Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yangi qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning beshta moddasidagi ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimalarni keskin kamaytirish nazarda tutilmoqda.
135−1-modda
Muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori ikki baravarga kamaytirish taklif etilmoqda (245 ming so‘mdan 122,5 ming so‘mgacha).
Transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik uchun jarima fuqarolar uchun ikki baravarga (245 ming so‘mdan 122,5 ming so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa uchdan bir qismga (735 ming so‘mdan 490 ming so‘mgacha) kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
170-modda
Fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori BHMning o‘n baravaridan (2 mln 450 ming so‘m) yigirma baravarigacha (4 mln 900 ming so‘m) bo‘lgan miqdor oralig‘ida belgilanishi rejalashtirilmoqda (amalda qat’iy miqdorda — 4 mln 900 ming so‘m etib belgilangan).
175−1-modda
Buxgalteriya hisobi va hisoboti tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga nisbatan jarimalar miqdori deyarli ikki baravarga kamaytirish kutilmoqda (1 mln 200 ming so‘mdan 2 mln 400 ming so‘mgacha, endilikda 735 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha). Bir yil ichida qayta sodir etilganda amalda 2 mln 400 ming so‘mdan 4 mln 900 ming so‘mgacha, endilikda 1 mln 700 ming so‘mdan 2 mln 400 ming so‘mgacha etib belgilash taklif etilmoqda.
176−3 modda
Yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik uchun jarima miqdori uch baravarga kamaytirilmoqda: fuqarolar uchun — 4 mln 900 ming co‘mdan 24 mln 500 ming so‘mgacha bo‘lgan jarimani 1 mln 700 ming so‘m etib, mansabdor shaxslar uchun -12 mln 200 ming so‘mdan 36 mln 700 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima miqdorini, 7 mln 300 ming so‘m etib belgilash rejalashtirilmoqda.
223-modda
O‘zbekiston fuqarosi pasport olmaganligi yoki uning shikastlanishi, yo‘qolganligi, shuningdek, chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekistonda yashash guvohnomasi bo‘lmaganligi, yashash guvohnomasining shikastlangani yoki yo‘qolganligi uchun amaldagi 122 ming so‘mdan 735 ming so‘mgacha bo‘lgan jarima miqdori 81,6 ming so‘mdan 245 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorgacha etib belgilash ko‘zda tutilmoqda.
Fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan, vaqtincha yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni turar-joy binolarida yashashga ruxsat berganlik uchun amaldagi 2 mln 400 ming so‘mdan 735 ming so‘mgacha etib belgilash taklif qilinmoqda.
Qonun loyihasi bilan Adliya vazirligi haydovchilarga quloqchin va boshqa uskunalar orqali telefondan foydalanishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Salonga monitor o‘rnatganlik uchun jarimani bekor qilish ham taklif etilmoqda. Bundan tashqari, haydovchilik guvohnomasi, sug‘urta polisi va «texpasport» olib yurmasdan avtomobildan foydalanishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda.
Izoh qoldirish