Koronavirus pandemiyasi sababli iqtisodiyotning ko‘plab sohalari vakillarida maoshlar qisqartirilishi turgan gap, biroq inqiroz sharoitida ba’zi kasb egalarining ish haqlari oshirilishi ham kutilmoqda. Progressiv ta’lim Instituti ekspertlari qaysi kasb xodimlarida maoshlar oshirilishi mumkinligini aniqlashdi.
Mazkur tadqiqotni o‘tkazgan tahlilchilarining ta’kidlashlaricha, ish haqlarining oshirilishiga birinchi navbatda PR va SMM-mutaxassislar, prodyuserlar va kontent-menejerlar umid qilishlari mumkin. Aynan shu sohalar vakillariga pandemiya paytida ehtiyoj oshgan. Ularning fikricha, inqiroz davrida biznes xizmatlar darajasining yanada yaxshilanishiga muhtoj bo‘ladi va bu sohalar vakillari o‘z raqobatchilaridan ajralib turishadi. Shu sababdan ushbu kasblarning yuqori malakali sohiblari o‘z mehnatlari evaziga munosib baholanishadi.
IT-mutaxassislar, analitiklar va onlayn-marketologlarga ham talab oshganligi bois ular ham e’tibordan chetda qolishmaydi va maoshlari sezilarli ravishda oshirilishi kutilmoqda. Eng murakkab davrda faoliyat yuritayotgan bo‘lishlariga qaramay, antiinqiroz menejerlari, moliyaviy maslahatchilar hamda logistika sohasi boshqaruvchilari ham ish haqlari o‘sishi arafasida turishibdi. Aynan shunday vaziyat taym-menejment mutaxassislarida ro‘y berishi ham ehtimoldan xoli emas.
Ish haqi miqdorining oshishiga shuningdek, tabiiy-ilmiy jarayon xodimlari, ruxshunoslar va psixoterapevtlar ham da’vogarlik qilishlari mumkin. Qolaversa, tibbiyot mutaxassislari va sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlarining ham ish haqlari allaqachon oshirilgan. Bu tabiiy jarayon albatta, epidemiya tarqalishiga qarshi mardonavor kurashayotgan va xastalangan insonlar tuzalib, kundalik turmush tarzlariga qaytishlari uchun o‘z hissalarini qo‘shayotgan bu soha vakillarining munosib mehnatlari munosib taqdirlanishi lozim. Ta’kidlash joizki, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, shu jumladan yurtimizda tibbiyot xodimlarining mas’uliyatli va fidokorona mehnatlari munosib ish haqi va qo‘shimcha to‘lovlar bilan rag‘batlantirilmoqda.
Shuningdek, mehnat to‘lovining ko‘paytirilgan miqdoriga tajribali onlayn-pedagoglar, repetitorlar va virtual-gidlar ham talabgorlik qilishlari mumkin.
Nihoyat, ekspertlar yuqoriroq maoshga da’vogarlik qiladigan kasblar egalari qatoriga agrar sektori vakillari – agronomlar, laborantlar, zootexniklar, sut sog‘uvchilar va veterinarlarni ham qo‘shishdi.
Izoh qoldirish