O‘zbekiston 2020 yildan boshlab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) faoliyatida kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etadi. YeOIIga a’zo davlatlar (Armanistondan tashqari) O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari qatoriga kiradi. Xususan, Rossiya O‘zbekiston eksportida 1-o‘rinni, Qozog‘iston 3-o‘rinni, Qirg‘iziston 7-o‘rinni, Belarus 12-o‘rinni egallaydi.
O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan savdosi erkin savdo rejimida amalga oshiriladi.
O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari
O‘zbekiston tashqi savdosida 2025 yil yakunlariga ko‘ra YeOII mamlakatlarining ulushi umumiy tovar ayirboshlash hajmida 24,8%, eksportda 20,3% va importda 28,1% ni tashkil etdi.
2017–2025 yillar davomida O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,8 barobarga oshib, 7,2 mlrd dollardan 20,2 mlrd dollarga yetdi, eksport hajmi 2,1 barobarga o‘sib, 3,3 mlrd dollardan 6,9 mlrd dollarga yetdi, import esa 3,4 barobarga oshib, 3,9 mlrd dollardan 13,3 mlrd dollarga yetdi.
O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmining asosiy qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelib, 64,4% ni tashkil etadi, Qozog‘iston hissasi 24,7% ni tashkil qiladi, qolgan qismi Qirg‘iziston — 5,9%, Belarus — 4,8% va Armaniston — 0,2% hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonning YeOII mamlakatlariga eksportida Rossiya hissasi 63,2% ni, Qozog‘iston — 22,5% ni, Qirg‘iziston — 11,2% ni, Belarus — 2,7% ni va Armaniston — 0,4% ni tashkil etdi.
O‘zbekistonning YeOII mamlakatlaridan importida Rossiya hissasi 65,1% ni, Qozog‘iston — 25,8% ni, Belarus — 5,9% ni, Qirg‘iziston — 3,2% ni va Armaniston — 0,1% ni tashkil etdi.
2025 yilda O‘zbekistonning YeOII mamlakatlariga eksport va import tarkibi quyidagi tovar pozitsiyalaridan iborat bo‘ldi:
Eksport — 6,9 mlrd dollar, shu jumladan: sanoat tovarlari (ip-kalava, plastmassa va metalllar hamda ulardan tayyorlangan mahsulotlar) — 1,8 mlrd dollar; oziq-ovqat mahsulotlari (meva-sabzavotlar) — 1,33 mlrd dollar; turli tayyor mahsulotlar (tayyor kiyim-kechak) — 1,02 mlrd dollar; mashina va transport uskunalari (elektrotexnika tovarlari, transport vositalari va ularning qismlari) — 728,9 mln dollar; kimyo mahsulotlari (o‘g‘itlar, farmatsevtika mahsulotlari va boshqalar) — 366,5 mln dollar; ichimliklar va tamaki — 132,3 mln dollar; mineral yoqilg‘i (kerosin, dizel yoqilg‘isi) — 124 mln dollar; boshqa tovarlar — 106,5 mln dollar; oziq-ovqat bo‘lmagan xom ashyo — 97,2 mln dollar, shuningdek xizmatlar (asosan transport, shuningdek quvur transporti, moliyaviy, axborot, konchilik va boshqalar) — 1,2 mlrd dollar.
Import — 13,3 mlrd dollar, shu jumladan: sanoat tovarlari (metalllar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar) — 3,3 mlrd dollar; mineral yoqilg‘i (neft mahsulotlari, tabiiy gaz) — 2,8 mlrd dollar; oziq-ovqat mahsulotlari (don mahsulotlari, un, o‘simlik yog‘i) — 2,8 mlrd dollar; kimyo mahsulotlari (farmatsevtika mahsulotlari, kimyoviy birikmalar, plastmassa) — 1,1 mlrd dollar; oziq-ovqat bo‘lmagan xom ashyo (yog‘och, rudalar) — 1 mlrd dollar; mashina va uskunalar — 983,4 mln dollar; hayvon va o‘simlik yog‘lari (kungaboqar yog‘i) — 439,7 mln dollar; ichimliklar va tamaki — 209,4 mln dollar; turli tayyor mahsulotlar — 179,5 mln dollar, shuningdek xizmatlar (transport, sug‘urta, kompyuter xizmatlari va boshqalar) — 492,6 mln dollar.
Investitsiyaviy hamkorlik
2026 yil 1 mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonda YeOIIga a’zo davlatlar investitsiyalari ishtirokida 5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Faqat 2025 yilning o‘zida YeOII mamlakatlaridan 3,7 mlrd dollar investitsiyalar jalb qilingan (Rossiya — 2,6 mlrd dollar, Qozog‘iston — 870 mln dollar, Qirg‘iziston — 197 mln dollar, Belarus — 76,5 mln dollar, Armaniston — 4,7 mln dollar).
YeOII mamlakatlari eksport bozorlarining o‘rni
YeOII mamlakatlari bozorlari O‘zbekistonning tayyor mahsulotlari, jumladan meva-sabzavot, to‘qimachilik, mashinasozlik va boshqa tarmoqlar mahsulotlarining asosiy iste’molchilari hisoblanadi. Xomashyo mahsulotlari esa asosan uchinchi mamlakatlarga (Xitoy, Turkiya, Yevropa va boshqalar) yetkazib beriladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston umumiy eksporti tarkibidan oltin chiqarib tashlansa, YeOII mamlakatlariga eksport ulushi 29% ni tashkil etadi.
Masalan, 2025 yilda O‘zbekiston umumiy eksport hajmidan YeOII mamlakatlariga 1,6 ming tonnadan ortiq meva va sabzavot mahsulotlari (umumiy eksport vaznining 76%) 1,1 mlrd dollarga (meva-sabzavot eksporti umumiy qiymatining 55%) yetkazib berilgan. Shuningdek, to‘qimachilik mahsulotlarining 70% dan ortig‘i hamda mashina, uskuna va transport vositalarining qariyb 70% qismi ushbu bozorlarga yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, YeOII mamlakatlaridan sanoat korxonalari faoliyati va qurilish uchun zarur bo‘lgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (bug‘doy, un, o‘simlik va hayvon yog‘lari va boshqalar), iste’mol tovarlari, xom ashyo va materiallar (metallar, alyuminiy, yog‘och va boshqalar), shuningdek mashina va uskunalar import qilinadi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish