Mehnatiy migratsiyaning legallashuvi–YeII a’zo bo‘lishning afzalliklaridan biri yoki uning moliyaviy jihatlari haqida ayrim mulohazalar

Mehnatiy migratsiyaning legallashuvi–YeII a’zo bo‘lishning afzalliklaridan biri yoki uning moliyaviy jihatlari haqida ayrim mulohazalar

Foto: eurasian-studies.org

Sir emas, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra har yili vatandoshla-rimizning 2,3 mln.dan ortiqrog‘i o‘z oilasining “issiq bag‘ri”dan chiqib, Yevro-Osiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlarida belini bukib, peshona terini to‘kib, murakkab sharoitlarda mehnat qilishmoqda. Ularning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasiga (2,0 mln. atrofida) to‘g‘ri kelsa-da, qolganlari qo‘shni Qozog‘iston (0,3 mln.) va Qirg‘izistonda ham ishlayapti.

RFda ishlayotgan 2,0 mln. atrofidagi fuqarolarimizning 1,6 mln.iga ishlashga ruxsat (patent) berilmoqda. Uni bir yilga rasmiylashtirish uchun Rossiyada mehnat qilish ilinjida yurgan vatandoshlarimizning bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) va bilvosita (egri) xarajatlari 30,0-35,0 ming rubl (qariyb 500,0 AQSh dollari yoki 4,7 mln. o‘zbek so‘mi)ni tashkil etmoqda. Ularning qolganlari pinhona, har qadamda yuraklarini hovuchlab, o‘rni kelgan joylarida esa (qo‘lga tushib qolganlarida) ilojsiz “otni kallasi”dek jarimani to‘lab, faoliyat ko‘rsatishmoqda. Xalqimiz tilida aytilgandek “deport” bo‘lib, uzr “ikki qo‘lini burniga tiqib”, yana bir bor uzr, so‘ppayib, “quriq” qaytib kelayotganlarining soni ham – talaygina. Sababi: patent olish bahosi – qimmat; buning ustiga, migratsiya tartiblari ham – murakkab.

Ustiga-ustak, ishlayotganlarning barchasi har oyiga 3,0 ming rubldan 8,0 ming rubl (50,0-125,0 AQSh dollari yoki 0,5-1,2 mln.so‘m)gacha ish (mehnat) haqlaridan daromad solig‘ini ham to‘lashadi. Umuman olganda, RFda ishlayotgan yurtdoshlarimiz har birining shu mamlakat ixtiyoriga qonuniy tarzda qoldirayotgan daromadlarining miqdori yiliga 1700,0 AQSh dollarigacha yetib bormoqda.

Qozog‘istonda ishlashga ruxsat olish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni ish beruvchi qoplaydi, albatta. Uning miqdori esa yiliga 200,0 AQSh dollaridan 1000,0 AQSh dollarigacha yetib boradi. Lekin xursand bo‘lishga – hech hojat yo‘q. Zero, bu summani ham, oxir-oqibatda, ish beruvchi ishga yollanganning ko‘zini “moshdek” ochib va “hayrat”lantirib, uning hisobidan o‘ziga “qurtdek” sanab oladi. Xullas, bu yerda ham “ishlash huquqi” tekinga amalga oshirilmaydi. Nimasini aytasiz: bozorning qonun-qoidasi – ana shunday – shafqatsiz.

Endi quyidagi “arifmetika”larga bir e’tibor beraylik-a?!:

  1. RFda 2,0 mln. fuqaromiz ishlab, ularning har biri yiliga 1700,0 AQSh dollarini o‘sha mamlakatda qoldirayotgan bo‘lsa, bu yiliga 3,4 mlrd. AQSh dollari, demakdir. Uning so‘mdagi ekvivalenti esa deyarli 32,0 trill. so‘mdan oshib ketadi. Bu summani 2019 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining rejalashtirilgan daromadlari summasi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, uning qariyb 1/3 qismiga teng bo‘lishi mumkinligi aniq bo‘ladi;
  2. Qozog‘istonda 0,3 mln. hamyurtimiz ishlab va ularning har biri, boring-ki, 1000,0 AQSh dollarini o‘sha yerda “qoldirib” kelayotgan bo‘lsa, u holda bu 300,0 mln. AQSh dollariga teng bo‘lmoqda. Buning so‘mdagi ekvivalenti esa qariyb 3,0 trill. so‘mga tengdir. Bu ham mamlakatimiz Davlat byudjeti rejalashtirilgan daromadlari summasining deyarli 3,0%iga teng, demakdir;
  3. Yuqoridagi har ikki bandda keltirilgan raqamlarni umumlashtirsak, o‘zlariga mutlaqo yarashmaydigan “gastarbayter” nomi bilan “mashhur” bo‘lgan hamyurtlarimiz shu ikki holatning o‘zidayoq yiliga 3,5 mlrd AQSh dollaridan yoki 35,0 trill. so‘mdan ortiqroq summani o‘zga yurtlarda “sochib” kelayotganligi ma’lum bo‘ladi-qoladi. Bu, boshqa sharoitlar teng bo‘lganda, 2019 yil uchun rejalashtirilgan Davlatimiz byudjeti daromadlarining 34,0%iga teng bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

Shu munosabat bilan har birimiz o‘z-o‘zimizga quyidagi savollarni berib ko‘raylikchi, javobimiz qanday bo‘larkin?: Shu pullar o‘zga yurtlarda “He, yo‘q!”, “Be, yo‘q”siz “qolib” ketmasdan, o‘z yurtimizga qo‘shimcha tarzda “kirib” keladigan bo‘lsa, birortamizning qornimizni og‘ritarmikan? Buning turgan-bitgani “koni foyda” emasmi? Bu pullar evaziga qanchadan-qancha “kamchilik”larimizni “tuzat”masmidik?!

