Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi belgilandi

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi belgilandi

Hukumat qarori (656-son, 25.10.2021 y.) bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Nizomga ko‘ra, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar viloyat hokimliklari tomonidan bozordagi ko‘p kvartirali uylardan ajratiladi.

Bunda o‘quv-tarbiya muassasalari va tuman (shahar) hokimliklari bolalarni muassasada bo‘lish muddati tugashidan bir yil avval uy-joyga muhtoj sifatida “onlayn-navbat”ga kiritib boradi.

Bolalarga 18 yoshga to‘lgan yilda:

- ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali;
- voyaga yetgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

Uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq 30 yoshga to‘lgungacha uni sotish huquqisiz beriladi.

Nizomga ko‘ra, uy-joylar tuman hokimligi tomonidan ajratilib, yashash uchun barcha zarur sharoitlarga ega holda topshiriladi.

Uy-joy bilan ta’minlanish holati haqidagi ma’lumotlar har oyda yangilanadi va Xalq ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi.

Uy-joy berish to‘g‘risidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi order beradi va ushbu order berilgan uy-joyga ko‘chib kirish uchun asos hisoblanadi.

Orderlar “onlayn-navbat” axborot tizimidagi qat’iy ketma-ketlik asosida beriladi.

Uy-joy order berilgan kundan 10 kundan kechikmay notarial rasmiylashtiriladi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan:

- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi;

- yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) olish “Vasiylik va homilik” elektron platformasi orqali onlayn murojaatga asosan amalga oshiriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan “Ijtimoiy ish” bakalavriat ta’lim yo‘nalishida “Vasiylik” va “Homiylik” sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar