O‘zbekiston energetika transformatsiyasi: bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish

O‘zbekiston energetika transformatsiyasi: bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish

2017 yildan 2024 yilgacha bo‘lgan davrda elektr energiya sohasining normativ-huquqiy bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi, jumladan, 8 ta qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining 90 tadan ortiq hujjatlari qabul qilindi.

2016-2024 yillarda mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 38%ga oshib, 2016 yildagi 59 mlrd kVt/soatdan 2024 yilda 81,5 milliard kVt/soatga yetdi.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 18%ga oshib, 2200 kVt/soatga yetdi. Oxirgi yetti yilda o‘tgan 25 yildagi energiya hajmidan 3 barobar ko‘p –11 ming MVt yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi.

Iqtisodiyotning jadal sur’atlarda o‘sib borayotganiga qaramay, mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulot yoki xizmat uchun kamroq energiya sarflashga erishildi. Xususan, 2017 yildan 2024 yilgacha mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 55%ga oshgan bo‘lsa, ushbu davrda bir birlik ishlab chiqarish uchun energiya sarfi 7,4%ga kamaydi. Boshqacha aytganda, iqtisodiyot kamroq energiya xarajatlari bilan ishlay boshladi – sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi resurslardan yanada oqilona foydalanishga o‘tdi.

Bunday dinamika iqtisodiyotning yanada samarali ishlayotganini ko‘rsatmoqda, ya’ni har bir qo‘shilgan qiymat uchun kamroq energiya sarflab, ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishga erishilib, bir million so‘m YaIM uchun elektr energiya sarfi 56,8 kVt/soatga tushdi.

Shuningdek, 54,8 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari va 17,2 mingta transformator stansiyalari modernizatsiya qilindi. Natijada, mamlakatimiz bo‘yicha 8 mingdan ortiq mahallaning elektr ta’minoti yaxshilandi. Taqqoslash uchun, 1991 yildan 2016 yilgacha atigi 9,3 ming km elektr uzatish tarmoqlari va 4,8 mingta transformator yangilangan.

Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2024 yil yakuniga qadar O‘zbekistonning 10 ta viloyatda umumiy quvvati 4,1 ming MVt bo‘lgan 14 ta quyosh va 3 ta shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. 2024 yilda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasi hajmi 4,9 milliard kVt/soatni tashkil etdi.

Tariflarni erkinlashtirish orqali energiya resurslardan oqilona foydalanish va samaradorligini oshirish

O‘sib borayotgan talabni hisobga olgan holda barqaror bozor mexanizmlarini yaratish va investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan tariflarning erkinlashtirilishi energetika sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarning davomi bo‘ldi.

Shu munosabat bilan, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy iste’mol normasiga asoslangan yangi tarif siyosatining uy xo‘jaliklarining energiya iste’moliga ta’sirini baholash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazildi.

Tadqiqotda respublikaning barcha hududlaridan 3516 ta uy xo‘jaliklari ishtirok etdi. Shuningdek, 3,5 million tabiiy gaz va 8 million elektr energiyasi abonentlarining iste’mol ma’lumotlari tahlil qilindi. Bu esa, energiya iste’moli tarkibi va tariflar o‘zgarishiga aholining munosabatini tushunish imkonini beradi.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, 2024 yil may oyida joriy etilgan ijtimoiy normaga asoslangan yangi tariflar natijasida aholining energiya iste’molida iqtisod qilish sezilarli o‘zgargan. Xususan, may-dekabr oylarida elektr energiyasi iste’moli 2023 yilning mos davriga nisbatan 1,3 mlrd kVt*soatga (-10,6%) qisqargan.

Ilgari oyiga 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilgan uy xo‘jaliklari soni ayniqsa sezilarli darajada kamaydi. Xususan, 2023 yilda bunday uy xo‘jaliklarining soni 80 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bunday iste’molchilar soni 15 mingtaga tushgan.

E’tiborli tomoni, aksariyat aholi odatdagi me’yorlar doirasida energiya iste’molidan foydalanishni davom ettirdi. Oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan abonentlar ulushi 2023 yilda 71%ni va 2024 yilda 72%ni tashkil etib, barqarorligicha qoldi.

Tabiiy gaz iste’molida ham shunday tendensiya kuzatildi, 2024 yilda abonentlarning 58%i 500 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatgan bo‘lsa, 2023 yilda 54%ni tashkil etgan. Shunday qilib, tariflarning oshishi asosiy iste’mol hajmining keskin o‘zgarishiga olib kelmadi.

Elektr energiya iste’molida eng sezilarli pasayish dastlabki iste’moli nisbatan yuqori bo‘lgan hududlarda, masalan, Samarqand, Toshkent, Andijon va Namangan viloyatlarida kuzatildi. Yuqori iste’mol darajasi (oyiga 10 000 kVt/soatdan ortiq) bo‘lgan uy xo‘jaliklari sonining sezilarli darajada kamayishi energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga o‘tishdan dalolat beradi.

