Ko‘p mezonli kambag‘allik indeksi mamlakat ichidagi o‘zgarishlar barometri bo‘lib xizmat qiladi (+video)

Ko‘p mezonli kambag‘allik indeksi mamlakat ichidagi o‘zgarishlar barometri bo‘lib xizmat qiladi (+video)

2023 yil 20 sentyabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida BMT Bosh Assambleyasi doirasida “O‘zaro bog‘liq BRMlarga erishish uchun ko‘p mezonli kambag‘allik indeksidan samarali foydalanish” mavzusida yuqori darajadagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir ko‘p mezonli kambag‘allikka qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik tarmog‘i (MPPN) va Kambag‘alllikka qarshi kurash va inson taraqqiyoti bo‘yicha Oksford tashabbusi (OPHI) tomonidan tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad kambag‘allik masalasini munozaralar mavzusiga aylantirish, shuningdek, kambag‘allikda yashayotgan insonlarga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadigan va butun jamiyat farovonligiga ko‘maklashuvchi barqaror yechimlarni ishlab chiqish uchun harakat va hamkorlikni rag‘batlantirishdan iborat bo‘ldi.

Yuqori darajadagi tadbirda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) direktori Obid Hakimov ham ma’ruza qildi.

Markaz rahbari o‘z nutqida so‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati mamlakat ichidagi kambag‘allik muammosini hal qilishda sezilarli yutuqlarga erishganini ta’kidlab o‘tdi. O‘zbekiston aholisi 36 mln.dan ortiq va aholi daromadi darajasi o‘rtadan quyi bo‘lgan davlatdir. 2022 yilda aholining taxminan 14 foizi yoki 5,4 mln.ga yaqin kishi kambag‘allikda yashagan.

Kambag‘allik muammosini hal qilish bo‘yicha yechimlar 2030 yilgacha kambag‘allikni 7 foizga qisqartirishni ko‘zda tutuvchi “O‘zbekiston 2030” Strategiyasini qabul qilishni ham o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, tasdiqlangan Ijtimoiy himoya strategiyasida barcha fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning minimal darajasini ta’minlaydigan tizim yaratish rejalari belgilab berilgan.

Bunga ijtimoiy yordamning qamrovini kengaytirish va manzilliligini takomillashtirish orqali erishiladi. Bugungi kunda barcha ijtimoiy himoya mexanizmlari yaqinda tashkil etilgan Milliy ijtimoiy himoya agentligi doirasida BMTTD va YuNISEF ko‘rsatmalariga muvofiq birlashtirilgan, – dedi O.Xakimov.

Bundan tashqari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan, hamma joyda kambag‘allikning barcha ko‘rinishlarida barham berishga qaratilgan 1-maqsadga erishish yo‘lidagi taraqqiyotni jadallashtirish uchun O‘zbekiston hukumati ko‘p qirrali kambag‘allik muammosini tan oldi va uni hal qilishni yuqori ustuvor vazifa darajasiga ko‘tardi. Masalan, milliy kambag‘allik chegarasi eng kam iste’mol xarajatlariga asoslanadi.

Ma’ruza davomida ayni paytda O‘zbekiston BMTTD, YuNISEF, Innocenti UNICEF va Oksfordning Kambag‘allikka qarshi kurashish va inson taraqqiyoti tashabbusi bilan hamkorlikda ko‘p mezonli kambag‘allik indeksini (MPI) ishlab chiqish bo‘yicha pilot loyihani boshlab yuborgani qayd etildi. Bu ish O‘zbekiston sharoitida kambag‘allik, shu jumladan, bolalar kambag‘alligi ko‘lami va chuqurligini har tomonlama tahlil qilishga qaratilgan.

Markaz direktori tadbir ishtirokchilariga tadqiqot ikki bosqichdan iboratligini ma’lum qildi: birinchi so‘rov 2022 yilda 1500 ta uy xo‘jaligi o‘rtasida o‘tkazilgan, uning yakuni bo‘yicha ko‘p o‘lchovli kambag‘allik ta’rifi ishlab chiqilgan.

2023 yilda 4515 ta xonadondan ma’lumotlar yig‘ilib, asosiy e’tibor aholi farovonligiga ta’sir etuvchi turli ijtimoiy-iqtisodiy omillarga qaratildi.

Bu omillar ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, turmush darajasi, axborotdan foydalanish imkoniyati, ovqatlanish va hokazolarni o‘z ichiga oladi. Barcha savollar O‘zbekistonning o‘ziga xos kontekstiga puxta moslashtirilgan bo‘lib, bu bizga mamlakatdagi deprivatsiyaning o‘ziga xos jihatlarini to‘g‘ri aks ettiruvchi ko‘rsatkichni ishlab chiqish imkonini berdi”, — ta’kidladi O.Xakimov.

Ko‘p mezonli kambag‘allik ko‘rsatkichlari haqida gapira turib, MPI farovonlikning 3 o‘lchov bo‘yicha guruhlangan 13 ko‘rsatkichni o‘z ichiga olganligi ta’kidlandi:

  • moddiy-texnika bazasi va turmush sharoiti
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy kapital
  • moliyaviy xizmatlardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar va bandlik.

MPI tadqiqotining dastlabki natijalari bizga mamlakatimizdagi kambag‘allik haqida to‘liq tasavvur beradi. Bu muammoni hal etish uchun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakat yalpi ichki mahsulotini ikki barobarga oshirish, kambag‘allik xavfi ostidagi 4,5 mln aholining daromadlarini ko‘paytirish kabi asosiy maqsadlar belgilab berilgan”, – dedi O.Xakimov.

Ma’ruza doirasida Strategiyada ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq ijtimoiy majburiyatlar, jumladan, maktabgacha ta’limni kengaytirish va yoshlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish darajasini kamida 50 foizga oshirishga alohida e’tibor qaratilgani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirishni ikki baravar oshirish va sog‘liqni saqlash muassasalarini 100 foiz raqamlashtirishga erishish orqali sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

O.Xakimov o‘z ma’ruzasi yakunida Strategiya barchaga, jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni barqaror va samarali ish bilan ta’minlash imkoniyatini yaratish orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariini to‘liq qamrab olish va ishsizlik darajasini 7 foizgacha kamaytirishga qaratilganligini alohida ta’kidladi.

Shunday qilib, MPI kelgusi 7 yil ichida mamlakat ichidagi real o‘zgarishlarning barometri bo‘lib xizmat qiladi.

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar