Farg‘onalik yoshlarining 10 ta startap loyihalari uchun 50 ming AQSh dollari ajratildi

Farg‘onalik yoshlarining 10 ta startap loyihalari uchun 50 ming AQSh dollari ajratildi

Andijon shahridagi Digital City texnoparkida O‘zbekiston yoshlar ishlari agentligi va BMTning "Farg‘ona vodiysi yoshlarining ijtimoiy uyg‘unligi" qo‘shma dasturi doirasida tashkil etilgan JustStart startap akseleratorining “Demo Day” (loyihalarning qisqa taqdimotlarini namoyish etish) kuni bo‘lib o‘tdi. Unda 4 oylik akseleratsiya dasturida ishtirok etgan yoshlarning startap loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbirni BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili, Matilda Dimovska hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Farruh Omonov ochib berdilar.

Ushbu dastur Farg‘ona vodiysidagi 16 dan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh yigit va qizlarning o‘z bizneslarini boshlashlari va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishlarida nazariy va amaliy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan. O‘tkazilgan onlayn ta’lim va treninglar orqali qatnashchilarga axborot texnologiyalari (IT), fan, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, xotin-qizlar tadbirkorligi sohasida innovatsion loyihalarni tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatildi.

To‘rt oy davom etgan JustStart dasturida ishtirokchilar kichik biznes bozorini o‘rganishdi, marketing va strategik rejalashtirish asoslari bo‘yicha bilim olishdi, moliyaviy va huquqiy savodxonlik va ko‘nikmalarini oshirishdi. Biznes g‘oyani startap loyihaga aylantirish jarayonida Lean Startup, Speed ​​Mentoring, Mock Sales nima ekanligini bilib olib, tashabbus asosida loyihani ishlab chiqish va prototip - minimal hayotiy mahsulot (MVP) bo‘yicha tajriba orttirdilar. Bunda ularga buxgalteriya hisobi va audit, soliq bo‘yicha maslahatlar, moliyaviy tahlil, xalqaro va tijorat huquqi, iste’molchilar bilan ishlash, startap tashabbuslarni ishlab chiqish va g‘oyalarni shakllantirish usullari bo‘yicha xalqaro tajribaga ega murabbiylar tomonidan onlayn mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Qo‘shimcha ravishda Art (badiiy) terapiya, hamda yetakchilik (liderlik) ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan motivatsion darslar tashkil etildi.

Bundan tashqari, akseleratsiya dasturi doirasida ishtirokchilar onlayn ravishda ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurish, mamlakatimizning taniqli tadbirkorlari va mutaxassislaridan boshlang‘ich loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha amaliy maslahatlar olish va o‘zlarini qiziqtirgan mavzular bo‘yicha suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Akseleratsiya dasturida qatnashish uchun yuborilgan 268 ta arizadan 85 tasi Andijon viloyati yoshlaridan, 117 tasi Farg‘ona viloyatidan va 66 tasi Namangan viloyati yoshlaridan kelib tushgan. Yakuniy bosqichgacha yetib kelgan 83 ishtirokchining 23 nafarini qizlar tashkil etadi. Eng muvaffaqiyatli 32 jamoa final bosqichida qatnashish va o‘z loyihalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Taklif etilgan ekspertlarning baholashlari natijalariga ko‘ra, g‘oyaning dolzarbligi, biznesni ommalashtirish imkoniyatlari nuqtai nazaridan 10 ta eng yaxshi loyiha aniqlandi. Quyidagi loyihalar eng yaxshi deb topildi:

“MyDentist”

Bemorlarga kerakli stomatologni oson izlab topishga yordam beruvchi dastur.

“FSCH silk road”

B2B segment online market.

“Onlayn tashxis”

Avtomatlashtirilgan onlayn tashxis.

“My Truck”

Meva va sabzavotlar savdosi va logistikasini raqamlashtirish.

“Wall Print”

Lazer apparati yordamida devor, oyna, plastik, yog‘och va bir qancha yuzalarga istalgan rasm, yozuvlarni 2D va 3D formatda chizish g‘oyasi.

“iTutor”

O‘qituvchi va o‘quvchilarni bog‘laydigan platforma va onlayn sinfxona.

“Nilufar fashion school”

Dizaynerlik kurslarini tashkillashtirish: tikish-bichish usullarini yangicha va oson oʻrgatish. Tayyor andozalarni sotish.

“Educator.uz”

Har qanday o‘qituvchi o‘z kursini pulli va bepul shaklda tarqatishi va shu orqali daromad topishi mumkin bo‘lgan online platforma.

“Telework”

Markaziy Osiyo frilanserlari uchun eng qulay savdo maydonchasidan tashkil topgan platforma.

“Yashil Hayot”

Chorva mollariga undirilgan bug‘doydan ozuqa yetishtirish va bug‘doy maysasidan tabiiy sharbat olish g‘oyasi.

Tanlov natijasida Andijon viloyatidan 6 ta, Farg‘ona viloyatidan 2 ta va Namangan viloyatidan 2 ta startap loyihalar g‘olib deb e’lon qilindi.

Yuqorida keltirilgan 10 ta g‘oya mualliflari va jamoalariga o‘z startaplarini amalga oshirishlari uchun BMTning qo‘shma dasturi doirasida har biri 5000 AQSh dollarigacha bo‘lgan beg‘araz grantlar taqdim etildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar