Muzokaralardan O‘zbekistonning investitsiya loyihalari portfeliga

Muzokaralardan O‘zbekistonning investitsiya loyihalari portfeliga

Jalb etilayotgan kapital yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, texnologiyalarni joriy etish va hududlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi lozim. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz iqtisodiyotning ochiqligini oshirib, tadbirkorlik faoliyati uchun sharoitlar va xususiy mulk himoyasini takomillashtirmoqda. 2026 yilgi Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 60,3 ball to‘plab, 184 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi hamda 2018 yilga nisbatan 66 pog‘onaga ko‘tarildi. O‘zbekiston ilk bor iqtisodiyoti «o‘rtacha erkin» mamlakatlar toifasiga kirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarlari va kompaniyalar yetakchilari bilan mamlakatimiz uchun kapital va texnologiyalar zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni muhokama qilmoqda. Har yili 15 dan ortiq davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirilmoqda. Tashriflarning bunday keng geografiyasi ustuvor loyihalarga qiziqish bildiradigan hamkorlarni topish imkonini bermoqda.

2026 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Serbiya biznes-forumi yakunlari bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga qaratilgan 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma Harakatlar rejasi qabul qilindi, iqtisodiy kelishuvlar va savdo shartnomalari imzolandi. Shu oyda Koreya Respublikasida o‘tkazilgan biznes-forumda davlatimiz rahbari O‘zbekistonning resurs bazasi, Koreya texnologiyalari hamda ikki mamlakat kompaniyalarining investitsiya kapitalini birlashtirishni taklif etdi. Koreya kompaniyalari, jumladan, misni qayta ishlash va elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarish loyihalarida ishtirok etishga taklif qilindi.

Prezidentimiz Lotte Group raisi bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazdi. Kompaniya O‘zbekistondagi eng yirik koreyalik investorlar qatoriga kiradi va Ustyurt gaz-kimyo majmuasi doirasida hamkorlik tajribasiga ega. Seuldagi uchrashuvda tomonlar mis folgasi ishlab chiqarish istiqbollari va ko‘chmas mulkni rivojlantirish loyihalarini muhokama qildi. Shuningdek, ikki tomonlama loyihalar ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

Ushbu muzokaralardan so‘ng Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tegishli vazirlik va idoralar, hududlar hamda xorijiy investorlar bilan birgalikda tashabbuslarning iqtisodiy samaradorligini baholash, moliyalashtirish manbalari, amalga oshirish mexanizmlari va muddatlarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda. Bu jarayonda takliflar muayyan tarmoq va hududlarning imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilib, loyihalarning asosiy ko‘rsatkichlari aniqlashtiriladi. Ushbu ko‘rsatkichlar kompaniyalarga loyihalarda ishtirok etish yuzasidan qaror qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Investorlari aniqlangan loyihalar portfelining umumiy qiymati qariyb 350 milliard dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, 200 milliard dollarlik istiqbolli takliflar tayyorlangan. Loyihalar portfeli qiymatini 500 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan. Ushbu raqamlar loyihalar qiymatini ifodalaydi, amalda o‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmini emas.

2026 yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonda 32,9 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Vazirlik mas’ul idoralar va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar tashabbuskorlari bilan ishlamoqda, ijro muddatlarini kuzatib bormoqda hamda yangi quvvatlarni ishga tushirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishga ko‘maklashmoqda.

Shakllantirilgan loyihalar portfeli O‘zbekiston uchun muzokaralarda asos bo‘lib xizmat qiladi hamda investorlar bilan hamkorlikni uzoq muddatga rejalashtirish imkonini beradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar