Navoiy viloyatda xizmatlar sohasini rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan ishlab chiqilgan.
Hozirgi vaqtda xizmat ko‘rsatish sohasi iqtisodiyotning istiqbolli va jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. U bilan bog‘liq faoliyat doirasi juda keng bo‘lib, savdo, transport, aloqa va axborotlashtirish, moliyalashtirish, sug‘urta, ta’lim va sog‘liqni saqlash, shuningdek, turli xil vositachilikka qadar xizmatlardan iboratdir.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-mart oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 349,7 mlrd. so‘mga oshib, 1 940,4 mlrd. so‘mga yetdi.
Taqqoslama ekvivalentda 2021 yilning yanvar-mart oylariga (107,4%) nisbatan o‘sish sur’ati 114,1%ni tashkil etdi.
2021 yil mart oyiga nisbatan (558,1 mlrd. so‘m) 2022 yil mart (diskret oy)da bozor xizmatlari ko‘rsatish hajmi 109,1 mlrd. so‘mga oshdi (667,2 mlrd. so‘m). Taqqoslash uchun: 2020 yilning mart oyiga nisbatan 2021 yilning mart oyida xizmatlar hajmi 84,9 mlrd. so‘mga oshgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ko‘rsatilgan bozor xizmatlari tarkibida eng katta ulushni savdo xizmatlari egallaydi. 2022 yil yanvar-mart oylarida bu xizmatlarning ulushi 32,2%ni tashkil etdi. Shu bilan birga, yuqori ko‘rsatkichlar moliyaviy xizmatlar (22,2%), transport (15,0%), me’morchilik sohasidagi xizmatlar (5,3%), yashash va ovqatlanish (4,5%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (4,2%), shuningdek, ta’lim sohasidagi xizmatlarda (2,8%) qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmida biroz o‘sish qayd etilib, ularning ulushi 1,3%ga yetdi. Taqqoslash uchun: 2021 yilning yanvar-mart oylarida savdo xizmatlari umumiy hajmning 32,1%ini tashkil etgan. 2021 yilning shu davrida sog‘liqni saqlash bo‘yicha xizmatlarning ulushi ham eng kichik ko‘rsatkichga ega bo‘lgan – 1,3%.
2022 yil yanvar-mart oylarida yuqori o‘sish me’morchilik sohasidagi xizmatlarda (54,6%), ijara xizmatlari (50,0%), moliya xizmatlarida (21,6%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlarda (16,7%), shuningdek, yashash va ovqatlanish xizmatlarida (15,4%) qayd etildi. Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmining biroz o‘sishi ta’lim sohasidagi xizmatlarda (8,0%) qayd etildi.
2022 yil yanvar-mart oylarida ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 54,7 mlrd. so‘mni yoki ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmining 2,8%ini tashkil etdi. 2021 yil yanvar-mart oylariga nisbatan o‘sish sur’ati 82,0%ni tashkil etgan. Taqqoslash uchun: 2021 yil yanvar-mart oylarida xizmatlar hajmi 60,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi. 2020 yilga nisbatan esa 17,6%ga o‘sish qayd etilgan.
2022 yilning yanvar-mart oylarida sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 25,2 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Xizmatlarning umumiy hajmida ularning ulushi 1,3%ni tashkil etdi. 2021 yilning yanvar-mart oylariga nisbatan o‘sish sur’ati 112,4%ni tashkil etgan. Taqqoslash uchun: 2021 yil yanvar-mart oylarida ushbu xizmatlar hajmi 20,6 mlrd. so‘mni yoki jami xizmatlar umumiy hajmining 1,3%ini tashkil etgan.
Aholi jon boshiga ko‘rsatiladigan bozor xizmatlari hajmining o‘sishi har oyda kuzatilmoqda. 2022 yilning yanvar-mart oylari uchun ushbu ko‘rsatkich hududlar bo‘yicha Navoiy shahrida 4 819,7 ming so‘mdan G‘ozg‘on shahrida 628,8 ming so‘mgachani tashkil etdi.
Xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar tarkibida, savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlar yuqori ulushni egallaydi (53,0 %).
Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi korxona va tashkilotlarning ulushi 9,5%ni tashkil etdi.
Xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar tarkibida tashish va saqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarning ulushi 4,9%ga yetdi.
Axborot va aloqa faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarning jami xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar tarkibidagi ulushi 1,7%ga teng bo‘ldi.
Sog‘liqni saqlash, shuningdek, ijtimoiy xizmatlar sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlarning ulushi 2,3%ni tashkil etdi.
Izoh qoldirish