Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yil 31 avgust kuni qabul qilingan «Yevropa investitsiya banki ishtirokida «O‘zbekistonda global koronavirus pandemiyasi davrida zarar ko‘rgan tadbirkorlik sub’yektlarini favqulodda qo‘llab-quvvatlash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi, deb yozmoqda Norma.uz.
Hujjat Prezidentning 22.04.2020 yildagi «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, byudjet, bazaviy infratuzilma va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun tashqi yordam mablag‘larini jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Yevropa investitsiya banki (YeIB) Direktorlar kengashi O‘zbekistonda global koronavirus pandemiyasi davrida zarar ko‘rgan tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 15 yil muddatga 5 yillik imtiyozli davri bilan 100 mln AQSh dollarigacha revolver shaklida kredit liniyasini taqdim etishni ma’qulladi.
Quyidagi tijorat banklariga kredit liniyalari taqdim etiladi:
- «O‘zsanoatqurilishbank» ATBga - 30 mln AQSh dollari;
- «Mikrokreditbank» ATBga - 35 mln AQSh dollari;
- «Qishloq qurilish bank» ATBga - 35 mln AQSh dollari.
Bitta investitsiya loyihasi uchun YeIB mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik sub’yektlariga beriladigan kreditlarning maksimal qiymati 12,5 mln yevro ekvivalentiga teng bo‘lgan miqdordan oshirilmaydi hamda loyihaning maksimal qiymati 25 mln yevro ekvivalentidan oshmaydi.
Ishtirok etuvchi tijorat banklariga taqdim etilayotgan YeIB kredit liniyasining kamida 30%i YeIB mezonlariga ko‘ra ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Tijorat banklari ijro etuvchi organlar bo‘lib, qayta moliyalashtirilgan YeIB kreditlardan maqsadli va samarali foydalanish uchun javob beradi. Kreditni qaytarish, foizlar va boshqa xarajatlarni to‘lash qayta moliyalashtirilgan kredit miqdorida ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi loyihani muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi.
YeIBning loyiha bo‘yicha kreditini jalb qilish grafigi tasdiqlandi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 31.08.2021 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish