2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida Samarqand viloyatida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 15,6 trln so‘mni tashkil etdi.
Viloyatda investitsiyalar o‘zlashtirilishida keskin differensiallik saqlanib qolgan. Xususan, kiritilgan investitsiyalarning 54,6 foizi viloyatning 3 ta hududi - Samarqand shahri (30,3%), Samarqand (15%) va Nurobod (9,3%) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Toyloq (3,4%), Oqdaryo (3,1%), Payariq (3%), Ishtixon (2,5%), Narpay (2,2%), Kattaqo‘rg‘on shahri (1,9%), Bulung‘ur (1,7%) va Paxtachi (1,5%) tumanlarida investitsiyalar oqimining pastligi kuzatilgan.
Hududlarda amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalar natijasida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Kattaqo‘rg‘on (3,8 baravar), Nurobod (2,7 baravar), Jomboy (2,4 baravar), Samarqand sh. (1,6 baravar) va Oqdaryo (1,5 baravar) tumanlarida keskin o‘sish darajasini qayd etgan. Lekin, Toyloq (97,8%), Samarqand (78,9%), Paxtachi (71%), Bulung‘ur (63,6%), Ishtixon (63,4%) Kattaqo‘rg‘on sh. (60%), va Payariq (45,7%) tumanlarida investitsiyalar oqimining pasayish tendensiyasi kuzatilgan.
Viloyat bo‘yicha aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 3837,5 ming so‘mni (Respublika ko‘rsatkichidan 1507,7 ming so‘m kam), o‘sish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,8%ni tashkil qilgan holda respublika hududlari orasida 2-o‘rinni egallagan.
Tuman (shahar)lar kesimida jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha Nurobod (2,3 baravar), Samarqand sh. (2,3 baravar), Samarqand t. (2,3 baravar), tumanlarining ko‘rsatkichi viloyat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan. Toyloq (1,6 baravar), Pastdarg‘om (1,7 baravar), Payariq (2,2 baravar), Paxtachi (2,6 baravar), Narpay (2,6 baravar), Urgut (2,6 baravar), Bulung‘ur (3 baravar) va Ishtixon (3,4 baravar) tumanlari ko‘rsatkichining viloyat ko‘rsatkichiga nisbatan pastligi qayd qilingan.
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy vositalarga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha ham tumanlar o‘rtasida keskin tavofutning mavjudligi kuzatilgan. Jumladan, eng yuqori ko‘rsatkich qayd qilingan Nurobod tumanida jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiya hajmi Ishtixon tumaniga nisbatan 8 baravar, Bulung‘ur tumaniga nisbatan 7 baravarga ziyoddir.
Markazlashmagan moliyalashtirish manbalari bo‘yicha tahlil qilganda, o‘zlashtirilgan investitsiyalarning 27,1 foizi korxona mablag‘lari, 24,2 foizi xorijiy investitsiyalar va kreditlar, 7,5 foizi aholi mablag‘lari va 26,3 foizi bank krediti va boshqa qarz mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Izoh qoldirish