Joriy yil 17-iyun’ kuni Qozog‘iston Respublikasining poytaxti Ostona shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Xitoy Xalq Respublikalari rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi “Markaziy Osiyo–Xitoy” sammiti doirasida muhim hujjat — bojxona organlarida xavflarni boshqarish tizimi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv Memorandumi imzolanishi kutilmoqda.
Ushbu hujjat mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, bojxona nazorati sohasida strategik sheriklikni rivojlantirish hamda xavfsiz va soddalashtirilgan savdo tizimini shakllantirishni maqsad qilgan.
Mazkur kelishuvda xavfli tovarlar, transport vositalari va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari to‘g‘risida axborot almashinuvi mexanizmni joriy etish, shuningdek, kontrabanda va bojxona qonunchiligini buzish holatlariga qarshi kurashish sohasida yaqin hamkorlik, kelgusida o‘zaro muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, memorandum bojxona organlari xodimlari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish va ilg‘or tajriba almashish bo‘yicha rejalarni ham o‘z ichiga oladi. Bu esa, nafaqat bojxona tizimining professional darajasini oshiradi, balki mintaqa davlatlari o‘rtasidagi ishonchni yanada kuchaytiradi.
Memorandum xalqaro va mintaqaviy maydonlarda yagona va kelishilgan pozitsiyalar ishlab chiqish, istiqbolda bojxona siyosatining uyg‘unlashuvini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu orqali esa bojxona sohasida yagona standartlar
va yondashuvlar joriy etilishi mumkin bo‘ladi.
Mazkur hamkorlik hujjati tadbirkorlik sub’yektlari uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, sohada byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, TIF jarayonlarini tezlashtirish hamda halol tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Memorandum savdo infratuzilmasining ishonchli va tez ishlashiga xizmat qiladi. Jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, Andijon orqali o‘tuvchi avtomobil yo‘llari kabi strategik yo‘nalishlarda nazoratning raqamlashtirilishi transport oqimlarini tezlashtiradi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning eksport-import salohiyati kengayadi.
Misol uchun, kelgusida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo hajmini 20 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan (2023-yilda bu ko‘rsatkich 13,7 mlrd dollar bo‘lgan).
O‘zbekiston Respublikasining Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy bilan olib borayotgan bojxona faoliyati statistik tahliliga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, xususan 2024-yil davomida import operatsiyalari bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi turli “yo‘laklar” asosida amalga oshirilgan.
Jumladan, importda 78% tovarlar soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan “yashil” yo‘lak orqali 13%, “sariq” yo‘lak orqali 65% va “qizil” yo‘lak orqali 22% ni tashkil qilgan. Bu, o‘z navbatida, bojxona tizimining zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda xavflarni baholash tizimini samarali joriy qilganini anglatadi.
Bu ko‘rsatkichlar eksportda yanada yuqori darajaga, jumladan 2024-yil davomida O‘zbekiston Respublikasidan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyga eksport qilingan tovarlarning 96% soddalashtirish tartibda rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 66% “yashil”, 30% “sariq” va 4% “qizil” yo‘laklar tashkil etgan.
Mazkur natijalar, ayniqsa, “yashil” yo‘lak orqali o‘tgan tovarlar ulushining ortishi, bojxona tizimidagi islohotlar va xavfni boshqarishga asoslangan yondashuvlarning amaliy natijasidir. Bunday tizim halol tadbirkorlarni rag‘batlantirish va ularning bojxona jarayonlarida ortiqcha yuklardan xoli bo‘lishini ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytiganda, imzolanishi kutilayotgan Memorandum Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga, bojxona sohasida muvofiqlikni ta’minlashga va mintaqaviy integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu hujjat O‘zbekiston bojxona tizimining islohotlarga ochiqligini, xalqaro standartlarga mos ravishda yangilanalayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Kelgusida mazkur hamkorlik mintaqadagi bojxona infratuzilmasini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish orqali yanada yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu esa global savdo tizimida Markaziy Osiyoni strategik markaz sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Bojxona Instituti bosh inspektori,
Nurbek Rahmatullayev
Izoh qoldirish