Hukumat qarori (312-son, 07.06.2022 y.) bilan “Yoshlar daftari”ni yuritish orqali yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Nizomga ko‘ra, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga quyidagi yordam turlari ko‘rsatiladi:
- moddiy ahvoli og‘ir yoshlarga bir martalik moddiy yordam (BHMning 4 baravarigacha) beriladi;
- yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning 75 foizigacha qismi (bir oygacha BHMning 4, bir oydan ikki oygacha BHMning 8, ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun BHMning 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi) qoplab beriladi;
- tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yoshlarga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi;
- Respublikadagi professional ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan, shuningdek, O‘zbekistondagi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchi-talabalarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarinnig bir qismi qoplab beriladi;
- Yoshlarga ta’lim, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalar sohasiga va fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan nodavlat ta’lim tashkilotining 3 oy muddatgacha noturar joy ijara xarajatlari uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda qoplab beriladi;
- nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan yoshlarga yakka tartibdagi o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurish uchun 33 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Nizomga ko‘ra, yoshlarga quyidagi miqdorlarda subsidiyalar ajratiladi:
- 0,1 gektardan 1 gektargacha yer maydoni ajratilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun BHMning 8 baravarigacha;
- tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga asbob-uskuna yoki mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha;
- yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarni o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha 6 oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha;
- yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi 6 oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 1 baravarigacha;
- yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish uchun ishtirokchilarning yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 4 baravarigacha hamda ushbu olimpiada, tanlov va musobaqalarning xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun BHMning 40 baravarigacha;
- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bemor yoshlarga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun BHMning 50 baravarigacha;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda.
Izoh qoldirish