KPMG tahlilchilari Global Tech Report 2026 mintaqaviy tadqiqotida shunday xulosaga keldi. Global so‘rov 27 mamlakatdan 2 500 nafar IT-rahbarni qamrab olgan, mintaqaviy tanlanma esa Markaziy Osiyo va Kavkazdagi 72 ta kompaniyadan iborat bo‘lgan. Taqqoslash uchun IT-investitsiyalardan 200%dan yuqori qaytim olayotgan 224 ta jahon texnologik yetakchisining ko‘rsatkichlaridan foydalanilgan.
Kutishdan — eksperimentlarga
Mintaqa kompaniyalari texnologiyalar to‘liq samaradorligini isbotlashini tobora kamroq kutmoqda. Bunday kutish strategiyasini tashkilotlarning 33%i tanlaydi, jahonda esa bu ko‘rsatkich 44%ni tashkil etadi. Tez, ammo tanlab moslashtirishni 43% kompaniya afzal ko‘radi, global miqyosda esa — 36%.
Mintaqadagi kompaniyalarning 44%i yangi texnologiyalar bilan faol eksperiment o‘tkazmoqda, jahonda esa — 21%. Tuzilmalashtirilgan pilotlardan Markaziy Osiyo va Kavkaz tashkilotlarining 73%i foydalanadi, global miqyosda — 63%, texnologik yetakchilar orasida esa — 57%.
Texnologiyalar daromad manbaiga aylanmoqda
Mintaqa kompaniyalari uchun raqamlashtirishdan kutilayotgan eng asosiy natija — yangi daromad manbalarini yaratish. Ikkinchi o‘rinda innovatsiyalarni va mahsulotlarni bozorga chiqarishni tezlashtirish, uchinchi o‘rinda esa operatsion samaradorlikni oshirish turadi.
Texnologiyalarning afzalliklari qatorida daromad o‘sishini mintaqa kompaniyalarining 43%i qayd etgan, jahonda esa — 30%. Mahsulotlarni bozorga chiqarishni tezlashtirishni 39% kompaniya ko‘rsatgan, global miqyosda esa — 28%.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalarining 99%i ilg‘or texnologiyalarni yaqin uch yilda raqobat ustunligining asosiy manbai deb hisoblaydi, jahonda bu ko‘rsatkich 90%ni tashkil etadi. So‘nggi besh yilda daromadlari oshganini kompaniyalarning 91%i ma’lum qilgan, 93%i esa keyingi 24 oyda tushum ko‘payishini kutmoqda.
IT-xarajatlarni qisqartirish raqamli transformatsiyadan kutilayotgan natijalar ro‘yxatida so‘nggi — 11-o‘rinni egallagan.
IT-byudjetlar rivojlanishga yo‘naltirilmoqda
Mintaqadagi yirik kompaniyalarning qariyb to‘rtdan uch qismi har yili texnologiyalarga $100 mlndan $500 mlngacha investitsiya kiritadi. Jumladan, 33% kompaniya $100 mlndan $249,9 mlngacha, yana 40% esa $250 mlndan $499,9 mlngacha mablag‘ yo‘naltiradi.
O‘rtacha hisobda IT-byudjetlarning 21%i amaldagi tizimlarni qo‘llab-quvvatlashga, 41%i rivojlantirishga va 31%i transformatsiyaga to‘g‘ri keladi. Jahonda bu nisbat taxminan 34%, 34% va 26%ni tashkil etadi.
Bunday tuzilma biznesni yangilashni tezlashtiradi, ammo bazaviy infratuzilmaning yetarlicha moliyalashtirilmasligi, texnik qarzning to‘planishi va operatsion uzilishlar ko‘payishi xavfini yuzaga keltiradi. IT-byudjet qisqartirilganda mintaqa kompaniyalari, avvalo, operatsion samaradorlik pasayishi, ESG maqsadlariga erishilmasligi va texnik qarz to‘planishidan xavotirda.
Kiberxavfsizlik va ma’lumotlar — asosiy ustuvor yo‘nalishlar
Mintaqaning eng yaqqol farqi — kiberxavfsizlikka investitsiyalar o‘sishidir. Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalarining 63%i ushbu yo‘nalishdagi byudjet sezilarli darajada oshganini bildirgan, jahonda esa bu ko‘rsatkich 41%ni tashkil etadi. Ayniqsa, Gruziya va O‘zbekistonda o‘sish yuqori bo‘lgan.
Ma’lumotlar va analitika byudjetlarini mintaqa kompaniyalarining 82%i oshirmoqda, global miqyosda esa — 73%. SI qo‘llaniladigan avtomatlashtirishga investitsiyalarni 81% kompaniya ko‘paytirmoqda, jahonda — 76%.
Raqamli egizaklar va ilg‘or modellashtirishga investitsiyalarni ko‘paytirishni mintaqa kompaniyalarining 87%i rejalashtirmoqda, jahonda esa — 72%. O‘zbekistonda so‘ralgan tashkilotlarning 100%i shunday javob bergan.
Kompaniyalarning yarmi IT-loyihalar samaradorligini o‘lchamaydi
Mintaqa kompaniyalari ma’lumotlarni boshqarish yetukligini yuqori baholaydi — 93%, jahonda esa — 85%. Kiberxavfsizlik bo‘yicha bu ko‘rsatkich 89%ni tashkil etadi, global miqyosda esa — 86%.
Biroq Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalarining faqat 50%i IT-tashabbuslar natijalarini biznes maqsadlari bilan muntazam solishtiradi, jahonda esa — 65%. Demak, mintaqa kompaniyalarining 50%i IT-loyihalar samaradorligini muntazam o‘lchamaydi, global miqyosda esa bu ko‘rsatkich 35%ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, tashkilotlarning 83%i yangi texnologiyalarni baholashning rasmiylashtirilgan tartiblaridan foydalanadi, 88%i esa texnologiyalar investitsiyalar qiymatini oshiradi, deb hisoblaydi. Asosiy muammo loyihalarni ishga tushirishda emas, balki ularning uzoq muddatli iqtisodiy samarasini tasdiqlashdadir.
Mintaqa SIni sanoat miqyosida joriy etish bo‘yicha jahondan oldinda
Markaziy Osiyo va Kavkaz kompaniyalarining 53%i SIni bir nechta ssenariyda joriy etgan va o‘lchanadigan samara olmoqda. Jahonda tashkilotlarning 24%i shunday bosqichda.
Mintaqadagi yana 29% kompaniya SI yordamida qiymat yaratmoqda, ammo uni hali to‘liq ishlab chiqarish tizimiga aylantirmagan. Asosiy vazifa alohida yechimlardan infratuzilma, ma’lumotlar, xavfsizlik, risklarni nazorat qilish va natijalarni o‘lchashni birlashtiradigan yagona SI boshqaruv modeliga o‘tishdan iborat.
Raqamli mehnat ulushi o‘sishda davom etadi
Bugungi kunda mintaqa kompaniyalari texnologik resurslarining qariyb 50%ini shtatdagi xodimlar, 30%ini SI-agentlar va avtomatlashtirish vositalarini o‘z ichiga olgan raqamli xodimlar, 21%ini esa tashqi pudratchilar ta’minlamoqda.
2028 yilga kelib raqamli xodimlar ulushi 40%gacha oshishi, shtatdagi xodimlar ulushi 47%gacha, tashqi resurslar ulushi esa 14%gacha kamayishi mumkin. Bu avtomatlashtirish va ichki kompetensiyalarga asoslangan modelga o‘tishni ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyo va Kavkaz endi texnologiyalarni kech joriy etadigan mintaqalar emas. Kompaniyalar jahon bozoriga nisbatan pilotlarni tezroq ishga tushirmoqda, SIni joriy etmoqda va investitsiyalarni yangi mahsulotlar hamda daromad manbalarini rivojlantirishga yo‘naltirmoqda.
Keyingi bosqich kompaniyalarning alohida texnologik muvaffaqiyatlarni barqaror tizimga aylantira olishiga bog‘liq bo‘ladi: qaytimni muntazam o‘lchash, bazaviy infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash, texnik qarzni boshqarish, SIni keng miqyosda joriy etish va xodimlarni gibrid muhitda ishlashga tayyorlash.
Izoh qoldirish