Yevropa Ittifoqi qishloq xo‘jaligi jabhasi, xususan, agrar sektorda oziq-ovqat ishlab chiqarishni takomillashtirish uchun O‘zbekistonga 11 million yevro ajratdi.
Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu 2020 yil 1-choragidan buyon ajratilgan uchinchi moliyaviy ko‘mak sanaladi. Shu tariqa YeI tomonidan ajratilgan grant miqdori 32 million yevroga yetdi.
O‘tgan yili qishloq joylarda yashovchi ehtiyojmand toifaning yashash ko‘rsatkichini oshirish hamda soha bo‘yicha hukumat islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan grant ko‘magini ajratish jarayoni COVID-19 pandemiyasi sabab tezlashtirilgan edi.
Yangi loyiha YeI hamda unga a’zo davlatlar tomonidan fermerlar, agrokorxonalar hamda ilmiy doiralarga ko‘mak maqsadida amalga oshirilayotgan boshqa loyihalarning mantiqiy davomi sanaladi.
“Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik kabi sohalarda bandlikni ta’minlash imkoniyati yuqori. Bu nafaqat munosib ish o‘rinlari yaratish va xotin-qizlar hamda yoshlarning pul topishi uchun barqaror imkoniyatlarni paydo qilish jihatidan, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda mas’uliyatni his etadigan oziq-ovqat tizimini vujudga keltirish jihatidan ham muhimdir. YeI avvalgidek hukumatning iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda yashil va barqaror qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga intilmoqda”, – deydi YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrian xonim.
Sharlott Adrian xonim ayni chog‘da, agrar jabhada asosiy ishlab chiqaruvchilardan sanalgan kichik fermerlarning bozorga chiqishi hamda raqobat talablariga muvofiq faoliyat yuritishiga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagan.
Avvalroq O‘zbekistonga YeIning savdo sohasidagi preferensiyalar tizimidan (GSP+) kengaytarilgan tartibda foydalanish huquqi berilgan edi. Mazkur tizimdan to‘g‘ri va samarali foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar YeIga bojsiz eksport qilish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.
YeI tomonidan O‘zbekiston byudjetiga ajratilayotgan grant mamlakat hukumati bilan bitimga asoslanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan agrosanoat tizimini rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga, pirovardida esa moliya, byudjet tizimi boshqaruvida shaffoflikka erishishga, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga ko‘maklashishdan iboratdir.
Qayd etilishicha, YeI tomonidan dunyo miqyosida grant mablag‘lari ajratilishida demokratiyaning tamal qadriyatlari, qonun ustuvorligi va inson huquqlariga sadoqat va ehtirom inobatga olinadi.
Ta’kidlanishicha, YeI O‘zbekiston hukumati, xususan, qishloq xo‘jaligi va moliya vazirliklari, shuningdek, agrosanoat sektoridagi boshqa idoralar bilan strategik hamkorlikni qadrlaydi va kelgusida qishloq joylarda yashash darajasini oshirish, agrooziq-ovqat sektorida ekologik toza va «aqlli» loyihalarni amalga tatbiq etishga doir yangi tashabbuslarni taklif etadi.
Izoh qoldirish