Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) so‘nggi 8 yil mobaynida O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan savdo-iqtisodiy hamkorligini tahlil qildi hamda ushbu sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish salohiyatini baholadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanayotgani kuzatilmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari
So‘nggi 8 yil mobaynida savdo hajmi 7,8 barobarga oshib, 2024 yilda 253 million AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekistonning Ozarbayjonga eksporti 7,5 barobarga oshib, 208 million dollarga yetdi, import esa 9 barobarga ko‘payib, o‘tgan yili 45 million dollarni tashkil etdi.
O‘tgan yili O‘zbekistonning asosiy eksport tovarlari quyidagilar bo‘ldi: mashina va transport jihozlari – 61 million dollar (eksportning 29%), qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari – 33 million dollar (16%, shundan meva-sabzavotlar – 19 million dollar), to‘qimachilik va kiyim-kechak – 32 million dollar (15%), metall va undan tayyorlangan buyumlar – 32 million dollar (15%, shundan mis – 24 million dollar), tamaki mahsulotlari – 20 million dollar (10%).
2024 yilda O‘zbekiston Ozarbayjondan 22 million dollarlik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini (importning 48%, shundan 14 million dollarlik shakar) import qildi. Shuningdek, alyuminiy – 8 million dollar (18%) va jihozlar – 4,6 million dollar (10%) import qilindi.
Investitsiyaviy hamkorlik
Investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda: tomonlar sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqda. 2017 yilda O‘zbekistonga Ozarbayjondan jalb qilingan investitsiyalar miqdori atigi 142 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 79,5 million dollarni tashkil etdi. Hozirda ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi faoliyat yuritmoqda.
Doimiy ravishda o‘tkazilayotgan hukumatlararo uchrashuvlar va biznes-forumlar hamkorlikni chuqurlashtirish, investitsiya uchun qulay muhit yaratish va ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2019 yildagi 178 tadan 2025 yil aprel oyi yakunlariga ko‘ra 278 tagacha o‘sdi.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri transport-logistika koridorlarini rivojlantirish bo‘lib, bu Transkaspiy yo‘nalishidan foydalanishni ham o‘z ichiga oladi. Ushbu yo‘nalish mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash va O‘zbekistonning jahon bozorlariga chiqishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Izoh qoldirish