Ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan istiqboldagi rejalar tasdiqlandi

Ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan istiqboldagi rejalar tasdiqlandi

Mamlakatimiz Prezidentining 2024 yil noyabr oyidagi Oliy Majlis palatalari majlislarida so‘zlagan nutqlaridan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va ularning faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda ilmiy-tadqiqot muassasalari, tahlil markazlari bilan hamkorlikni olib borish tashabbusi ilgari surilgan edi.

Xususan, joriy yilning 18 mart kuni Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq ilmiy tadqiqotlar instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, istiqboldagi rejalar tasdiqlandi.

Hamkorlik memorondumiga bag‘ishlangan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Bojxona instituti, Byudjet-soliq ilmiy tadqiqotlar instituti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining mutaxassislari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Yuqoridagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari bilan memorandum imzolashning asosiy maqsadi ushbu sohalarda qonunchilikni takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, mamlakat taraqqiyotiga qaratilgan strategiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘mita faoliyatiga ilmiy-tadqiqot tashkilotlarini faol jalb etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Hamkorlik doirasida bir nechta yo‘nalishlar belgilab olindi. Jumladan, qonun loyihalarini ishlab chiqishda, nazorat-tahlil tadbirlarini o‘tkazish, qonun loyihalarini tartibga solish ta’sirini baholash jarayonida takliflar almashish, qo‘mita tegishli ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, tahlil markazlari yuborgan takliflarni muntazam o‘rganib, tahlil qilib borishi, qonun ijodkorligi sohasida xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish va ilg‘or xorijiy tajribani milliy qonunchilikga implementatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash hamda qo‘mitaga taqdim etish kabi muhim masalalarda hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi. Shu bilan birga o‘zaro manfaatli dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikda konferensiya, seminar-trening, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish muhim ahamiyatga ega ekanligi ham ta’kidlab o‘tildi.

Yig‘ilish davomida Qonunchilik palatasi deputatlari va yig‘ilish ishtirokchilari fikr mulohazalarini hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishdi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar