“Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–5087, 21.04.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 maydan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:
- Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan kichik tadbirkorlik sub’yektlariga milliy valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi;
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATda ro‘yxatga olingan fuqarolarga tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun kredit miqdorining 75 foizigacha, biroq BHMning 150 baravaridan ortiq bo‘lmagan tijorat banklari kreditlari bo‘yicha kafillik beriladi;
- tadbirkorlarga bank kreditlari bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qat’iy nazar beriladi. Bunda kompensatsiyalar taqdim etilayotgan kreditlarning umumiy summasi 10 mlrd so‘mdan, kafilliklarning umumiy summasi esa 8 mlrd so‘mdan, biroq umumiy kredit summasining 50 foizidan oshmasligi lozim.
Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini auksionga qo‘yishda ularning boshlang‘ich narxini 50 foizgacha kamaytirish vakolati, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga boshlang‘ich narxga chegirma belgilanadigan olis va chekka hududlar chegaralarini belgilash vakolati berildi.
Izoh qoldirish