Markaziy bank: Aholining go‘sht mahsulotlari uchun o‘rtacha oylik xarajatlari sezilarli darajada qisqargan

Markaziy bank: Aholining go‘sht mahsulotlari uchun o‘rtacha oylik xarajatlari sezilarli darajada qisqargan

Markaziy bank joriy yil II chorak yakunlari bo‘yicha uy xo‘jaliklarining daromadlari va xarajatlari, ularning tarkibi, koronavirus pandemiyasi va inflyasiyaning turmush darajasiga ta’sirini o‘rgandi.

Tahlillar Uy xo‘jaliklari daromadlari va xarajatlari bo‘yicha so‘rov (UDXS)1 natijalari hamda hududlar kesimidagi iste’mol narxlari indeksi (INI)2 ma’lumotlari asosida amalga oshirildi. So‘rov natijalari bo‘yicha oilaviy daromadlar tarkibi va undagi o‘zgarishlar guruhlarga bo‘lib tahlil qilinganda, so‘rovnomada ishtirok etgan respondentlarning asosiy qismi – 35,0 foizi o‘rtacha 2-4 mln. so‘m oylik daromad ega ekanligini ma’lum bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkich joriy yil I choragidagi so‘rovda 38,7 foizni tashkil etgan (1-rasm).

1-rasm. Uy xo‘jaliklarining daromad darajasi bo‘yicha tasniflanishi

Respondentlarning 21 foizida oilaviy o‘rtacha oylik daromad 2 mln. so‘mgacha bo‘lib, ushbu guruh ulushi I chorakka (8 foiz) nisbatan sezilarli darajada o‘sgan. II chorakdagi so‘rovda mazkur kam daromadli guruh ulushining sezilarli o‘sishi karantin cheklovlari ta’sirida norasmiy sektor va xizmatlar sohasida ish joylarining qisqarishi hisobiga aholi daromadlarining kamayganligi bilan izohlanadi.

Shuningdek, o‘rtacha 4-6 mln. so‘m daromadga ega uy xo‘jaliklarining ulushi ham I chorakdagi 31 foizdan II chorakda 22 foizgacha pasaydi. So‘rovnomada ishtirok etgan jami respondentlardan 56 foizi pandemiya sababli oilaviy daromadlarining kamayganligini ta’kidlagan bo‘lsa, 15 foizi daromadsiz qolganligini bildirgan. Shuningdek, respondentlarning 48 foizi pandemiya natijasida oilaviy jamg‘armalari kamayganligini, 28 foizi esa oilaviy jamg‘armasiz qolganligini ta’kidlagan (2-rasm).

2-rasm. Pandemiyaning uy xo‘jaliklari daromad va jamg‘armalariga ta’siri

So‘rov ma’lumotlari asosida, uy xo‘jaliklarining ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga o‘rtacha oylik xarajatlari tahlil qilindi. Bunda, II chorakda barcha daromad guruhidagi aholining asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha xarajatlari I chorakka nisbatan sezilarli darajada qisqargan. Mazkur holat koronavirus pandemiyasi davrida aholi daromadlarining kamayishi hamda xarajatlarning optimallashtirilishi bilan izohlanadi (3-rasm). Uy xo‘jaliklarining go‘sht mahsulotlari uchun o‘rtacha oylik xarajatlari II chorakda oldingi chorakka nisbatan sezilarli darajada qisqargan. Xususan, oylik daromadi 2 mln. so‘mgacha bo‘lgan aholining oylik o‘rtacha go‘sht mahsulotlari xaridi I chorakka nisbatan 39,5 foizga yoki 107 ming so‘mga kamayib, 164 ming so‘mni tashkil etgan. Mazkur farq oylik daromadi 2-4 mln. so‘m bo‘lgan uy xo‘jaliklarida 161 ming so‘mga, daromadi 10 mln. so‘mdan yuqori bo‘lgan uy xo‘jaliklarida 528 ming so‘mni tashkil etdi.

3-rasm. Uy xo‘jaliklarining ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga xarajatlari (ming so‘mda)

II chorakdagi karantin cheklovlari uy xo‘jaliklarining xizmatlar uchun xarajatlariga ham sezilarli darajada kamaytiruvchi ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, ushbu chorakda uy xo‘jaliklarining transport xizmatlari bo‘yicha xarajatlari o‘tgan chorakdagi o‘rtacha oylik xarajatlarga nisbatan – 16 foizga kamaydi (4-rasm).

4-rasm. Uy xo‘jaliklarining ayrim turdagi xizmatlar uchun o‘rtacha xarajatlari (ming so‘mda)

Kommunal to‘lovlar hamda internet va telefon uchun xarajatlar ham barcha daromad guruhlari uchun o‘rtacha – 2 foizga kamaygan bo‘lib, karantin davrida mazkur to‘lovlarni kechiktirib to‘lash imkoniyatining yaratilganligi bilan izohlanadi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida 2020 yilning yanvar-iyun oylari uchun aholi jon boshiga daromadlar hajmi va hududiy inflyasiya ko‘rsatkichlari tahlil qilindi (5-6-rasmlar). Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil I yarim yillikdagi aholi daromadlari va inflyasiya darajasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar hududlar kesimida bir-biridan sezilarli farq qiladi.

5-rasm. Hududlar kesimida 2020 yil yanvar-iyun oylarida aholi jon boshiga daromadlar hajmi (mln. so‘mda)

2020 yil I yarim yillikda respublika bo‘yicha aholi jon boshiga o‘rtacha daromad 5,2 mln. so‘mni tashkil etib, faqatgina Toshkent shahri, Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlari aholisining o‘rtacha daromadlari ushbu o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan. Qolgan barcha hududlarda aholi jon boshiga o‘rtacha daromad respublika bo‘yicha o‘rtacha daromaddan kam bo‘lgan. 2020 yil yanvar-iyun oylarida respublikamizda iste’mol narxlari indeksi 4,6 foizga teng bo‘ldi. Hududlar kesimida Toshkent shahri, Buxoro, Toshkent, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida inflyasiya darajasi o‘rtacha respublika inflyasiya darajasidan yuqori bo‘lgan (6-rasm). Daromadlari yuqori bo‘lgan hududlarda (Toshkent shahri, Buxoro va Toshkent viloyatlari) inflyasiya darajasining ham yuqori bo‘lishi daromadlar oshishi va inflyasiya darajasi o‘rtasidagi ijobiy bog‘liqlikni ko‘rsatadi.

Uy xo‘jaliklari nisbatan past daromadga ega bo‘lgan hududlar, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Farg‘ona, va Surxondaryo viloyatlaridagi inflyasiya darajasi mamlakatdagi o‘rtacha inflyasiya darajasidan pastroq bo‘lib, mazkur hududlarda mamlakat umumiy aholisining 27 foizi istiqomat qiladi.

6-rasm. Hududlar kesimida 2020 yil I yarim yillikda iste’mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha inflyasiya darajasi (foizda)

I yarim yillikda oziq-ovqat tovarlari inflyasiyasi nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar inflyasiyasidan yuqori bo‘lib, bunga karantin sharoitida aholi tomonidan asosan birlamchi ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalariga nisbatan talabning yuqori bo‘lganligi va boshqa xarajatlar (nooziq-ovqat mahsulotlari xaridi yoki xizmatlardan foydalanish) zaruriyat bo‘lmaganligi sababli kechiktirilganligi bilan bog‘liq (6-rasm).

So‘rov natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha bir oilaga to‘g‘ri keluvchi o‘rtacha oylik daromadlar va xarajatlar o‘rtasidagi ijobiy farq 292 ming so‘mni tashkil etgan. Xususan: - Toshkent shahri, Buxoro, Andijon, Xorazm va Navoiy viloyatlarida ijobiy farqi 400 ming so‘mdan yuqorini; - Jizzax, Namangan, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlarida ijobiy farq 100-300 ming so‘m atrofida;

- Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ijobiy farq 100 ming so‘mdan kamni; - Surxondaryo viloyatida esa salbiy farq 172 ming so‘mni tashkil etdi (7-rasm).

7-rasm. Uy xo‘jaliklarining oylik o‘rtacha daromadlari va xarajatlari (hududlar kesimida, ming so‘mda)

Umuman olganda, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, uy xo‘jaliklari daromadlari va xarajatlari o‘zgarishini quyidagilar bilan izohlash mumkin:

  • koronavirus pandemiyasi va uning tarqalishiga qarshi karantin cheklovlarining joriy etilishi iqtisodiy faollikni pasaytirish bilan bir qatorda uy xo‘jaliklari daromadlariga ta’sir qilgan, ularning jamg‘armalarining qisqarishiga va mos ravishda xarajatlarining optimallashishiga olib keldi;
  • karantin sharoitida aholi, birinchi navbatda, birlamchi ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar – oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalariga xarajatlarni amalga oshirgan bo‘lib, nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar iste’molini keskin kamaytirgan. Bunda, xizmatlar sohasidagi cheklovlar hamda buyum bozorlarining yopilishi ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgan;
  • uy xo‘jaliklari tomonidan asosan oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilinishi, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari inflyasiyasining nisbatan tezlashishiga olib kelgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari inflyasiyasining nisbatan yuqoriligi – aholi tomonidan inflyasiyaning yuqoriroq sezilishiga sabab bo‘lgan.

  • Mazkur holat vaqtinchalik xarakter kasb etib, karantin cheklovlarining bosqichma-bosqich yumshatilishi, bozorlarni meva-sabzavotlar bilan to‘yinishi hamda hududlar o‘rtasida oziq-ovqat logistikasining to‘liq qayta tiklanishi bilan oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqarorlashishi kutilmoqda;
  • hududlar kesimida daromadlar va inflyasiya darajasi turlicha bo‘lib, bunda daromadlar miqdori yuqori bo‘lgan hududlarda inflyasiya darajasi ham nisbatan yuqoriligi va aksincha, daromad darajasi nisbatan past hududlarda inflyasiyaning ham nisbatan past bo‘lishi kuzatildi;
  • respublikamizning aksariyat hududlarida uy xo‘jaliklarining daromadlari bilan xarajatlari o‘rtasida ijobiy farq kuzatildi (Surxondaryo viloyatidan tashqari). Bunda, ushbu ijobiy farqning I chorakka nisbatan 47 foizga yoki 258 ming so‘mga qisqarganligi, umuman olganda mazkur chorakda aholining daromadlariga nisbatan xarajatlarining tezroq sur’atlarda o‘sganligi bilan izohlanadi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar