya vositachilari, maslahatchilari, shu jumladan xorijiy maslahatchilarning O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy bo‘linmalariga ko‘rsatadigan xizmatlari.
- O‘zbekiston Respublikasi o‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan yetishtirilgan ko‘chat va nihollar.
- O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlari, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalar, reportajlar va boshqa roliklarni tayyorlash va translyasiya qilish bo‘yicha xizmatlari.
- Texnik tartibga solish sohasidagi milliy normativ hujjatlar, davlat standartlarini ishlab chiqish va qayta ishlash, shuningdek, shaharsozlik faoliyati sohasidagi xorijiy normativ hujjatlarni moslashtirish.
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasi, muzey va kutubxona fondlarini shakllantirish maqsadida xorijda va O‘zbekistonda tayyorlanadigan eksponatlar, san’at asarlari, suratlar, haykallar va byustlar, gilamlar, matolar, qo‘lyozmalar va nashr asarlari nusxalari, xaritalar, pannolar, stendlar, video-audio va yuqori texnologik namoyishlar uchun materiallarning xaridi.
- Monopolist korxonalar va (yoki) ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxs, ustav fondi (kapitali)ning 50 foizi va undan ortig‘i ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni xaridorlarga affillangan shaxs bo‘lgan tashish xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalarning avtotransportda tashish xizmatlari.
Izoh qoldirish