Adliya vazirligi tomonidan Yevropa ekspertlari tavsiyalari hamda Koreya, Rossiya, Litva, Chernogoriya, Ukraina, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda qonun hujjatlari va loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi yangi tahrirda ishlab chiqildi.
Xususan, vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan loyihada quyidagi bir qancha yangilik va o‘zgarishlarni joriy etish nazarda tutilmoqda:
birinchidan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan cheklist to‘ldirish orqali korrupsiyaviy omillarni aniqlashni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tartib joriy etilmoqda;
ikkinchidan, huquqni qo‘llovchilar va fuqarolarga korrupsiyaviy omillarning ma’nosi aniq, lo‘nda va batafsil misollar bilan yoritilgan metodika asosida tushuntirib beriladi;
uchinchidan, qonun hujjatlari loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazishga jamoatchilik keng jalb qilinishi belgilanmoqda.
Endilikda jamoatchilik ham regulation.gov.uz portalida cheklist to‘ldirish orqali qonun hujjatlari loyihalari bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirishi mumkin bo‘ladi;
to‘rtinchidan, amaldagi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi hozirgi kunda samarali yo‘lga qo‘yilgan huquqiy monitoring tizimi doirasida o‘tkazilishi va boshqa bir qancha yangiliklar joriy etilishi taklif etilmoqda.
Adliya vazirligi fuqarolar, tadbirkorlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini quyidagi havola orqali yuqorida aytib o‘tilgan loyihaning muhokamasida faol qatnashish va o‘z takliflarni bildirishga chaqiradi.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida respublika bo‘yicha 371 mlrd. so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2.477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, Transparency International korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro nodavlat tashkiloti korrupsiyani qabul qilish indeksining 2020 yil reytingini ishlab chiqdi. Reytingga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga o‘zgartirib, 180 ta davlat orasida 146-o‘rinni egalladi (2019 yilda 153 o‘rin).
Izoh qoldirish