Xorijda ishlayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga moddiy yordam beriladi

Xorijda ishlayotgan fuqarolar va ularning oila a’zolariga moddiy yordam beriladi

“Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–149-son, 01.03.2022 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya hamda Qozog‘istonning tegishli hududlarida (12 ta) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinadi. Mazkur hududlarning har biriga kamida 2 nafar vakil biriktiriladi.

2022 yil 1 maydan har yili hokim yordamchilari yozma tavsiyanomasiga asosan:

  • boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” (daftarlar)dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi;
  • mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi.

Shuningdek, mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “daftarlar”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiningmablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga yordam pullari va yo‘llanmalar berishda:

  • yordam pullari va yo‘llanmalar basharti mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Labor migration” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa beriladi;
  • talabgorlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Labor migration” dasturiy majmuasi orqali elektron murojaat qiladi.

Qarorga ko‘ra, xorijda vaqtinchalik ishlayotgan va ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Xorijdagi yoshlar balansi” shakllantirilib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Yoshlar portali” elektron platformasiga kiritib boriladi.

2022 yil 1 martdan “daftarlar”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan vaqtinchalik ishlash uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga ham 10 million so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga miqroqarzlar beriladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvargacha quyidagilar bo‘yicha kompensatsiyalar to‘lanadi:

  • xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda – BHMning 3 baravari (810 ming so‘m) miqdorida;
  • yo‘l chiptasini xarid qilish bo‘yicha – BHMning 2 baravari (540 ming so‘m) miqdorida;
  • “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bo‘yicha – BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar