Farg‘ona viloyatining birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha sanoat ko‘rsatkichlari

Farg‘ona viloyatining birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha sanoat ko‘rsatkichlari

Viloyatda 13918,1mlrd.so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 106,6%o‘sishni tashkil etgan.

Viloyat sanoati tarkibida tog‘-kon sanoatining hajmi -34,8 mlrd. so‘m, ishlab chiqaradigan sanoat – 12 970,8 mlrd. so‘m, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash - 803,4 mlrd. so‘m, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish hajmi 109,0 mlrd. so‘mni tashkil qilgan.

Viloyatda sanoat mahsulotlarining 54,6% viloyatning 3 ta hududi, jumladan, Farg‘ona (23,4%) va Qo‘qon shahri (18,1%) hamda Toshloq tumani (13,6%)ga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Farg‘ona shahri eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lib, ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi 3252,2 mlrd. so‘mni tashkil qilgan. Uchko‘prik tumani (6,9 % ), Quvasoy shahri (4,6 %), Qo‘shtepa tumani (4,5 %) va Marg‘ilon shahri (3,7 %)ning viloyat sanoat mahsulotlari hajmida ulushi o‘rtacha bo‘lsa, Furqat (1,9%), Buvayda (1,9 %) Rishton (1,8%), Yozyovon (0,5%) va Toshloq (0,3%) tumanlarida ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmi viloyatda past ulushni tashkil qilgan. Shu bilan birga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat mahsulotlari hajmining yuqori o‘sish sur’ati Oltiariq (24,2%), Buvayda (16,6 %) va Beshariq (16,5 %) tumanlarida kuzatilgan. So‘x tumani (0,3%) va Farg‘ona shahri (0,1%)da o‘sish sur’ati past ko‘rsatkichni tashkil qilgan.

Viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining asosiy qismi 35,9% - to‘qimachilik mahsulotlari (5001,1 mlrd.so‘m), 13,0%- oziq-ovqat mahsulotlari(1806,4 mlrd.so‘m), 10,5% - boshqa nometall mineral mahsulotlar ishlab chiqarish (1456,2 mlrd. so‘m) sanoatiga to‘g‘ri kelgan.

Viloyatda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 1076,7 ming so‘mni tashkil qilgan. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Qo‘qon shahri (2640,5 ming so‘m), Uchko‘prik (2556 ming so‘m) va Furqat tumanlari(1922,8 ming so‘m)da qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich esa Oltiariq (426 ming so‘m), O‘zbekiston (263,2 ming so‘m) va Farg‘ona tumanlari (197,1 ming so‘m)da qayd etilgan. Eng yuqori ko‘rsatgich qayd qilingan Qo‘qon shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlarining hajmi Farg‘ona tumaniga nisbatan 13,4 baravar ziyod bo‘lgan.

Aholi jon boshiga ishlab chiqarilgan sanoat mahsuloti

Viloyatda 4214,1mlrd so‘mlik iste’mol tovarlari ishlab chiqarilgan. Jumladan, iste’mol mollari tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari-1575,8mlrd so‘m, nooziq-ovqat mahsulotlari 2612,3mlrd so‘m va spirtli ichimliklar-26,1mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Tuman(shahar) lar kesimida iste’mol mollari hajmi

Tahlil qilingan davrda, hududlar bo‘yicha ishlab chiqarilgan iste’mol mollari hajmi o‘rtasidagi farq sezilarli darajada bo‘lgan. Jumladan, tuman (shahar)lar kesimida ishlab chiqarilgan iste’mol mollari Beshariq (74%) Oltiariq (44,4%), Buvayda (32,4%), Furqat (25,1%) va Qo‘shtepa (24,2%) tumanlarida o‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan.

Qo‘qon (0,4%) va Quvasoy shahri (0,3 %) hamda Bag‘dod (0,1%) tumanida esa past o‘sish qayd etilgan. Iste’mol mollari hajmi bo‘yicha eng katta ulushlar Qo‘qon shahri (16,3%), Uchko‘prik tumani (14,5%) va Farg‘ona shahri (13,1%)ga to‘g‘ri kelgan. Yozyovon (1,3%), Farg‘ona (1%) va So‘x tumanlari (0,8% esa iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmida eng kam ulush ega bo‘lgan tumanlar hisoblanadi.

Eng yuqori ko‘rsatkichni tashkil qilgan Qo‘qon shahrida ishlab chiqarilgan iste’mol mollari hajmi (688,7 mlrd so‘m) So‘x tumaniga (35,4 mlrd so‘m) nisbatan 19,5 baravar ziyod bo‘lgan.

Nurdinova Shoiraxon, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Namangan filiali bosh ilmiy xodimi
Sayfiddinov Samandar, NamDU 2-kurs talabasi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar