Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi

Yillik inflyasiya ko‘rsatkichlari yillik prognoz doirasida shakllanib borayotgan bo‘lsa-da, global va ichki iqtisodiyotda bir qator inflyasion xatarlar saqlanib qolayotganligi hamda 2022 yil inflyasiya prognozlariga erishish uchun mutanosib pul-kredit sharoitlarini yaratish maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Inflyasiya va inflyasion kutilmalar. 2021 yilning noyabr oyida yillik inflyasiya ko‘rsatkichi 10,3 foizni tashkil etdi. Bunda, yuqori baza effekti hisobiga inflyasiyaning yoqilg‘i va trasport xizmatlaridan tashqari barcha guruhlarida yillik o‘sish sur’atlari o‘tgan oylarga nisbatan sekinlashdi.

Noyabr oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 13,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, nooziq-ovqat va xizmatlar guruhlariniki mos ravishda 7,9 va 8,1 foiz darajasida bo‘ldi.

Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar, yoqilg‘i mahsulotlari va tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) o‘zgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyasiya darajasi 8,9 foizgacha pasaydi. Bunda, bazaviy inflyasiyaning umumiy inflyasiyaga oshiruvchi hissasi 6,8 foizni tashkil etib, 2018 yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rovlarda kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari mos ravishda 16,5 foiz va 15,6 foiz darajasida shakllandi. Bunda, respondentlar inflyasion kutilmalarning asosiy omillari sifatida yoqilg‘i mahsulotlari va transport xarajatlarining qimmatlashishi, pandemiya bilan bog‘liq noaniqliklarning ishlab chiqarish va mahsulot yetkazib berishga (import) ta’sirini keltirishgan.

Iqtisodiy faollik va yalpi talab. Joriy yilning 11 oyida qayd etilgan iqtisodiy faollik va tarmoqlardagi ijobiy ko‘rsatkichlarni hisobga olib yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish sur’ati 6,5-7,2 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Iqtisodiyotning real sektori korxonalari o‘rtasida noyabr oyida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, iqtisodiy faollik indeksi biroz mavsumiy pasayish tendensiyasiga ega bo‘lsa-da, ijobiy darajada shakllanib, 53,4 tashkil etdi (o‘rtacha yillik 52,9).

2021 yil ikkinchi yarmidan boshlab keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan fiskal rag‘batlantirishlar va pul-kredit siyosatining joriy sharoitlari 2022 yilning birinchi yarmida ham iste’mol talabi va investitsion faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiy o‘sish sur’atlar o‘zining uzoq muddatli ko‘rsatkichlariga, iqtisodiyot esa o‘z salohiyatli darajasiga yaqinlashadi.

Kreditlash faolligining saqlanib qolishi natijasida yanvar-noyabr oylarida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 31 foizga o‘sgan bo‘lsa, kreditlarning qaytuvchanlik darajasi 14 foiz bandga yaxshilanib, 72 foizga yetdi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlar. Yil boshidan boshlab tashqi iqtisodiy sharoitlar asosiy oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxining sezilarli qimmatlashishi fonida inflyasion jarayonlarning tezlashishi hamda bunga javoban ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarda pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi sharoitida shakllanmoqda.

Shu bilan birgalikda, dastlab aksariyat markaziy banklar tomonidan oziq-ovqat va energiya resurslari narxlari bilan bog‘liq inflyasion jarayonlar vaqtinchalik ahamiyat kasb etishi e’tirof etilgan bo‘lsa, endilikda inflyasion xatarlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Yanvar-noyabr oylari davomida so‘m almashuv kursi 10449-10787 so‘m/AQSh dollari oralig‘ida tebrandi. Bunda, noyabr oyida tashqi sharoitlar o‘zgarishiga javoban so‘m almashuv kursi devalvatsiya sur’atlari biroz tezlashdi va yil boshidan 3 foizga qadrsizlandi.

Mamlakatimizga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 11 oyda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga o‘sib, 7,3 mlrd. dollarga yetdi va aholining iste’mol talabini qo‘llab-quvvatlovchi omillardan bo‘lmoqda.

Pul-kredit sharoitlari. Banklararo pul bozoridagi vaziyat nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlariga mos tarzda shakllanmoqda. Bunda, qisqa muddatli resurslar segmentida o‘rtacha foiz stavkalar noyabr oyi yakunlari bo‘yicha 13 foizni tashkil etib, inflyasiyaga nisbatan 2,4 foizlik real ijobiy darajada bo‘ldi.

Banklarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari oktyabr oyida biroz pasayuvchi dinamika hosil qilib, jismoniy shaxslar uchun 19,6 foiz, yuridik shaxslar uchun 15,1 foiz darajasida shakllanib, mos ravishda 8,1 foiz va 4,1 foizlik real ijobiy stavkalar qayd etildi.

Bu o‘z navbatida, yanvar-noyabr oylarida milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar hajmining 42 foizga, shundan, aholi depozitlari hajmining 63,3 foizga o‘sishiga xizmat qildi.

Kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar dinamikasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmayapti. Bunda, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari oktyabr oyida 21,5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar bo‘yicha – 21 foizga teng bo‘ldi.

Inflyasion xatarlar. Inflyasiya sur’atlarining joriy pasayuvchi dinamikasi yil so‘ngigacha 10 foizlik inflyasion maqsadga erishish bo‘yicha ishonchni oshirayotgan bo‘lsa, kelgusi yildan fiskal jihatdan konsolidatsiyaning boshlanishi, pul-kredit sharoitlarining nisbatan qat’iy darajada saqlanib qolayotganligi va narxlarga ta’sir etuvchi nomonetar omillarni pasaytirish bo‘yicha ko‘riladigan choralar 2022 yilda 9 foizlik inflyasion prognozga erishishning asosiy omillaridan hisoblanadi.

Ayni paytda, jahonda kuzatilayotgan global inflyasiya fonida asosiy oziq-ovqatlar va import tovarlari narxlari o‘sishining ichki bozordagi mahsulotlarga o‘tkazma ta’sirlarini yumshatish bo‘yicha choralarni davom ettirish muhim hisoblanadi.

Yoqilg‘i-energiya mahsulotlari narxlarining oxirgi uch oyda sezilarli o‘sganligi transport, yo‘lovchi tashish, yetkazib berish va logistika xizmatlari narxlarining ham oshishiga olib keldi. Bu, o‘z navbatida, aholining inflyasion kutilmalari uchun ham asosiy oshiruvchi ahamiyat kasb etmoqda. Kelgusida inflyasion xatarlarni pasaytirish masalasi, birinchi navbatda, ushbu mahsulotlar narxlari oshishini oldini olish vazifasini kun tartibiga chiqarmoqda.

Bundan tashqari, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini muvozanatlashtirish, ushbu tovarlar guruhidagi mavsumiylik darajasini pasaytirish va mahsulotlar taklifini oshirish masalalarining tizimli tarzda hal etilishi narxlar barqarorligini ta’minlash va aholi xarid qobiliyatini yaxshilashning muhim omili sanaladi.

Ichki valyuta bozoridagi vaziyat, so‘mning real samarali almashuv kursi dinamikasi va unga nisbatan yuqori bosimning mavjud emasligi, Markaziy bankning milliy valyuta almashuv kursi keskin tebranishlarini oldini olish bo‘yicha yetarli imkoniyatlarga ega ekanligi kelgusi oylarda yuqori devalvatsion kutilmalarga asos mavjud emasligini anglatadi.

Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyasion omillar va xatarlarni tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rib boradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar