Joriy yilning 8-9 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) XVI sammiti bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) O‘zbekistonning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) mamlakatlar bilan savdosini tahlil qildi.
IHT mamlakatlari O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari qatoriga kiradi.
O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi jadal o‘sib bormoqda va tashqi savdo umumiy hajmining to‘rtdan bir qismini tashkil etadi.
2021 yilda O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 35,1 foizga o‘sib, 11,2 milliard dollarni tashkil etdi.
2022 yilda o‘sish tendensiyasi davom etdi, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichi 10,4 foizga o‘sib, 12,4 milliard dollarni tashkil etdi, O‘zbekiston tashqi savdosidagi IHT ulushi 24,7 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, IHT mamlakatlariga eksport 6,3 foizga oshib, 5,75 milliard dollarni, import esa 14,3 foizga oshib, 6,62 milliard dollarni tashkil etdi.
2022 yilda O‘zbekiston umumiy eksportining qariyb uchdan bir qismi (29,8%) IHT mamlakatlariga to‘g‘ri keldi.
2022 yilda O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashda eng katta ulushini Qozog‘iston (37,5%) va Turkiya (26,3%), keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (10,2%), Turkmaniston (7,5%), Afg‘oniston (6,1%), Tojikiston (5,5%), Eron (3,5%), Pokiston (1,9%) va Ozarbayjon (1,5%) egalladi.
2023 yilning 9 oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning IHT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,2 milliard dollarni, IHT mamlakatlarining O‘zbekiston umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 20,5 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, eksport 4,2 milliard dollarni, import esa 5 milliard dollarni tashkil etdi.
IHT mamlakatlar ham O‘zbekistonning asosiy eksport hamkor davlatlari qatoriga kiradi.
Ma’lumot uchun: IHT 1985 yilda tashkil etilgan hamda Mintaqaviy hamkorlik va Taraqqiyot tashkilotining huquqiy vorisi hisoblanadi. IHT nizomi – 1977 yil mart oyida uchta ta’sischi davlat - Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan imzolangan Izmir shartnomasi asosida ishlaydi. 1992 yil boshiga qadar IHT doirasidagi hamkorlik asosan ikki tomonlama xarakterga ega edi. 1992 yildan beri 7 ta yangi davlat – Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning qo‘shilishi munosabati bilani tashkilot faoliyati sezilarli darajada kuchaydi. IHTning rasmiy tili ingliz tilidir.
2022 yilda IHTga a’zo davlatlarning umumiy tashqi savdo aylanmasi bir trillion dollardan (taxminan 1,13 trln.dollar) oshdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish