Mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadi

Mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadi

“Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga “E-qaror” elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (390-son, 22.06.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021 yil 1 iyuldan:

- barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari “E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshiriladi;

- ushbu elektron tizimni chetlab o‘tgan holda qaror va farmoyishlarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi;

- qarorlarning tartibga solish ta’sirini baholash elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Qaror bilan mazkur sohani tartibga solishga qaratilgan nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, loyiha “E-qaror” elektron tizimi orqali manfaatdor tashkilotlar bilan kelishish uchun yuboriladi.

Manfaatdor tashkilotlar loyihani 3 kun muddatda ish yurituviga qabul qiladi hamda ko‘rib chiqadi.

Loyihalar yuzasidan belgilangan muddatlarda “E-qaror” elektron tizimi orqali munosabat bildirilmagan taqdirda, loyiha kelishilgan hisoblanadi.

Nizomga ko‘ra, Adliya vazirligi:

- hujjatlar loyihalarini faqat “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinish jarayonlarining doimiy monitoringini olib boradi;

- monitoring natijalariga ko‘ra elektron tizim orqali kelishish uchun yuborilgan hujjatlar loyihalari yuzasidan manfaatdor tashkilotlarning belgilangan muddatda munosabat bildirmagan rahbar va mas’ul xodimlariga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llaydi.

Eslatib o‘tamiz, “E-qaror” elektron tizimi dastlab Hukumat qarori bilan 2021 yil yanvar-may oylarida Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida sinovdan o‘tkazilishi, shuningdek 2021 yil 1 iyuldan boshlab respublikaning barcha darajadagi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida joriy etilishi belgilangan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar