Adliya vazirligining xabar qilishicha, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–55-son, 20.12.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:
a) maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining resurslari banklarga yillik 10 foizda joylashtiriladi;
b) imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada:
- oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub’yektlariga – 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
- “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi;
v) kreditlar mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining (keyingi o‘rinlarda – hokim yordamchisi) o‘ziga biriktirilgan mahallada istiqomat qilayotgan (joylashgan) qarz oluvchiga beradigan tavsiyasi asosida ajratiladi;
g) chorvachilikni rivojlantirish yo‘nalishida kreditlar ustuvor ravishda kamida 10 dan 50 boshgacha chetdan keltirilgan naslli chorva mollarini (qoramol, qo‘y, echki) boqish uchun kichik fermalarni tashkil etishga beriladi;
d) “yetakchi” tadbirkorlik sub’yektlariga dehqon xo‘jaliklari yer maydonlari va aholi tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirishga kreditlar ajratiladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi dasturlar doirasida “Agrobank” ATBga ajratilgan 2,9 trillion so‘m va “Mikrokreditbank” ATBga ajratilgan 1,3 trillion so‘m miqdoridagi resurslarni mazkur banklarning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltiradi hamda vakolatli banklarga dastur koordinatorlarining taqsimotiga muvofiq 3,65 trillion so‘m miqdordagi kredit resurslarini 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga ajratadi.
Izoh qoldirish