Moliya vazirligi: Joriy yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi 1,6 mlrd. dollarga oshdi

Moliya vazirligi: Joriy yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi 1,6 mlrd. dollarga oshdi

Qayd etilishicha, 2020 yil 1 iyul holatiga O‘zbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati

ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 19,4 mlrd. dollar ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 34,0 foizni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov tashqi qarz masalasi keng muhokamalarga sabab bo‘layotgani haqida to‘xtalib o‘tdi va buni ijobiy ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, Odilbek Isoqov olinayotgan tashqi qarzlarning qayerga, qanday sarflanayotgani jamoatchilik nazoratida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Xususan, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi 1,6 mlrd. dollarga yoki yil boshiga nisbatan 10,5 foizga oshib, joriy yilning 1 iyul holatiga 17,31 mlrd. dollarga yoki YaIMga nisbatan 30,3 foizga yetdi.

Shundan:

- Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz - 11,6 mlrd. dollar;

- Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,7 mlrd. dollar.

Davlat ichki qarzi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 21,6 trln. so‘mni (2,1 mlrd. dollar) yoki YaIMga nisbatan 3,7 foizni tashkil etdi.

Shundan:

- Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 4,3 trln. so‘m (0,4 mlrd. dollar);

- Hukumat kafolatlagan ichki qarz – 17,3 trln. so‘m (1,7 mlrd. dollar).

Rasm 1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzi dinamikasi

(mlrd. AQSh dollari)

Ma’lum qilinishicha, davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me’yorlarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi (YaIMga nisbatan - 34,0 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YaIMga nisbatan - 30,3 foiz) mo‘’tadil darajada saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi davlat tashqi qarzi portfeli valyuta tarkibining 69,4 foizi - dollar, 11,9 foizi - yapon iyenasi, 10,7 foizi – SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 4,5 foizi – yevro, 3,5 foizi - boshqa valyutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar