Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 10 noyabrdagi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 596-sonli qarori[1] (keyingi o‘rinlarda-qaror) qabul qilinib, unga asosan O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash tizimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ushbu maqolada qarorga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar o‘rganib chiqildi.
Qarorga ko‘ra:
- kam ta’minlangan oilalarni aniqlash mezonlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar 2023 yil 15 noyabrdan so‘ng taqdim etilgan arizalarga nisbatan joriy etiladi.
“Onlayn ariza berish tizimi joriy etiladi”
2024 yil 1 apreldan boshlab kam ta’minlangan oilalar uchun “Yagona interaktiv davlat xizmatlari” portali orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish uchun onlayn murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Onlayn ariza topshirishga uquvi, sharoiti yo‘q fuqarolar nomidan (fuqaro roziligi bilan) “Inson” ijtimoiy markazining xodimlari ariza topshirishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketgan va O‘zbekiston Respublikasiga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari to‘g‘risidagi hamda ularning chet elga borish maqsadlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etib boriladi. (Bunda, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan belgilab berish tartibi bekor qilinadi).
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi gematologiya, onkologiya, immunologiya va boshqa uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar to‘g‘risida yagona elektron ma’lumotlar bazasi ishlab chiqiladi va u «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda chet elda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari to‘g‘risidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasini ishlab chiqib, ma’lumotlarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga taqdim etib boradi.
«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun murojaat qilgan oilalarning elektr energiyasi xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish tartibi joriy etiladi.
“Oilaning iqtisodiy holati muntazam monitoring qilinadi”
2023 yil dekabrdan bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangan oilaning iqtisodiy ahvoli har oyda o‘rganib boriladi. Agar oilaning iqtisodiy holati yaxshilansa, dastur moddiy yordam berish mezonlariga mos kelmay qolgan oilalarni avtomatik tarzda aniqlaydi va ularga pul berish to‘xtatiladi.
2024 yil 1 martdan boshlab — bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan biroq foydalanuvida bo‘lgan avtotransport vositalari, ko‘chmas mulklari hamda chorva mollari ularning arizalarida ko‘rsatgan ma’lumotlarga muvofiqligi joyiga chiqqan holda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlarining ijtimoiy xodimlari tomonidan o‘rganib boriladi va ushbu Nizomning 6-ilovasiga muvofiq shaklda dalolatnoma (keyingi o‘rinlarda — dalolatnoma) bilan rasmiylashtiriladi. Bunda dalolatnoma fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi va kamida 2 nafar mas’ul xodimlar tomonidan tasdiqlanadi.
O‘rganish natijalari «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» ATga hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli va «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlarining ijtimoiy xodimlari tomonidan kiritiladi va axborot tizimi tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovini to‘xtatish yoki davom ettirish bo‘yicha avtomatik ravishda qaror qabul qilinadi.
“Yagona interaktiv davlat xizmatlari” portali FHDYo organining axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi
2024 yil 1 yanvardan yangi tug‘ilgan chaqaloq to‘g‘risidagi ma’lumotlar FHDYo organining axborot tizimidan onlayn va avtomat tarzda olinadi. Ya’ni fuqarolarning navbatdagi farzandi tug‘ilgach, bolalar nafaqasini qayta hisoblash bo‘yicha murojaat qilmaydi. Bola tug‘ilgan sanadan ma’lumotlar avtomat ravishda dasturga keladi, keyingi oyning birinchi sanasidan pul miqdori yangi tug‘ilgan bolaga ham qo‘shilgan holda qayta hisoblab, oshirib boriladi. Bu ham ovoragarchilikning oldini oladi.
Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi to‘xtatiladi, agar...
2023 yil 16 noyabrdan boshlab berilgan arizalar uchun mehnat organlariga murojaat qilganligi sababli rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oila a’zosi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oydan boshlab 3 oy davomida mehnat organi orqali kasbga tayyorlash, malaka oshirish, qayta tayyorlash o‘quv kurslarida o‘qimasa, markazda ish izlovchi yoki ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmasa, ishga joylashmasa, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kirmasa yoki mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad qilgan bo‘lsa keyingi oydan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi to‘xtatiladi.
Shuningdek:
- ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turgan oila a’zolaridan bandlik talab etmaslik imtiyozi berilmoqda;
- rasman nikohi bekor qilinmagan aliment to‘layotgan er (xotin) oila tarkibiga kiritilmasligi belgilandi[2].
Yuqoridagi o‘zgarishlar inson omili aralashmaydigan shaffof mexanizim shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun:
01.01.2024 yil holatiga ko‘ra, moddiy yordam pullari 6 oy davomida 380 000 so‘m miqdorida[3], bolalar nafaqasi 12 oy davomida 250 000 so‘m - 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun, 325 000 so‘m - yoshi 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun; 150 000 so‘m - oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha; 100 000 so‘mdan - oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun to‘lab boriladi.
Fuqaro bolalar nafaqasi olish uchun har 12 oyda qaytadan ariza topshiradi[4]. Ochiq ma’lumotlar portali ma’lumotlariga ko‘ra 29 yanvar 2024 yil holatiga O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha 2 177 081 nafar oila bolalar nafaqasi va 75 791 nafar oila moddiy yordam olmoqda[5].
Foydalanilgan ma’lumotlar:
[1]https://lex.uz/docs/6663873
[2] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 10.11.2023 yildagi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 596-son qarori https://lex.uz/docs/6663873
[3] Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam miqdori https://ihma.uz/oz/social
[4]Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi miqdori https://ihma.uz/oz/social
[5]Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni va to‘langan mablag‘lar to‘g‘risida ma’lumot https://data.egov.uz/uzbKr/data/64dc988bb04a41cb2e29d57f
Izoh qoldirish