Shu bilan bir qatorda energiya ta’minoti sifati ham yaxshilanmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning deyarli yarmi elektr energiyasi bilan ta’minlash, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash borasidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi.

Uy xo‘jaliklarining 47%, xususan, Surxondaryo (78%), Sirdaryo (70%) va Namangan (67%) viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilangani qayd etildi.

Respondentlarning 39%ida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi, eng yuqori ko‘rsatkichlar Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida (har biri 68%) hamda Jizzax viloyatida (60%) qayd etildi.

Aholining 45%ini, xususan, Sirdaryo (73%), Surxondaryo (62%) va Namangan (59%) viloyatlarida suyultirilgan gaz bilan ta’minlash yaxshilandi. Shunday qilib, davom etayotgan islohotlar natijasida asosiy energiya xizmatlaridan foydalanish yaxshilanganligini ko‘rsatadi.

Ijobiy o‘zgarishlardan yana biri uy xo‘jaliklarida maishiy darajada energiya tejash choralarini keng joriy etish bo‘ldi. Respondentlarning 90%dan ortig‘i energiya xarajatlarini kamaytirish uchun kamida bitta chora-tadbir amalga oshirilganligini ma’lum qildi.

Eng keng tarqalgan amaliyot LED-yoritish moslamalarini o‘rnatish bo‘lib, uy xo‘jaliklarining 87%i svetodiodli yoritishga o‘tgan bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy va Toshkent viloyatlari kabi ayrim hududlarda bunday oilalar soni 90%dan oshdi.

Uy xo‘jaliklarining 44%i, ayniqsa, Qashqadaryo (84%), Buxoro (69%) va Xorazm (54%) viloyatlarida plastik deraza va eshiklarni o‘rnatish orqali energiya samaradorligini yaxshilagan.

31% uy xo‘jaliklari energiya tejamkor maishiy texnika sotib olgan, bunday qarorlarning eng katta ulushi Jizzax (60%), Navoiy (59%) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston (54%) Respublikasida kuzatildi.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga qiziqish ortib bormoqda.

Respublikadagi 64 ming uy xo‘jaliklarida umumiy quvvati 223,4 MVt/soat bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan. Yillik ishlab chiqarish qariyb 313 mln kVt/soatni tashkil etadi, bu orqali 104 mln kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Quyosh panellarini o‘rnatgan uy-xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pi erishilgan natijalardan mamnun ekanliklarini, kelgusida mazkur qurilmalar sonini ko‘paytirishga qiziqish bildirishgan. Tahlil shuni ko‘rsatadiki, respublikada 1,9 mln uy xo‘jaliklarida quyosh panellarini o‘rnatishga talab mavjud, bu esa umumiy qiymati 2,3 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan quyosh panellari bo‘yicha ichki bozorni shakllantirish istiqbollari ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, xonadonlarda samaradorligi past bo‘lgan gaz kotellari va qo‘lbola pechka orqali yuqori energiya iste’moli saqlanib qolmoqda, bu uy-joy infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish zarurligini ko‘rsatadi.

Energiya samaradorligini oshirish: iqtisodiy foyda va atrof-muhitga ta’siri

Mamlakatimizda binolarning energiya samaradorligini oshirish sohasida investitsiya salohiyati shakllantirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatdagi ko‘p xonadonli uy-joy tashqi devorlarni izolyasiyalash, isitish tizimlarini almashtirish, eshik va derazalarni almashtirish natijasida yiliga 60 million dollardan ortiq mablag‘ni tejash mumkin.

Jahon bankining hisob-kitoblarga ko‘ra, ijtimoiy soha ob’yektlari, jumladan, sog‘liqni saqlash muassasalari, maktabgacha ta’lim muassasalari va davlat maktablarida ham shunday salohiyat mavjud bo‘lib, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan maqsadli investitsiyalar kiritilishi orqali energiya iste’molini 20-50%ga tejash imkonini beradi va iste’molni yiliga 7,1 mlrd kVt/soatgacha qisqartirish mumkin.

Iqtisodiy foydadan tashqari, bu chora-tadbirlar har yili atmosferaga chiqariladigan SO₂ hajmini o‘rtacha 780 ming tonnaga qisqarishiga yordam beradi. Mamlakatda uglerod birliklari savdosi bozori shakllanmoqda va biz ortiqcha kvotalarni boshqa davlatlarga muvaffaqiyatli ravishda sotyapmiz. Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish savdo hajmini yanada oshirishga imkon beradi, bu esa yiliga 50 million dollargacha daromad keltirishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi tel: (78) 150 02 02 (417)
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar