Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida YuNKTAD / JST xalqaro savdo markazi vakolatxonasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida YuNKTAD / JST xalqaro savdo markazi vakolatxonasi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 25 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida YuNKTAD / JST xalqaro savdo markazi (XSM) missiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va biznesni rivojlantirish bo‘limining katta maslahatchisi janob Muhammad Said, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha dastur koordinatori janob A. Zagranyan va savdo tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha maslahatchi janob P. Bantonu ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: YuNKTAD/JST xalqaro savdo markazi 1964 yilda tariflar va savdo bo‘yicha Bosh bitim (GATT) ga ko‘ra, eksportni rivojlantirish sohasida savdo-sotiq bo‘yicha axboroti va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.

XSM BMT tizimining hukumatlararo tashkilot bo‘lib, bir vaqtning o‘zida YuNKTAD va JSTga hisobotdordir. XSM vakolati doirasi rivojlanayotgan mamlakatlar va xalqaro savdo sohasida o‘tish iqtisodiyotiga ega mamlakatlarga texnik yordam ko‘rsatib boradi.

XSM delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi joriy yilning 28 fevraliga qadar rejalashtirilgan. Missiyaning asosiy maqsadi, manfaatdor tomonlar bilan Jahon savdo tashkilotiga taqdim etilishi zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashda Hukumat vakillariga maslahat berishdan iborat.

Markaz direktori Obid Hakimov mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayogan keng ko‘lamli islohotlar va istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Oliy Majlisiga (parlamentga) yo‘llagan murojaatnomasining asosiy qoidalarini tashrif buyuruvchilarga yetkazdi.

O. Hakimov markaz tomonidan O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga a’zoligi natijalari tahlili olib borilganligi haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri bo‘yicha shunga o‘xshash tadqiqotlar olib borayotganini, uning natijalari yaqin orada taqdim etilishini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida XSM missiyasi vakillari JSTga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekistonga zarur texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvni to‘liq amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Xususan, ekspertlar bu yil Xalqaro savdo markazining tartibga soluvchilar, davlat sektori va biznes hamjamiyatini jalb etgan holda 5 yil muddatga BMT va JST tomonidan moliyalashtiriladigan ikkita yirik loyihani ishga tushirganini ta’kidlashdi.

Birinchi loyiha – milliy darajada (O‘zbekiston milliy loyihasi) O‘zbekistonning JSTga kirishiga texnik ko‘mak berishga qaratilgan. Mazkur loyihada O‘zbekistonning JSTga kirish bo‘yicha muzokaralar jarayoniga jalb etilgan milliy vazirlik va idoralarning institutsional salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ikkinchi loyiha – mintaqaviy darajada (Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy loyihasi) bo‘lib, Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo tartib-taomillarini soddalashtirishga yo‘naltirilgan. Ushbu loyihada asosiy e’tibor savdo siyosatining tarifsiz choralarini kamaytirishga, Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy va mintaqaviy darajada savdo tartib-taomillarini soddalashtirishga qaratilgan. Bu kelgusida MOda mintaqalararo savdoni soddalashtirishga olib keladi va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro savdolarida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tovarlar ulushini oshiradi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri bo‘yicha va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan ishlash xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar