Viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan.
Hozirgi vaqtda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning istiqbolli va jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. U bilan bog‘liq faoliyat doirasi juda keng bo‘lib, savdo, transport, aloqa va axborotlashtirishdan moliyalashtirish, sug‘urta, ta’lim va sog‘liqni saqlash, shuningdek, vositachilikning keng doirasini qamrab oladi.
Aholining har xil turdagi xizmatlarga bo‘lgan talabining muttasil oshib borayotgani va tegishli infratuzilmani (ijtimoiy, transport-kommunikatsiya, savdo va boshqalar) rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar xizmat ko‘rsatish sohasining barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirishni ta’minladi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-mart oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 662,8 mlrd. so‘mga oshib, 3 392,0 mlrd. so‘mga yetdi.
Taqqoslama ekvivalentda 2021 yilning yanvar-mart oylariga (107,6 %) nisbatan o‘sish sur’ati 115,9%ni tashkil etdi.
2022 yil yanvar-mart oylarida yuqori o‘sish moliya sohasidagi xizmatlarda (39,3%), boshqa xizmatlarda (19,3%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlarida (17,1%), sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlarida (14,4%), shuningdek, savdo xizmatlarida (14,2%) qayd etildi. Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmining biroz o‘sishi ijara xizmatlarida (101,7%) qayd etildi.
2022 yil yanvar-mart oylarida ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 175,3 mlrd. so‘mni yoki ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmining 5,2%ini tashkil etdi. 2021 yil yanvar-martga nisbatan o‘sish sur’ati 103,1%ni tashkil etgan. Taqqoslash uchun: 2021 yil yanvar-martda xizmatlar hajmi 152,6 mlrd. so‘mni tashkil etdi. 2020 yilga nisbatan esa 17,3%ga o‘sish qayd etilgan.
2022- yilning yanvar-mart oylarida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 66,2 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Xizmatlarning umumiy hajmida ularning ulushi 1,9%ni tashkil etdi. 2021 yilning yanvar-martiga nisbatan o‘sish sur’ati 114,4%ni tashkil etgan. Taqqoslash uchun: 2021 yil yanvar-martda ushbu xizmatlar hajmi 52,1 mlrd. so‘mni yoki ularning umumiy hajmining 1,9%ini tashkil etgan.
2022 yilning yanvar-mart oylarida aholi jon boshiga ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 1 713,2 ming so‘mga yetdi. 2021 yilning yanvar-fevral oylariga nisbatan o‘sish sur’ati 114,2%ni tashkil etdi.
Aholi jon boshiga ko‘rsatiladigan bozor xizmatlari hajmining o‘sishi har oyda kuzatilmoqda. 2022 yilning yanvar-mart oyi uchun ushbu ko‘rsatkich hududlar bo‘yicha Buxoro shahrida 4 563,6 ming so‘mdan Shofirkon tumanida 767,4 ming so‘mgachani tashkil etdi.
Xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar tarkibida, savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlar yuqori ulushni egallaydi (43,8 %).
Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlarning ulushi 11,9%ni tashkil etdi.
Xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar tarkibida tashish va saqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarning ulushi 9,2%ga yetdi.
Sog‘liqni saqlash, shuningdek, ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning ulushi 3,9%ni tashkil etdi.
Axborot va aloqa faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarning jami xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar tarkibidagi ulushi 1,7%ga teng bo‘ldi.
2022 yil yanvar-mart oylarida kichik tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 2 123,1 mlrd. so‘mga teng bo‘lib, ishlab chiqarilgan bozor xizmatlarining umumiy hajmida ularning ulushi 62,6%ni tashkil etdi.
Izoh qoldirish