Farg‘onada 12 ta elektromobil test rejimida ishlab chiqariladi

Farg‘onada 12 ta elektromobil test rejimida ishlab chiqariladi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida elektromobillar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirayotgan «Central Asia Motors» korxonasida bo‘lib, korxonani ishga tushirish bilan bog‘liq jarayonlar bilan tanishdi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Farg‘ona mexanika zavodi hududida joylashgan ushbu korxonada umumiy qiymati 50 mln dollar bo‘lgan «Elektromobillar uchun ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish hamda yengil va yuk elektromobillar ishlab chiqarish» loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ushbu mablag‘ning 5 mln dollari tadbirkorning o‘z mablag‘lari, yana 5 mln dollari bank krediti, qolgan 40 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisoblanadi. Loyiha hujjatlarida xorijiy investor sifatida Xitoyning «Great Wall Ceramic Industries» kompaniyasi ko‘rsatilgan.

Bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan va 2022 yilda yakunlanadigan loyiha natijasida 350 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. To‘la quvvati bilan ishga tushgach, korxonada yiliga 10 ming elektromobil ishlab chiqarilishi mumkin.

Ishlab chiqarilgan mahsulotning 40 foizi eksport qilinadi.

“Dekabr oyida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida yangi korxona konveyerlaridan chiqadi. Dastlabki bosqichda gibrid quvvatli (tok va benzin) elektromobillar ishlab chiqarilib, bunda elektr quvvati 20 foizdan kamayganda benzin dvigateli ishga tushadi hamda benzin bilan ishlash jarayonida elektromobil batareyasi quvvat oladi.

Hozirda elektromobillarni yig‘ish va test uskunalaridan o‘tkazish sexi hamda elektroforez va bo‘yash sexi ishlab chiqarish jarayonlariga tayyor bo‘lib, elektromobillarning kuzov qismini payvandlash uchun sex tashkil etishga qo‘shimcha ishlab chiqarish maydoniga ehtiyoj borligi masalasi viloyat hokimiga bildirildi”, deyiladi xabarda.

Viloyat rahbari, mexanika zavodi hududidagi bo‘sh turgan maydonlardan ushbu investitsion loyihani yakunlash uchun belgilangan tartibda joy ajratib berish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq berdi.

O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha avval ham bir-nechta loyihalar taqdim qilingan edi. Jumladan, iyun oyida Andijondagi Asaka zavodida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan edi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar