O‘zbekistonda ayrim imtiyozlar va to‘lovlarni hisoblash uchun maksimal ish haqi miqdori oshiriladi. Bu Prezidentning "Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi"gi farmoni loyihasida ko‘zda tutilgan.
2023 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshirish rejalashtirilgan.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga quyidagi o‘zgartirishlarni kiritiladi:
- ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshiriladi;
- nogironligi bolalikdan bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
2026 yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinadi.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish milliy strategiyasi qabul qilinadi, uning doirasida ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini olib borish bo‘yicha mas’ul davlat organini belgilanadi, ijtimoiy sug‘urta tizimini yaratish, jumladan ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etiladi, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etiladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestr”i bilan integratsiya qilinadi.
Mahallaning “faol” modelini joriy etish, uni aholi muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan ta’minlash maqsadida 2022 yilda:
- barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi tartibi joriy etilib, mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashning bosh mezoni sifatida belgilanadi;
- mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimi yaratilib, davlat va ijtimoiy xizmatlarning bevosita mahallada ko‘rsatish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali mahallalarning xalq oldidagi nufuzi oshiriladi;
- mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlari kengaytirilib, ushbu maqsadda mahallaning alohida jamg‘armasini tashkil etish amaliyoti joriy etiladi;
- mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularda istiqomat qilib, faoliyat yurituvchi aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshiriladi;
- fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarini joylardagi vakillik organlari bilan doimiy aloqalarining huquqiy asoslarini yaratish, shu jumladan mahalla raisi tomonidan mahalliy Kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritishning samarali mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi;
- fuqarolar tomonidan mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish instituti joriy etiladi.
Bundan tashqari jazoni o‘tab bo‘lgan fuqarolarning kelgusida jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga amaliy ko‘maklashish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimi joriy qilinadi.
Izoh qoldirish