Endi esa masalaning quyidagi jihatlariga e’tibor beraylik-chi, qanday “manzara”ga guvoh bo‘larkanmiz? Xususan, O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi:

  1. Amalda uning barcha fuqarolariga legal (ochiq-oydin, erkin) ishlashga va o‘z “uy”lariga “jo‘natiladigan” pul o‘tkazilmalari hajmini oshirishga imkon beradi;
  2. “Ishlashga ruxsat”ni rasmiylashtirish xarajatlarining kamayishi, maqomining legallashuvi natijasida migrantlar soni va daromadlari darajasining o‘sishi hisobidan mamlakatimizga o‘tkaziladigan pul o‘tkazilmalarining hajmi hozirgisiga nisbatan bir necha martaga oshiradi;
  3. “Ishga joylashish” masalasida keng imkoniyatlarni taqdim etadi (fuqarolarimiz Ittifoqqa a’zo bo‘lgan mamlakat-larning hududlarida “qayddan o‘tmasdan” ham tegishli tartibga muvofiq o‘rnatilgan davr davomida bo‘lishlari mumkin; chegaralar kesib o‘tilayotgan paytda tegishli pasport asosida “migratsion karta”lar to‘ldirilmaydi; “ishga ruxsat berish” – rasmiylashtirilmaydi, buning uchun tegishli mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi o‘zining bo‘lishi yetarli va b.);
  4. Fuqarolarimizni himoyalanganlik huquqi bilan ta’minlaydi (mehnat staji inobatga olinadi; ularning farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnashish huquqiga ega bo‘ladi; “tez tibbiy yordam” tekinga xizmat ko‘rsatadi; fuqarolarimiz “sotsial paket”ga “kirish” huquqini qo‘lga kiritadi va b.);
  5. Mamlakatimiz fuqarolari huquqlarini himoya qilish borasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi Agentligining imkoniyatlarini kengaytiradi.

Xo‘sh, yuqorida qayd etilganlarning qay biri, ba’zi bir sabablarga ko‘ra, “rizqi sochilib ketgan” migrantlarimizning manfaatlariga mos kelmaydi? Buning ustiga, o‘sha migrantlarning biri birimizning - akamiz, ikkinchimizning – ukamiz, uchinchimizning – otamiz, to‘rtinchimizning – turmush o‘rtog‘imiz va h.k.larimiz emasmi?! Ne maqsadlarni ko‘zlab ularning aksariyati o‘zga yurtlarda yurishibdi? “Bolam-chaqam, oilam”, - deb emasmi?!

Shunday ekan, bu masalaga befarq qarab bo‘ladimi? Yoki unga nisbatan ham o‘ziga xos tarzda “o‘zbekchilik” qilib, har birimiz “ko‘rpa”ni o‘z-o‘zimizga qarab tortishimiz kerakmi?! “Aziz”lar! Axir bunday qilsak, “ko‘rpa”dan “ayrilib” qolamiz-ku?! Bundan kimga – yaxshi-yu, kimga – yomon?!...

Nazarimizda, YeOII a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik masalasiga nisbatan tegishli qaror qabul qilinayotgan paytda, jumladan, yuqorida qayd etilgan holat bilan birgalikda yana bir narsaga e’tibor berish kerak. Gap bu o‘rinda azal-azaldan bo‘yon dono va mehnatkash-u-zahmatkash xalqimiz tilidan aytilgan “Birlashgan – o‘zar, birlashmagan – to‘zar” to‘g‘risida ketmoqda. Bu hayot aksiomasi emasmi? Uni qay birimiz rad eta olamiz? O‘zish maqsadimizmi? Unda nima qilishimiz kerak ekan? “Retsept”ni xalqimizning o‘zi bergan ekan-ku! Bu masalada “diagnoz” ham o‘shalar tomonidan qo‘yilgan ekanmi? Unda...

Albatta, bizning yuqoridagi fikrlarimizdan “Mehnat migratsiyasi” bilan bog‘liq bo‘lgan masalaning salbiy jihatlarini ko‘rishga muallif qodir emas ekan”, - degan xulosani chiqarishga shoshilmang. Ulardan biz ham ogohmiz. Har narsaning yaxshi tomoni bo‘lganidek, uning yomon tomoni ham mavjud. Buni bilmasak, tabiat va jamiyat taraqqiyotining eng asosiy qonunlaridan biri bo‘lgan “qarama-qarshiliklar birligi va kurashi” qonunining amal qilishini oddiygina inkor etgan bo‘lamiz. Holbuki, buni rad qilgan “mard” oramizda yo‘q. Biz ham o‘shalar safidamiz. Shunday bo‘lsa-da, masalaning “salbiy tomonlari”ga e’tiboringizni qaratmoqchi emasmiz. Zero, bu masalada “ijobiy tomonlar” bilan “salbiy tomonlar” tarozi pallalariga qo‘yiladigan bo‘lsa, pallaning “ijobiy tomonlar”ga tegishli bo‘lgani keskin “bosib ketishi” va oxir-oqibatda, qanday qarorni qabul qilishimiz kerakligi – mutlaqo aniq.

Tohir MALIKOV

iqtisodiy fanlar doktori, professor

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar