“Dori-Darmon” 2020 yilda 894,8 mlrd. so‘mlik tovar sotgan

“Dori-Darmon” 2020 yilda 894,8 mlrd. so‘mlik tovar sotgan

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va uning hududiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirokida 2020 yil yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilish videokonferensaloqa orqali o‘tkazildi. Yig‘ilishda kompaniyaning moliya bo‘yicha direktori Ilyos Razakov kompaniya va uning tarkibidagi aksiyadorlik va mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda 2020 yil yakuni bo‘yicha tasdiqlangan biznes reja ko‘rsatkichlarining bajarilishi haqida prizentatsiya orqali ma’lumot berib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dori-Darmon" AK matbuot xizmati.

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimi bo‘yicha umumiy tovar aylanmasi 2019 yil bilan solishtirganda 436,0 mlrd. so‘mdan 2020 yilda 894,8 mlrd. so‘mga oshgan. Shundan ulgurji tovar aylanmasi 2019 yilda 172,4 mlrd so‘m, 2020 yilda 605,4 mlrd. so‘m, chakana savdo aylanmasi 2019 yilda 263,6 mlrd so‘m, 2020 yilda 289,4 mlrd. so‘m.

2020 yilda kompaniyaning sof foydasi 44,83 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Yig‘ilish davomida “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining hududiy bo‘linmalari yillik faoliyati ham har tomonlama tahlil qilingan holda o‘rganib chiqildi, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqid qilinib, kerakli tavsiyalar berildi. Kompaniya tizimidagi ijtimoiy dorixonalar faoliyatini rivojlantirish, savdo hajmini oshirish, zarur dori vositalari assortimentini ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hududiy boshqarmalarning takliflari o‘rganildi.

Yig‘ilishda import asosida va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan ulgurji xarid qilingan dori vositalariga narx belgilashda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi yo‘lga qo‘yilganligi va narxlarning elektron (onlayn) reyestri yuritilib kelinayotganligi, shu reyestrdan foydalangan holda ulgurji va chakana narxlarni belgilash lozimligi qayd etildi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilish yakunida 2021 yil davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar