Vazirlar Mahkamasining “Yevropa investitsiya banki ishtirokida “O‘zbekistonda global koronavirus pandemiyasi davrida zarar ko‘rgan kichik va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini favqulodda qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Yevropa investitsiya banki (YeIB) direktorlar kengashi “O‘zbekistonda global koronavirus pandemiyasi davrida zarar ko‘rgan kichik va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini favqulodda qo‘llab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 15 yil muddatga 5 yillik imtiyozli davri bilan 100,0 mln. AQSh dollar kredit liniyasini taqdim etishni ma’qullagan hamda loyihani amalga oshirish davri 3 yil (2020-2022 yillar) etib belgilangan.
Belgilab qo‘yilishicha:
- 100 mln. AQSh dollar ekvivalent miqdoridagi kredit mablag‘lari loyihada ishtirok etayotgan tijorat banklarining bergan taklif va roziliklari asosida “O‘zsanoatqurilishbank” ATBga - 30,0 mln. AQSh dollari, “Mikrokreditbank” ATBga - 35,0 mln. AQSh dollari va “Qishloq qurilish bank” ATBga - 35,0 mln. AQSh dollari miqdorida global koronavirus pandemiyasi davrida zarar ko‘rgan kichik va xususiy tadbirkorlik sub’yektlar investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun revolver shaklida qayta moliyalashtiradi;
- bitta investitsiya loyihasi uchun YeIB mablag‘lari hisobidan kichik va xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga beriladigan kreditlarning maksimal qiymati 12,5 mln. yevro ekvivalentiga teng bo‘lgan miqdordan oshirilmaydi hamda YeIB kredit liniyalari bo‘yicha bitta investitsiya loyihasining maksimal qiymati 25,0 mln. yevro ekvivalentidan oshmaydi;
- ishtirok etuvchi tijorat banklariga taqdim etilayotgan YeIB kredit liniyasining kamida 30 foizi YeIB mezonlariga ko‘ra ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi, shu bilan birga, ayollar tadbirkorlik sub’yektlari ajratilgan limitdan foydalanilmagan taqdirda, ishtirok etuvchi tijorat banklar YeIB bilan kelishgan holda loyihaning uchinchi yilida boshqa qarz oluvchilarni moliyalashtirish uchun foydalanilmagan mablag‘larni qayta taqsimlash huquqi beriladi;
- loyiha mablag‘lari hisobidan qarz oluvchilardan qaytariladigan mablag‘lar ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan revolver asosida qayta moliyalash to‘g‘risidagi bitimlar bo‘yicha resurslarni qaytarishni hisobga olgan holda, koronavirus pandemiyasi davrida zarar ko‘rgan kichik va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining investitsiya loyihalarini yanada moliyalashtirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar qoldig‘i doirasida yo‘naltiriladi.
Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
- loyihada ishtirok etayotgan tijorat banklari ijro etuvchi organlar bo‘lib, qayta moliyalashtirilgan YeIB kreditlardan maqsadli va samarali foydalanish uchun javob beradi;
- YeIBning kredit mablag‘ini qaytarish, shuningdek, foizlar va boshqa xarajatlarni to‘lash qayta moliyalashtirilgan krediti miqdorida loyihada ishtirok etayotgan tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi;
- Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi loyihani muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
Qaror loyihasi muhokamasi 9 dekabrga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish