Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekistonda Islom taraqqiyot banki (ITB) guruhining 2021 yilgi "Javob berish, tiklanish, qayta ishga tushirish" yillik yig‘ilishi doirasida: "BRMga erishish bo‘yicha o‘n yillik harakatlar xavf ostidami?" mavzusida onlayn vebinar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yuqori darajadagi ma’ruzachilar, ITB Prezidenti doktor Muhammad Sulaymon Al-Jassir, BRM bo‘yicha maxsus vakil va ITB prezidenti maslahatchisi doktor Rami Ahmad, Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari va BMTning barqaror rivojlanish guruhi raisi Amina J. Mohammed, Kolumbiya universitetining barqaror rivojlanish markazi direktori professor Jeffrey D. Saks, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ijrochi direktori doktor Mahmud Moheldin, Indoneziya Respublikasi milliy taraqqiyot rejalashtirish vazirligi dengiz va tabiiy resurslar vazirining o‘rinbosari, doktor Il. Arifin Rudiyanto, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Janob Ahmed M. Said, Boston universiteti global rivojlanish siyosati markazi direktori doktor Kevin P. Gallagher, ITB vitse-prezidenti doktor Mansur Muxtor ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalqaro ekspertlar platformasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) direktori doktor Obid Hakimov qatnashdi.
Markaz rahbari o‘z nutqida 2017 yilda O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi roli va mas’uliyat va boshqaruv sohalarini amalga oshirish, taqsimlash mexanizmlarini tushunish nuqtai nazaridan muammolar haqida gapirdi.
O‘zbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) amalga oshirilishi 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakat strategiyasi doirasidagi keng ko‘lamli islohotlarga to‘g‘ri keldi. Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston 2020 yilda ijobiy iqtisodiy o‘sishni saqlab qolgan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi uchta iqtisodiyotdan biri bo‘ldi. COVID-19 inqirozining jiddiy ta’siriga qaramay, dastlabki bosqichda amalga oshirilgan islohotlar, bozor iqtisodiyotiga o‘tish 2020 yilda o‘sishni qo‘llab-quvvatladi.
O‘zbekiston hukumati 2018 yil oktyabr oyida “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Bu qaror O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) ga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Shuningdek, qarorda O‘zbekiston uchun mamlakatdagi ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy masalalarga qaratilgan 16 ta milliy BRMlar hamda BRMlarning amalga oshirilishi monitoringini osonlashtirish uchun 125 ta tegishli vazifalar va 206 ta ko‘rsatkichlar belgilangan. Shu bilan birga, 21 davlat muassasalarida BRMlarning bajarilishini nazorat qilish uchun idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi va 2017-2021 uchun Milliy harakat strategiyasi BRMlarni amalga oshirish yo‘li sifatida tasdiqlandi.
Hukumat islohotlar samaradorligini 23 ta global reyting (indeks), shu jumladan, global BRM reytingi orqali kuzatib boradi, unga ko‘ra O‘zbekiston bugungi kunda (2021 yil) 162 davlat orasida 52-o‘rinni egallab turibdi.
Markaz direktori O‘zbekiston uchun BRM dasturlarini moliyalashtirishning ehtiyojlari va ustuvor yo‘nalishlari haqida gapirar ekan, 2020 yilning mart oyida boshlangan COVID-19 pandemiyasi O‘zbekiston uchun BRMlarga erishish yutuqlarini sekinlashtirish bilan tahdid qilishini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati pandemiya tarqalishini oldini olishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rganini ta’kidladi. Inqirozga qarshi choralar-tadbirlar dasturi qabul qilindi, tadbirkorlar va aholi bandligini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy yordamni kengaytirish uchun 1 milliard AQSh dollari ajratildi. Umuman olganda, 2020 yilning aprel oyidan boshlab 5,2 millionga yaqin kishi kamida bir marta shoshilinch yordam olgan.
Taniqli iqtisodchi Jeffri Saks o‘z nutqida BRMga erishishga qaratilgan tavsiyalar berdi. Uning asosiy tezisi ochlik, kambag‘allikni bartaraf etish va bolalarni o‘limga olib keladigan kasalliklardan faqatgina moliyaviy rivojlanish orqali qutqarish mumkinligidan iborat
Ekspertning fikricha, maqsadlarga erishish uchun rivojlangan davlatlar kelgusi yillar davomida rivojlanayotgan mamlakatlarga yordamini sezilarli darajada oshirishi zarur.
Saksning qayd etishicha, jahon YaIM qariyb 100 trln. dollarni tashkil etadi va rivojlangan mamlakatlar BRMlarni amalga oshirish uchun 1 trln. dollar ajratishlari lozim. Rivojlanayotgan mamlakatlarga e’tibor berish kerak.
"Bugungi kunda ko‘p tomonlama rivojlanish banklari barqaror rivojlanish uchun yiliga 100 milliard dollar moliyalashtiradi, ammo biz uni 10 martagacha oshirishimiz kerak. Masalan, pandemiya davrida AQSh birgina pandemiyaga qarshi kurashish uchun 7 trln. dollar sarflagan va mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish uchun yana 4 trln. dollar ajratilishi rejalashtirilgan", - deydi olim.
"Men barqaror rivojlanish maqsadlari uchun pul olish o‘ta qiyin bo‘lgan davlatlardan birida yashayman. Ushbu maqsadlar uchun mablag‘lar biznes jamiyatidan kelmaydi. Rivojlanish uchun davlat tomonidan moliyalashtirish hajmi va’dalarimiz va ehtiyojlarimiz hajmiga mos kelishi kerak.
Iltimos, keyingi yil ko‘p tomonlama rivojlanish banklari kanali orqali rivojlanishni moliyalashtirish hajmini oshirish uchun foydalanaylik. Rivojlangan mamlakatlarga biz bir xil sayyorada yashayotganimizni va bular bir xil patogenlar, bir xil virus, iqlim o‘zgarishi va beqarorlikni tushuntiraylik", - deydi Kolumbiya universitetining barqaror rivojlanish markazi direktori, professor Jeffri Saks.
Osiyo taraqqiyot banki vitse prezidenti janob Ahmed M. Said ajratilgan mablag‘lardan foydalanish sifatini yaxshilashni taklif qildi, shuningdek, ITBga institutsional rivojlanish uchun rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘proq maslahat yordami ko‘rsatishni tavsiya qildi.
Doktor Rami bu yil Toshkentda ITB guruhining yillik yig‘ilishini tashkil qilgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish