Hukumat qarori (150-son, 02.04.2022 y.) bilan Ko‘chmas mulk ijara yoki tekin foydalanish shartnomalarini davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Reglamentga ko‘ra, ijaraga beruvchi ko‘chmas mulk shartnomasini tuzilganidan 3 kundan kechiktirmay soliq organida hisobga qo‘yishi shart.
Shartnomani hisobga qo‘yganlik uchun to‘lov undirilmaydi.
Ko‘chmas mulk birlamchi ijaraga (tekin foydalanishga) olgan shaxs tomonidan ikkilamchi ijaraga (tekin foydalanishga) berilishi mumkin. Ikkilamchi ijaralar ham soliq organlarida hisobga qo‘yilishi kerak.
Shartnomani hisobga qo‘yish Davlat soliq qo‘mitasining axborot tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.
Ijaraga beruvchi tomonidan tizim orqali yuborilgan shartnoma ijaraga oluvchi tomonidan 5 kunda tasdiqlanmasa shartnoma soliq organlarida hisobga olinmaydi.
Shartnoma hisobga qo‘yilganda QR-kodli guvohnoma beriladi.
Shartnoma taraflar kelishuviga binoan yoki boshqa tartibda muddatidan oldin bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, ijaraga beruvchi tomonidan onlayn hisobdan chiqariladi.
Izoh qoldirish