Joriy yilning 25 yanvaridan 17 fevraligacha Xalqaro valyuta jamg‘armasi missiyasi XVJ shartnomasining IV moddasiga muvofiq 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining bir qator vazirlik va idoralari bilan onlayn shaklda maslahatlashuvlar o‘tkazdi.
Missiya natijalariga ko‘ra, XVJ tomonidan yakuniy hisobot e’lon qilindi.
Hisobotni ingliz tilidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin.
Tahlilchilar 2021 yilda iqtisodiy o‘sish 5% atrofida bo‘lishini kutishmoqda.
Yillik inflyasiya darajasi oziq-ovqat narxlari bosimi va davlat sektoridagi ish haqining oshishi tufayli 10% dan biroz kamroq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
XVJ O‘zbekistonga davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish va xususiy sektorning o‘sishiga yordam beradigan qulay muhit yaratishni tavsiya qiladi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston qonun ustuvorligi va hukumat shaffofligiga qat’iy rioya etilishini ta’minlab, boshqa mamlakatlar tajribasidan foydalanishi va yomon boshqaruv xatolaridan qochishi mumkin.
XVJ ekspertlarining fikricha, adolatli bozor iqtisodiyoti uchun kuchli va mustaqil institutlar yaratish zarur.
Bayonotda aytilishicha, COVID-19 pandemiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga nisbatan qisqa muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatdi va bunga hukumat tomonidan o‘z vaqtida qat’iy choralar ko‘rildi. Shu tufayli O‘zbekiston 2020 yilda iqtisodiy o‘sishni namoyish etgan sanoqli davlatlardan biriga aylandi.
Izoh qoldirish