Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi "yashil" energiya sohasidagi yangi yirik quvvatlar haqida infografika tayyorladi.
Davlatimiz rahbari Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida jami 2,4 gigavattlik quyosh va shamol elektr stansiyalarini foydalanishga topshirish va tarmoqqa ulash ishlariga start berdi
O‘zbekiston Prezidentni “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Al-Ramahiy bilan birgalikda Sherobod, G‘allaorol, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida quyosh va Tomdi tumanida shamol elektr stansiyalarini ishga tushirdi
Bundan besh yil muqaddam mamlakatimiz o‘z oldiga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha juda katta maqsad va vazifalarni qo‘yib, amaliy ishlarni boshlab yuborgan edi. Jumladan, bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish va yangilarini qabul qilish orqali energetika tarmog‘ida bozor tamoyillariga asoslangan mustahkam qonunchilik bazasi yaratildi. Shuningdek, sohada xususiy sektor va yetakchi xorijiy kompaniyalar kirib kelishi uchun qulay imkoniyatlar yaratildi.
Mamlakatimizda Energetika vazirligi, shuningdek, har bir alohida yo‘nalishga mas’ul va javobgar bo‘lgan tarkibiy tuzilmalar tashkil etildi. Ikki yil davomida quyosh, shamol va gidroenergetikani rivojlantirish imkoniyatlari o‘rganildi. Natijada chet ellek investorlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishi va ishonchi keskin oshdi.
Yangi "yashil" imkoniyatlar
O‘zbekistonda ilk bor 100% to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investorlar hisobidan Karmana va Nurobod tumanlarida 2 ta quyosh stansiyalari ishga tushirilib, shu jumladan 1 mlrd kilo-vatt/soat “yashil” elektr ishlab chiqarildi.
“Yashil” energetika rivojiga bu qadar katta e’tibor qaratilishining sababi, 2030 yilga borib mamlakatimizda sanoat hajmini ikki karra oshirishni, metallurgiya, neft-kimyo va mashinasozlik kabi sohalarni sifat jihatidan mutlaqo yangi darajaga ko‘tarish maqsad qilib qo‘yilgan.
Butun dunyoda “yashil” energiyadan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga alohida ustunlik berilmoqda. “Yashil energiya” sertifikati keng joriy qilinmoqda.
“Yashil” energiya sohasidagi ellikka yaqin loyihalar esa qo‘shimcha 500 mln dollarlik kabel bozorini yaratadi. O‘zbekiston 2030 yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 giga-vattga yetkazish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettiradi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va DXSh
Davlat xususiy sherikligi asosida umumiy qiymati 2 mlrd dollarlik loyihalar hisobiga 6 mlrd kilovatt/soat elektr ishlab chiqarilib, 2 mlrd kub tabiiy gaz tejaladi.
Shuningdek, 2 mln.dan ortiq xonadon uzluksiz va kafolatli elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Sanoat va xizmatlar sohasida 4 mlrd dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratiladi.
Sohaning har tomonlama rag‘batlantirish maqsadida quyosh panellari o‘rnatishga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilib, ishlab chiqarilgan elektrni kafolatli sotib olish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilning o‘zida yurtimizda 50 ming xonadon va tadbirkorlar tomonidan quyosh panellari o‘rnatildi.
Xorijiy investorlar bilan hamkorlik
O‘zbekistonning keng qamrovli hamkori bo‘lgan BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida 3 ta quyosh stansiyalarining birinchi bosqichi barpo etildi. Shuningdek, ushbu nufuzli kompaniya Tomdi tumanida ilk bor zamonaviy shamol stansiyasini quryapti. Bugun, 27 dekabr kuni uning 100 mega-vatti ishga tushirildi.
Mashhur “Gejoba” kompaniyasi bilan esa Buxoro va Qashqadaryodagi quyosh stansiyalarining dastlabki 400 mega-vatti generatsiya qilishni boshlaydi. Xitoy ishtirokidagi loyihalar ilgari tajribada kuzatilmagan juda qisqa fursatda – 9 oylik muddatda ishga tushirildi. O‘zbekiston “Gold-vind”, “Jolli-vud”, “Lon-ji” kabi kompaniyalar bilan samarali ishlar olib bordi.
Kafolatli va barqaror energiya
Kelgusi 6 yilda mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab hozirgi 83 mlrd.dan 120 mlrd kilo-vatt soatga o‘sishi kutilmoqda. Bu birinchi galda, qayta tiklanadigan energiya hisobidan qoplanadi. Hozir yurtimizda 9 giga-vattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ustida jadal ishlar olib borilmoqda.
Kelgusi 5 yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator, 100 dan ortiq podstansiyalar to‘liq yangilanadi. Shuningdek, 10 ming kilometr yuqori kuchlanishli yangi magistral tarmoqlari barpo etiladi.
Mamlakatimizda 7 mln.dan ortiq uy-joylar borligini hisobga olsak, bu investorlar uchun katta bozor yaratadi.
Bugungi loyihalar doirasida 100 mln. dollarlik elektr jihozlari va qurilish materiallari mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Hozirda yurtimizda 4 ta korxona quyosh panellari, yana 2 ta korxona metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni boshladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish