2020 yil I chorak yakunlariga ko‘ra Davlat byudjeti daromadlari 28,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 27,7 trln so‘mni tashkil etib, davlat byudjeti profitsiti 0,8 trln so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,5 foizni tashkil etdi.
Asosiy ko‘rsatkichlar
O‘zbekiston Davlat byudjetining 2020 yil I chorakdagi daromadlari 28,5 trln so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 trln so‘mga ko‘proqni tashkil etdi. Byudjet daromadlari tarkibida 2020 yil I choragida soliq tushumlari 23,8 trln so‘mni tashkil etdi. Ular o‘tgan yilning I choragi bilan solishtirganda 5,3 trln so‘mga ko‘paygan. Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha mintaqalararo inspeksiya to‘liq faoliyat yurita boshladi va 15,4 trln so‘m yoki soliq organlari tomonidan ma’muriylashtiriladigan barcha daromadlarning 65 foizi yig‘ilishini ta’minlab berdi.
Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi 2020 yil I choragida byudjet daromadlarining tushumiga katta ta’sir ko‘rsatgani yo‘q, sababi daromadlar asosan 2019 yilning dekabr — 2020 yilning fevral oylaridagi iqtisodiy faoliyat natijalaridan shakllantirildi, deyiladi Moliya vazirligining sharhida.
Masalan, joriy yilning birinchi choragida 4,8 trln so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarining tushumi ta’minlandi, o‘tgan yilning xuddi shu davrida bojxona to‘lovlari tushumi — 3,4 trln so‘m bo‘lgan edi. Bu tushumlar orasida eng katta ulushni quyidagilar tashkil etdi: import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i — 3,8 trln so‘m, aksiz solig‘i — 0,2 trln so‘m, bojxona boji — 0,6 trln so‘m.
Soliqlar kesimida Davlat byudjeti daromadlarining asosiy ulushi quyidagilar hisobidan shakllantirildi: QQS — 7,2 trln so‘m (umumiy tushumlarning 25,4 foizi), foyda solig‘i — 6,3 trln so‘m (22,1 foiz), jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — 3,6 trln so‘m (12,5 foiz), yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq — 3,9 trln so‘m (13,6 foiz) va aksiz solig‘i — 3,2 trln so‘m (11,1 foiz).
Soliqlar tushumi
Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha joriy yil I choragidagi tushumlar (7,2 trln so‘m) o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 0,5 trln so‘mga kamaydi. Tushumlar hajmining kamayishiga soliqning 20 foizdan 15 foizga pasaytirilishi, shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi qabul qilinishi bilan 2020 yil 1 yanvardan yangi qoidalarning kuchga kiritilishi omil bo‘ldi.
Shu o‘rinda, soliqning nol stavkasini qo‘llaydigan korxonalarga QQSni qoplash amalga oshirilmoqda. Bunda joriy yilning I choragidagi qoplash summasi 1 trln so‘mdan ko‘pni tashkil etdi.
Shu bilan birga, avtomobil sanoati korxonalariga berilgan imtiyozlarning bekor qilinishi hisobiga joriy yilning I choragida byudjetga qo‘shimcha tushumlar 350 mlrd so‘mni, shu jumladan import chog‘ida — 150 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Foyda solig‘i bo‘yicha tushumlar hisobot davrida taxminan 6,3 trln so‘mni tashkil etdi, bu 2019 yilning shu davridagiga nisbatan 3,9 trln. so‘mga ko‘pdir. Tushumlarning o‘sishi umumiy iqtisodiy o‘sish (chorakdan chorakka) bilan bir vaqtda oltin qazib olish sanoati korxonalarining qariyb 3 trln. so‘mlik foyda solig‘i bo‘yicha tushumlari hisobiga ta’minlandi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan mazkur soliqdan joriy yilning I choragida qariyb 3,6 trln so‘m kelib tushdi, o‘tgan yilning xuddi shu davrida 2,7 trln so‘m bo‘lgan edi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bazaviy stavkasi 12 foiz bo‘lib o‘zgarishsiz qoldi. Bunda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan soliqning qat’iy belgilangan miqdorlari (ilgari qat’iy belgilangan soliq) ularga jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida soliq to‘lashni tanlash huquqini berish bilan 2020 yildan 25 foizga pasaytirildi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar tarkibida ish beruvchilar (soliq agentlari) tomonidan bazaviy stavkada ushlab qolinadigan soliqlar 93 foizni tashkil qiladi. Tushumlarning yalpi hajmida dividendlar va foizlar tarzidagi daromadlardan undiriladigan soliq ulushi 2 foizni, yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan soliq ulushi 3 foizni tashkil etadi.
Manba: Moliya vazirligi
Soliq solishning yassi stavkasining joriy etilishi, davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar uchun ijtimoiy soliqning 25 foizdan 12 foizga pasaytirilishi, shuningdek eng kam ish haqining oshirilishi legal sektordagi mehnatga haq to‘lash fondini 37 foizga oshirishga turtki bo‘ldi. Qabul qilingan choralardan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ham yutishdi. Davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar uchun birgina ijtimoiy soliqning 25 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishi ular ixtiyorida 1 trln so‘m atrofida mablag‘ qolishini ta’minladi.
Aksiz solig‘i bo‘yicha yalpi tushumlar joriy yilning I choragida taxminan 3,2 trln so‘mni, shu jumladan yakuniy iste’molchiga realizatsiya qilinadigan neft mahsulotlari bo‘yicha — 543,5 mlrd so‘mni, tamaki mahsulotlari bo‘yicha — 395,8 mlrd so‘mni, alkogolli mahsulotlar bo‘yicha — 335,4 mlrd. so‘mni, mobil aloqa xizmatlari bo‘yicha — 334,9 mlrd so‘mni, polietilen granulalar bo‘yicha — 56,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘i. Yer uchastkalari, mol-mulk va suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida 2020 yildan bozorlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, shuningdek gastrol-konsert faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar quyidagilarni to‘lashga o‘tkazildi.
Manba: Moliya vazirligi
Joriy yilning I choragida yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i bo‘yicha tushumlar 2019 yilning xuddi shu davri bilan solishtirganda 162,1 mlrd so‘mga kamaygan. Bu 2019 yil boshida mol-mulk solig‘i 2018 yil uchun hisob-kitoblarga binoan 5 foiz stavkada tushganligi bilan bog‘liqdir.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha tushumlar 2020 yilning I choragida o‘tgan yilning xuddi shu davri bilan solishtirganda 564,5 mlrd so‘mga oshib, 3,9 trln so‘mni tashkil etdi. O‘sish quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘ldi:
- qimmatbaho metallar bozorida oltinning narxi joriy yilning I choragida 2019 yilning I choragiga nisbatan 120 foizga o‘sishi;
- qat’iy belgilangan summada belgilangan soliq stavkalarining 15 foizga indeksatsiya qilinishi (xususan, tosh tuz (ovqatga ishlatiladigan), ohaktosh dolomitlar, marmar ushog‘i, g‘isht-cherepitsa xom ashyosi, qurilish qumlari va boshqalar);
- foydali qazilmalarning alohida turlari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq belgilangan soliq stavkalaridan, lekin qat’iy belgilangan summadan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanishi va to‘lanishi o‘rnatilganligi (xususan, tabiiy bezaktoshdan bloklar, tosh-shag‘al aralashmasi, ohaktosh-chig‘anliqlar va boshqalar). Keyingi ikkita omil bo‘yicha qo‘shimcha tushumlar qariyb 40 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Davlat byudjetining xarajatlari ijrosi
Davlat byudjetining 2020 yil I chorakdagi xarajatlari 27,661 trln so‘mni yoki jami yillik tasdiqlangan xarajatlarning 21,1 foizini tashkil etdi. Shundan, respublika byudjeti xarajatlari 18,153 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, mahalliy byudjetlar orqali 9,508 trln so‘mlik xarajatlar moliyalashtirilgan.
Manba: Moliya vazirligi
Ijtimoiy soha xarajatlari
Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 15,550 trln so‘m yoki umumiy xarajatlarning 56,6 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Ijtimoiy xarajatlarning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sishi 18,5 foizni tashkil etdi.
Manba: Moliya vazirligi
Ijtimoiy xarajatlarning asosiy qismini tashkil etgan ta’lim tizimi muassasalarini saqlash va ularni rivojlantirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 7,961 trln so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan maktabgacha ta’lim muassasalarini saqlash xarajatlari uchun Davlat byudjetidan 1,426 trln so‘m (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 450,5 mlrd so‘m yoki qariyb 1,5 baravarga ko‘p), jumladan oziq-ovqat sotib olish xarajatlariga 162,6 mlrd so‘m (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 53,6 mlrd so‘mga yoki 1,5 baravarga ko‘p) mablag‘lar ajratilgan.
Xususan, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga amalga oshirgan xarajatlarini qisman qoplash uchun 134,5 mlrd so‘mlik subsidiyalar (2019 yil 1 choragida 6,9 mlrd so‘m) ajratilgan.
Manba: Moliya vazirligi
Ilm-fanni rivojlantirishga hisobot davrida 150,0 mlrd so‘m yoki ijtimoiy sohaga ajratilgan mablag‘larning 1 foizi miqdorida mablag‘ ajratildi (2019 yil I choragida — 0,3 foiz).
Sog‘liqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 3,883 trln so‘m yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1084,4 mlrd so‘mga (1,4 baravarga) ko‘p mablag‘lar ajratilgan. Ajratilgan mablag‘ning jami Davlat byudjeti xarajatlaridagi ulushi 14 foizni (2019 yilda — 11,6 foiz) tashkil etdi. Jumladan, dori-darmonlar xarid qilish xarajatlariga 252,2 mlrd so‘m (2019 yilda — 189,9 mlrd so‘m) ajratilgan.
Bundan tashqari joriy yilning I choragida, sog‘liqni saqlash sohasiga tashkil etilgan “Inqirozga qarshi kurashish” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 343,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratilganini ham alohida ta’kidlash o‘rinli, deyiladi sharhda.
Ushbu mablag‘lar quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun yo‘naltirildi:
- Qoraqalpog‘iston respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlariga karantinda saqlanayotgan fuqarolarni saqlash, jamoat joylarini dezinfeksiya qilish va epidemik holati bilan kurashish bo‘yicha boshqa tadbirlarga 82,7 mlrd so‘m;
- Sanitariya — epidemiologiya osoyishtalik agentligiga shaxsiy himoya, dezinfeksiya, izolyasiya vositalari, test (PSR) diagnostikumlari, tibbiy texnika vositalarini xarid qilish uchun 123,5 mlrd so‘m;
- Toshkent viloyatining Yuqori-Chirchiq tumanida aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi va Zangiota tumanida maxsus shifoxona qurilishi hamda Toshkent shahrida zamonaviy diagnostika laboratoriyasi kompleksini rekonstruksiya qilish uchun 107,4 mlrd so‘m;
- O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashiga kam ta’minlangan xotin-qizlarni qo‘llab quvvatlash uchun 30 mlrd so‘m.
Madaniyat va sport sohasiga Davlat byudjetidan 2020 yilning I choragida yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori 541 mlrd so‘mni tashkil etib, ushbu xarajatlarning 249,2 mlrd so‘mi madaniyat sohasi, 291,8 mlrd so‘mi sport sohasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Madaniyat va sport sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 58,6 foizga o‘sgan. Buni quyidagilar bilan izohlash mumkin: O‘zbekiston prezidentining qaroriga asosan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi qoshida 186 ta tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlari tashkil etildi. Shuningdek, Milliy kutubxonaning 2020 yil shtatlar jadvalida 92 ta qo‘shimcha shtat birliklari ajratildi. Bu esa o‘z navbatida, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan xarajatlarni 18,2 mlrd so‘mga oshirgan.
Shuningdek, milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi doirasida badiiy film, hujjatli film va multiplikatsion filmni suratga olish, shuningdek, qisqa metrajli va bolalar yumoristik filmlarini suratga olish xarajatlariga joriy yilning I choragida 19,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,9 mlrd so‘mga ko‘pdir.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlarining gonorar to‘lovlari, radio aloqa, radio eshittirish va televideniya markazi xizmati (SRRT) hamda boshqa amalga oshirilgan xarajatlar hisobiga o‘tgan yilgi raqamlarga nisbatan xarajatlar 24 mlrd so‘mga oshgan.
O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining qaroriga asosan sport maktablari hamda olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari ayrim xodimlarining bazaviy tarif stavkalari 2020 yil 1 yanvardan o‘rtacha 1,35 baravarga oshirilgan bo‘lib, natijada sport maktablarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari bo‘yicha xarajatlar 2019 yilning I choragiga nisbatan 58,3 mlrd so‘mga oshganligi sabab bo‘lgan.
Ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam, kompensatsiya to‘lovlari va aholi bandlik darajasini oshirishga Davlat byudjetidan hisobot davrida 1,668 trln so‘mni yoki o‘tgan yilning mos davrida ajratilgan mablag‘ga nisbatan 293,6 mlrd so‘m ko‘proq mablag‘ ajratildi, o‘sish 21,4 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiyotga amalga oshirilgan xarajatlar joriy yilning I choragida 3,158 trln so‘mni tashkil qilib, ushbu xarajatlar jami Davlat byudjetining I chorak xarajatlarining 11,4 foizini tashkil etdi. Iqtisodiyot xarajatlari asosan quyidagi yo‘nalishlarga amalga oshirildi:
- suv xo‘jaligi ekspluatatsiyasi xarajatlari — 926,6 mlrd so‘m;
- umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarni rivojlantirish xarajatlariga — 603,2 mlrd so‘m;
- aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish xarajatlari — 438,1 mlrd so‘m;
- ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish xarajatlariga — 180,2 mlrd so‘m;
- uy-joy kommunal ishlariga — 166,1 mlrd so‘m;
- sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash xarajatlariga — 82,1 mlrd so‘m;
- Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish xarajatlariga — 47,7 mlrd so‘m.
Davlat hokimiyati, boshqaruv, adliya, prokuratura va sud organlari ta’minotiga hisobot davrida 1,781 trln so‘m yoki jami Davlat byudjeti xarajatlarining 6,4 foizi yo‘naltirildi.
Davlat byudjeti ijrosining iqtisodiy tasnif bo‘yicha ijrosini tahlili ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarning jami xarajatlarning ulushi o‘tgan yilning 1 choragidagi 35,2 foizdan hisobot davrida 39 foizga yetganligini ko‘rsatmoqda. Joriy yilning I choragi davomida byudjet tashkilotlarining qariyb 10,8 trln so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda 2,3 trln so‘mdan ortiq ish haqiga nisbatan ajratmalari o‘z muddatlarida to‘liq moliyalashtirilishi ta’minlandi.
Shuningdek, hisobot davrida 1,6 trln so‘mlik kapital qo‘yilmalar va 12,8 trln so‘mlik boshqa xarajatlar moliyalashtirildi.
Manba: Moliya vazirligi
Joriy yilning I choragida subsidiyalar miqdorining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Pensiya jamg‘armasiga 655 mlrd so‘m miqdorida transfert ajratilishi sabab bo‘lgan.
Manba: Moliya vazirligi
Mahalliy byudjetlar ijrosi
Hisobot davrida mahalliy byudjetlarning daromadlar qismi prognozga nisbatan 113,2 foizga bajarildi yoki 6,263 trln so‘mni, xarajatlar qismi esa rejaga nisbatan 89,8 foizga ijro etilib, 9,508 trln so‘mni tashkil etdi. 2020 yilning I choragi davomida mahalliy byudjetlarda quyidagilar hisobidan 1 781,3 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha xarajat manbalari hosil bo‘lgan:
- 2020 yil 1 yanvar holatiga shakillangan erkin qoldiq mablag‘lari 1 755,3 mlrd so‘m; — davlat daromadiga o‘tkazilgan mol-mulkni sotishdan tushgan tushumlar (musodara) 11,8 mlrd so‘m;
- davlat mulkini xususiylashtirish hisobidan tegishli byudjetga tushgan pul mablag‘lari miqdori 7,4 mlrd so‘m;
- yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablag‘lari 6,8 mlrd so‘mni tashkil etib, mazkur daromadlar mahalliy hokimiyat organlarining mustaqil tasarruf etadigan qo‘shimcha mablag‘lari sifatida shakllandi.
Shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimliklarining tegishli qaror (farmoyish) lari bilan turli tadbirlarni moliyalashtirish uchun 1,368 trln so‘mlik mablag‘lar yo‘naltirildi.
Xususan, mahalliy byudjetlarning erkin qoldiq, musodara, xususiylashtirish va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan pul mablag‘lari hisobidan quyidagi xarajatlarga mablag‘ ajratildi:
- “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarining 2019 yil ijrosidagi qarzdorliklari uchun — 193,0 mlrd so‘m;
- hudud ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish Dasturlariga — 523,3 mlrd so‘m;
- hududlarni obodonlashtirish xarajatlariga- 101,8 mlrd so‘m
- harbiy-ma’muriy sektor jamg‘armasiga- 64,6 mlrd so‘m
- Byudjet tashkilotlarining xo‘jalik xarajatlari va moddiy bazasini mustahkamlash uchun -114,5 mlrd so‘m yo‘naltirildi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 29 iyundagi 445-sonli qarori bilan moliya va soliq idoralari o‘zaro hamkorlik qilishi belgilab qo‘yilgan. Uning ijrosini ta’minlash maqsadida moliya va soliq idoralari hamkorligida o‘tkazilgan monitoring va o‘rganishlar natijasida 2020 yil 1 aprel holatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetiga jami 125,9 mlrd so‘mlik qo‘shimcha daromadlar jalb qilindi. Jumladan:
- jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan 40 446 ta turar va noturar-joy ob’yektlari xatlovdan o‘tkazish natijasida 9,9 mlrd so‘m;
- 44,544 ta jismoniy shaxslarning yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish natijasida 12,9 mlrd so‘m;
- davlat ro‘yxatdan o‘tmasdan yakka tartibda faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha 22 457 ta holat aniqlanib, 40,8 mlrd so‘m;
- umumiy ovqatlanish korxonalarida o‘rganishlar o‘tkazilishi natijasida 1 235 ta holatda ishchi xodimlariga qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat shartnomalari
- boshqa faoliyatlar bo‘yicha tashkil qilingan monitoring, xatlov va o‘rganish davomida jami 15 250 ta holatda 53,1 mlrd so‘m byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga qo‘shimcha daromadlar zaxiralari aniqlangan.
Izoh qoldirish