O‘zbekiston Ekologik partiyasi politelin paketlar o‘rniga biologik parchalanadigan paketlardan foydalanish taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi politelin paketlar o‘rniga biologik parchalanadigan paketlardan foydalanish taklif bilan chiqdi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi hukumatga amaldagi politelin paketlar o‘rniga biologik parchalanadigan paketlardan foydalanish bo‘yicha taklif bilan chiqdi.

Bu haqida kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Ekologik partiyasining II s’yedida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.05.2018 yildagi 3730-sonli “Maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi xududida qalinligi 40 mikrondan kam polimer plyonkali paketlar (eksport uchun ishlab chiqarilgan, tutqichsiz ishlab chiqarilgan va ichki foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan tovarlarning ajralmas qismi bo‘lgan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik parchalanadigan polimer materiallar bundan mustasno)ni ishlab chiqarish taqiqlangan. Biroq, bugungi kunda bunday paketlarni ishlab chiqarish va undan foydalanish hamon davom etmoqda. Ushbu plastik paketlarning parchalanishi uchun 200 yildan ko‘proq vaqt talab etiladi. Boz ustiga chiqindi poligonlarida to‘planib qolgan paketlar atrof-muhitga zarar yetkazmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi "ECO PACK" MChJ mutaxassislarini jalb qilgan holda atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan biologik parchalanadigan muqobil paketlarning namunalarini ishlab chiqdi.

Ushbu paketlarning namunalari tekshirish uchun laboratoriyaga (Buyuk Britaniya, Wells Plastics Limited,) yuborildi. Laboratoriya natijalari mazkur paketlar 360 soat davomida parchalanib ketishini ko‘rsatdi. Bu borada Wells Plastics Limited laboratoriyasining 03.03.2013 yildagi 1067-sonli sertifikati taqdim etildi. Bu oddiy sharoitda paketning biologik parchalanish davri taxminan 8 oyga tengligini anglatadi. Bundan tashqari, parchalanish jarayoni havo, quyosh nuri va tabiiy muhit ta’sirida boshlanadi. Parchalanishning yakuniy natijasi — bu o‘simlik uchun o‘g‘itga aylanadigan biomassadir.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Ekologik partiyasi an’anaviy plastik paketlarni sifat jihatidan kam bo‘lmagan, har qanday o‘lcham va qalinlikda tayyorlanishi mumkin bo‘lgan, biologik parchalanadigan paketlarga almashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda. Taklif qilinadigan biologik parchalanadigan paketlarning narxi (ommaviy ishlab chiqarish sharoitida) 230-240 so‘mdan oshmaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar