O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun qo‘yildi.
Loyiha tashabbuskorlari Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Energetika vazirligi hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, loyihani ishlab chiqishda, birinchi navbatda, aholining kam ta’minlangan qismini ijtimoiy himoya qilish asosiy mezon qilib olingan. Xalqaro tajribadan kelib chiqib, aholining kam ta’minlangan va past daromadli qatlami manfaatlaridan kelib chiqib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritilishi belgilanmoqda.
Qaror loyihasi bilan 2022 yil 1 iyuldan boshlab respublika bo‘yicha narxlar ijtimoiy norma asosida belgilanadi, ya’ni belgilangan miqdordan ko‘proq ishlatilgan gaz va elektr uchun ikki va undan ko‘proq miqdorda to‘lov amalga oshiriladi.
Eslatma: elektr energiyaning amaldagi narxi — 295 so‘m, gaz — 380 so‘m, suyultirilgan gaz (1 kg) — 1120 so‘m.
Elektr energiyasi
Aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha — 325 so‘m, bundan yuqori har 1 kVt soat uchun — 650 so‘m etib belgilash taklif etilmoqda.
Misol uchun, taklif etilayotgan tabaqalashtirilgan narxlarda 250 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgachani, 300 kVt soatgacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming so‘mgachani va 400 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, 1 kVt soat elektr energiyasi Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun — 800 so‘m, boshqa yuridik shaxslar uchun — 600 so‘m etib belgilanadi.
Tabiiy gaz
Aholi uchun 1 kub metr tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha — 410 so‘m, bundan yuqori har 1 kub metr uchun — 1 200 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha — 410 so‘m, undan yuqori har 1 kub metr uchun — 1 200 so‘m etib belgilash nazarda tutilmoqda.
Masalan isitish mavsumida 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha, 1000 kub metrgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi.
Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha, 300 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgachani tashkil qiladi.
1 kub m tabiiy gaz Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun — 1 300 so‘m, avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun — 1 200 so‘m, IESlar uchun — 1 000 so‘m hamda qolgan yuridik shaxslar uchun — 1 150 so‘m bo‘ladi.
Suyultirilgan gaz
Suyultirilgan gaz esa aholi uchun — 1600 so‘m miqdorida belgilanmoqda. Bunda, 1 abonentga bir oyda o‘rtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishini hisobga olsak, abonentning qo‘shimcha xarajati bir oyda 9,6 ming so‘mni tashkil etadi. «Hududgazta’minot» AJ korxonalari suyultirilgan gazni tuman hokimliklari bilan birgalikda tasdiqlangan grafiklarga muvofiq aholiga kunma — kun yetkazib berishni ta’minlaydi.
2023 yildan belgilanadigan narxlar
Loyihada shuningdek, korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish hamda tannarxni pasaytirish uchun «perspektiv mo‘ljal»ni ko‘rsatish maqsadida 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlarni ham tasdiqlash taklif etilmoqda.
Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etiladi:
Elektr energiyasi bo‘yicha:
- Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun 800 so‘m miqdoridagi narx saqlab qolinadi;
- qolgan yuridik shaxslar uchun — 700 so‘m.
Tabiiy gaz bo‘yicha:
- issiqlik elektr stansiyalari uchun — 1 200 so‘m;
- Navoiy KMK, Olmaliq KMK va byudjet tashkilotlari uchun — 1 350 so‘m;
- avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun — 1 400 so‘m;
- qolgan yuridik shaxslar uchun — 1 350 so‘m etib belgilash.
2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari 2024 va 2025 yillarda faqatgina inflyasiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi, 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
Jamoatchilik muhokamasi 15 iyungacha qadar davom etadi.
Shuni o‘rinda ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, energetika tizimi barchamizniki, hukumat yakka o‘zi bu sohani moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turishi samarasiz hisoblanadi, chunki yuzaga kelgan qarzdorlik yana byudjetga yuk bo‘ladi.
Gaz va elektr energiyasiga berilayotgan davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyalar ushbu sohaning rivojiga, investitsion jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, oxir-oqibatda iste’molchilarga yetarli darajada xizmat ko‘rsata olmaslikka sabab bo‘lmoqda.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moliga o‘rnatilgan tariflar bo‘yicha to‘lanayotgan mablag‘lar barcha xarajatlarni to‘liq qoplamasligi ortidan davlat tomonidan subsidiyalar bilangina sohaning moliyaviy barqarorligi ushlab turilmoqda. Ammo bu investitsiyalar aholiga barqaror elektr energiyasi va tabiiy gazni yetkazib berish muammolarini yechishga xizmat qilmayapti.
Buning natijasida aholimiz va tadbirkorlarimiz elektr energiyasi va tabiiy gaz uzilishlaridan aziyat chekishmoqda.
Gaz va elektr energiyasi iste’moli hajmi insonning daromadiga bog‘liq: bir xonali kvartirada oltita lampochka qayerda-yu, dang‘illama hovlisida isitiladigan basseyni bo‘lsa qanday. Shuningdek, shaharlarda va uzoq qishloq hududlardagi farqlar juda katta, axir biz barchamiz shu yurtning fuqarolarimizku. Yana bir jihati, davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiyalarning katta qismi o‘ziga to‘q, boy qatlam tomonidan iste’mol qilinmoqda. O‘rganishlar davomida aniqlandiki, iste’molchilar orasida bir necha o‘n ming kilovatt iste’mol qilayotgan xonadonlar ham uchramoqda.
Tariflarning oshirilishi mablag‘larni energetika sohasi infratuzilmasini yaxshilashga – elektr va gaz uzatish tarmoqlarini yangilash, mustahkamlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish hisobiga ta’minot sifatini oshirishga yo‘naltirish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, chekka hududlarda qamrovni kengaytirish, eng muhimi, shahar va qishloqlarda elektr va gazning tez-tez uzilib turishi muammosini bartaraf etish imkonini beradi.
Izoh qoldirish