“Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–32-son, 09.12.2021 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, tuman (shahar) markazlariga yaqin va uy-joyga talab yuqori bo‘lgan hududlarda jami 29 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari quriladi.
Mazkur massivlarda 619 ta uy-joy (21 ming 312 xonadon), 18 ta maktab, 24 ta bog‘cha, 15 ta tibbiyot muassasasi barpo etiladi.
Bunda:
● ko‘p qavatli uy-joylarning qurilish osti yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida sotiladi;
● uy-joylarga tutash yer uchastkalari mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi;
● massivlarda tashkil etiladigan ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini qurish uchun yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion orqali mulk va ijara huquqlari asosida realizatsiya qilinadi;
● elektron onlayn-auksionda g‘olib deb topilgan tadbirkorlar ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi uchun “SSS” va undan yuqori reytingga ega qurilish tashkilotlarini jalb qilishi mumkin.
Farmonga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan past rentabelli 489 gektar yer maydonlari “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish uchun aholi punktlarining yerlari hamda sanoat maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.
2023 yil 1 yanvargacha toifasi o‘zgarayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydonining 5 baravari miqdorida yangi yerlar o‘zlashtiriladi.
Farmonga ko‘ra, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarning bo‘sh turgan yer uchastkalarida ham uy-joylarni qurish davom ettiriladi.
Izoh qoldirish