Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 martdagi Farmoni bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligi masalasini atroflicha o‘rganish vazifasi belgilangan.
Hozirgi vaqtda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalarida tegishli o‘rganish ishlari olib borilmokda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik masalasi haqida fikr-mulohzalarini bildirdi.
Dilorom FAYZIYeVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi:
— YeOII 2015 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan integratsion birlashma bo‘lib, unga hozirgi kunga qadar Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Qirg‘iziston mamlakatlari a’zo bo‘lib kirishgan. 2018 yildan e’tiboran Moldova kuzatuvchi maqomiga ega. YeOIIning asosiy maqsadi — a’zo davlatlar aholisining turmush darajasini oshirish borasida barqaror rivojlanish uchun sharoitlar yaratish, YeOII doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital va ish resurslarining yagona bozorini shakllantirishga harakat qilish, global iqtisodiyot sharoitida milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini oshirish, har tomonlama modernizatsiyalash va o‘zaro kooperatsiyani rivojlantirishdir.
Ayni kunda YeOIIga a’zo mamlakatlar joylashgan hudud maydoni jihatidan dunyoda birinchi o‘rinda bo‘lsa, aholi soni bo‘yicha sakkizinchi (hozirgi kunda 184 mln. kishidan iborat) va YaIM hajmi bo‘yicha esa o‘ninchi o‘rinda qayd etilmoqda.
YeOII tarkibiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirish yoki kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lishdan oldin har bir mamlakat, eng avvalo, YeOIIga oid tashkiliy-huquqiy munosabatlarni, institutsional organlar va ularning faoliyatini, o‘zaro hamkorlikning huquqiy asoslarini, umuman, YeOII bilan hamkorlik mamlakat uchun qanday naf berishini yoki qanday salbiy oqibatlarga olib kelishini chuqur tahlil qilishi tabiiy holdir.
Shu nuqtai nazardan, qo‘mitamizda ushbu masala bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzilgan bo‘lib, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda YeOII bilan hamkorlik O‘zbekistonning boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda asosiy strategik hamkorlari bo‘lmish xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlariga ta’siri har tomonlama ko‘rib chiqilmoqda.
Akmal BURHONOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— Tan olish kerakki, bugungi dunyoda biron bir davlat jahon iqtisodiyotidan ajralgan holda rivojlana olmaydi. Zamonaviy dunyoda integratsiya imtiyoz sifatida emas, balki zarurat sifatida qaralmoqda. Shu nuqtai nazarda, mamlakatimizning YeOII bilan kelgusidagi hamkorligini chuqur tahlil qilish biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
YeOII bilan hamkorlik qilish biz uchun qiymati 1 trillion 587 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan bozorga kirish imkonini beradi. O‘zbekiston bu bozorga o‘zining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda ko‘rishi mumkin.
O‘zbekiston YeOII bilan hamkorlik qiladigan bo‘lsa, o‘z qoidalarini ittifoq standartlari bilan muvofiqlashtirib boradi va tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar vujudga keladi. Buning natijasida, YeOII bozorini ko‘zlagan xorijiy investitsiyalar oqimi yuzaga kelishi mumkin. Zero, shu paytgacha 34 millionlik bozor uchun ishlab kelingan bo‘lsa, YeOII bilan hamkorlik o‘rnatilishi natijasida salkam 200 million kishilik bozorga hech qanday bojlarsiz kirish imkoni paydo bo‘ladi. Bu esa O‘zbekistonning investitsiyalar uchun jozibadorligini yanada oshiradi.
Zuhra ShODIYeVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi qaysi shaklda bo‘lishi to‘g‘risida so‘z borganda, bir qator siyosiy-iqtisodiy omillar, albatta, inobatga olinishi kerak, deb hisoblayman. Birinchi omil — bu O‘zbekistonning YeOIIga kiruvchi mamlakatlar bilan chegaraviy punktlarni ochish masalasi. Masalan, mamlakatimizning Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan bir nechta chegaraviy punktlari mavjud bo‘lishiga qaramay, Qirg‘iziston va Qozog‘iston YeOIIga a’zo sifatida boshqa savdo rejimi asosida faoliyat olib borganligi bois, ushbu punktlarni to‘liq ochishda muayyan qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Ikkinchi omil — O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga va Qozog‘istonga bo‘lgan mehnat migratsiyasi bo‘lib, mamlakatimiz ushbu masalada YeOII bilan o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda hamkorlik o‘rnatishi maqsadga muvofiqdir.
Jahongir MAMAJONOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— Ma’lumki, O‘zbekiston jug‘rofiy jihatdan quruqlikda “qamalib” qolgan davlat bo‘lib, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqa olmaydi. Shu bois, transport-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, ayniqsa, dengizga chiqish yo‘llariga ega bo‘lish O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan masala hisoblanadi. Dengizga chiqishning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri esa bu Qozog‘iston va Rossiya orqali chiqishdir. Bu esa, xohlaymizmi-yo‘qmi, mamlakatimizning YeOII bilan hisoblashishga majburligini anglatadi.
Feruza NIGMATOVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— Avvalo, iqtisodiyotimizni rivojlantirish va uning raqobatbardoshligini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush darajasini yaxshilash, ta’lim, sport, turizm sohalarini yuksaltirishda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan integratsiyalashuv ulkan ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etish lozim.
Shu nuqtai nazardan, hozirgi kunda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida YeOII davlatlarining ulushi 30 foizdan oshishi mamlakatimizni YeOII bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashga undaydi. Boz ustiga, Rossiya va Qozog‘iston bilan bir qator investitsion loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olingan. YeOIIga kiruvchi boshqa mamlakatlar bilan ham hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olingan. Shundan kelib chiqsak, mamlakatimizning YeOII bilan hamkorligini yanada chuqurlashtirish, o‘zaro kelishilgan investitsion loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish imkonini beradi.
Nodir JUMAYeV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— Ta’kidlash joizki, YeOII iqtisodiy tashkilot bo‘lib, uning asosiy maqsadi savdo-iqtisodiy munosabatlarda o‘zaro manfaatdorlikni ta’minlashdan iborat.
Istiqbolda mamlakatimizning YeOII bilan o‘zaro hamkorligining ijobiy jihatlariga to‘xtalib, shuni aytmoqchimanki, O‘zbekistonda aholining 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan qatlami zichligi boshqa a’zo mamlakatlarga nisbatan yuqori ekanligi sababli, mehnat migratsiyasi masalasida samarali natijalarga erishish mumkin.
Ma’lumki, YeOIIga a’zo mamlakatlar mehnat migrantlari uchun litsenziya va ruxsat olish talablarini o‘zaro jiddiy yengillashtirishgan. Shu nuqtai nazardan, bugun 2-2,5 milliondan ortiq fuqarolarimiz YeOII davlatlarida mehnat qilayotganligini hisobga olsak, Ittifoq bilan hamkorlik o‘rnatiladigan bo‘lsa, fuqarolarimiz ushbu davlatlarda patent olmasdan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar va pul jo‘natmalari hozirgi 4-5 mlrddan 7-8 mlrd. AQSh dollariga yetishi kutilmoqda.
Qolaversa, O‘zbekiston aholisiga xos bo‘lgan mehnatsevarlik va tadbirkorlikni to‘la amalga oshirish hududi kengayadi. Mamlakatda ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan investitsiya manbalari vujudga keladi. Shu bilan birga, YeOIIga a’zo davlatlar iqtisodiy tizimlari uyg‘unligi rivojlanish uchun asos bo‘la oladi.
To‘g‘ri, hozirda mamlakatimiz YeOIIga a’zo mamlakatlarning barchasi bilan ikki tomonlama o‘zaro manfaatli kelishuv va bitimlarga ega. Biroq aslida YeOIIga a’zo mamlakatlar o‘zaro ikki tomonlama munosabatlarda kamdan kam hollarda ichki talablar doirasida tashqariga chiqishadi. YeOII manfaatlari hamisha ustuvordir. Chunki asosiy ustuvorlik a’zo mamlakatlar mahsulotlariga nisbatan qo‘llanilishi o‘z-o‘zidan ma’lum. Shu nuqtai nazardan, hozircha bizning mahsulotlarimizga, afsuski, e’tibor darajasi nisbatan pastligicha qolmoqda.
Muqaddas TIRKAShEVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— Mamlakatimizning YeOII bilan yaqin hamkorligi nafaqat savdo-iqtisodiy, balki kompleks ekologik masalalarni yechishda ham qo‘l kelishi mumkin. Zero, ishtirokchi mamlakatlarning tabiiy boyliklarini saqlash, qayta tiklash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha tajribasidan ham unumli foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Kezi kelganda shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, atrof-muhitni muhofaza qilish va unga iqtisodiy faoliyatning salbiy ta’sirini oldini olish borasida shu paytga qadar YeOII doirasida birorta ko‘p tomonlama shartnoma tuzilmagan. Ushbu masalalarga yanada keng qamrovli va muvozanatli yondashuv zarurligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston va YeOII o‘rtasidagi hamkorlik dastlab O‘zbekiston uchun kuzatuvchi maqomini olishdan boshlanishi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Dilbar USMANOVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— Parlament quyi palatasi deputati sifatida O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligini, eng avvalo, xalqimiz, xususan, biznes yurituvchi sub’yektlarning manfaatlari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblayman. Bir muhim savolni o‘zimizga o‘zimiz berishimiz zarur: oddiy fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz YeOII bilan hamkorlikdan qanday naf ko‘radi? Zero, hozirda mamlakatimizdan chetga olib chiqilayotgan yuklarning 80 foizi YeOII a’zolari bo‘lmish Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali tranzit tashib ketiladi, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ba’zi mahsulotlar bo‘yicha esa hatto 80 foizdan ziyodi ana shu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bois, YeOII bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish O‘zbekistonning uzoq muddatli strategik maqsadlariga, xususan, o‘rta qatlam negizini tashkil qiluvchi tadbirkorlik sub’yektlarining manfaatlariga to‘liq mos tushadi.
Zulayho AKRAMOVA, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— YeOII bilan hamkorlik mamlakatimizning bundan keyingi tashqi savdo aloqalarining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Eng asosiysi, turizm sohasida, xalqaro yuk hamda passajir tashuvlari soddalashtiriladi va bu boradagi imkoniyatlarimiz yanada kengayadi.
Biroq O‘zbekiston YeOII bilan hamkorlik o‘rnatishidan oldin tegishli infratuzilmani barpo etishi va milliy qonunchilikni YeOII doirasida qabul qilingan standartlarga moslashtirib borishi lozim bo‘ladi. Xususan, bojxona postlari infratuzilmasini tamomila qaytadan ko‘rib chiqishi kerak. Buning uchun esa 1 mlrd. AQSh dollariga yaqin mablag‘ talab etiladi.
O‘ktamjon ISLOMOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— YeOII bilan hamkorlik o‘rnatilishi O‘zbekistondagi iste’molchilarning mintaqa bozoridagi iqtisodiy raqobat natijasida nisbatan arzon va sifatli mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatini yanada oshiradi. Bundan tashqari, YeOII a’zo mamlakatlarida import to‘lovlarining kamayishi, transport logistika tizimining qulaylashishi natijasida O‘zbekistondan bugungi kunda ishlab chiqarishda nisbiy afzallikka ega bo‘lgan meva-sabzavot, tekstil, charm-poyabzal singari mahsulotlar eksporti hajmi oshadi. O‘zbekistondagi monopoliya va oligopoliya toifasidagi ishlab chiqaruvchi va xizmat ko‘rsatuvchilar integratsiyalashgan raqobat muhiti natijasida korrupsiyani bartaraf qilishga, tannarxni kamaytirishga, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga majbur bo‘ladi. Integratsiya natijasida ishlab chiqarishda kooperatsion aloqalar rivojlanadi. YeOIIda tovar va xizmatlarga qo‘yiladigan stantdartlar talablarining yuqoriligi hisobidan ularning sifat darajasi ham oshadi.
Shu bilan birga, qator salbiy omillar ham borki, yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rishimizni taqozo etadi. Xususan, YeOIIga a’zo davlatlardagi ishlab chiqaruvchilar bilan raqobatga bardoshli bo‘lmagan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bankrot bo‘lishi mutanosib ravishda ish o‘rinlari hamda YaIM hajmining kamayishiga olib kelishi mumkin. O‘zbekistonda hali rivojlanib ulgurmagan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish segmentlari Ittifoqning boshqa a’zo davlatlari korxonalari tomonidan egallab olinishi xavfi ham saqlanib qoladi.
Abdullo ASLONOV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi qator ijobiy natijalar bilan birga, ayrim ziddiyatli masalalarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Birinchidan, import qilinuvchi mahsulotlar narxining tushishi natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi o‘rnini saqlab qolishi qiyinlashadi. Ayniqsa, monopol xususiyatga ega bo‘lgan tarmoqlarning bozordagi o‘rni xavf ostida qoladi. Shu bilan birga, YeOII doirasida umumiy bojxona tariflarining o‘rnatilishi ortidan ba’zi tovarlarning qimmatlashishi yuzaga kelishi mumkin.
Ikkinchidan, O‘zbekiston va YeOIIning yirik iqtisodiyotlari o‘rtasida ish haqi hajmi bo‘yicha sezilarli tafovutlar borligi sababli mamlakatimizda ishchi kuchining ommaviy tarzda xorijga ko‘chishi yuz berishi mumkin. Bu esa, qishloq xo‘jaligi sohasida xizmat qiluvchilarga mehnatga haq to‘lashning qimmatlashuviga olib kelishi mumkin.
Biroq nima bo‘lganda ham, o‘ylaymanki, agar YeOII bilan yaqin hamkorlik o‘rnatadigan bo‘lsak, bu hayotimizda ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Biz uchun ushbu o‘zgarishlarda milliy manfaatlarimizni himoya qilib, halqimiz farovonligi va tinchlik-xotirjamligini ta’minlash o‘ta muhimdir.
Qodir JO‘RAYeV, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
— YeOII bilan hamkorlikning ijobiy jihatlari bilan birga, ayrim salbiy tomonlari ham borligini alohida ta’kidlash joiz.
Masalan, YeOIIga a’zo davlatlarning birortasiga xorijiy davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar tomonidan sanksiyalar qo‘llaniladigan bo‘lsa, bu holat O‘zbekistonga ham ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi.
Hozirda YeOIIga a’zo bo‘lgan eng asosiy mamlakat bo‘lmish Rossiya Federatsiyasining xalqaro sanksiyalar va bosim ostida qolayotganligi va kelgusida ushbu sanksiyalarning yanada kuchaytirilishi mumkinligi bizni hamisha sergak bo‘lishga da’vat etadi. Rossiya Federatsiyasi Ittifoq iqtisodiy potensialining salkam 85 foizini tashkil etuvchi mamlakat bo‘lib, kelgusida unga nisbatan sanksiyalar yanada kuchaytiriladigan bo‘lsa, bu YeOIIning boshqa a’zo va hamkor davlatlarining iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda aynan shunga o‘xshash holat yuzaga kelgan bo‘lib, dunyoda koronavirus pandemiyasi oqibatida energiya resurslari, xususan, neft narxining tushib ketishi Rossiya Federatsiyasi rublining keskin qadrsizlanishiga olib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Ittifoqning boshqa a’zolari milliy iqtisodiyotiga ham zarar keltirmoqda.
Umuman aytganda, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik qilish istiqbollarini keng qamrovli tahlillar asosida o‘rganish, bunda esa nafaqat milliy, balki nufuzli xorijiy hamda xalqaro ekspertlar va konsalting kompaniyalar bilan muhokamalar o‘tkazish talab etiladi. Shundan keyingina O‘zbekiston YeOII bilan hamkorligi qay shaklda bo‘lishi to‘g‘risida yakuniy xulosaga kelish mumkin.
Izoh qoldirish