Moliya vazirligi 2030 yilga bo‘lgan muddat uchun “Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi loyihasi”ni e’lon qildi.
Loyiha aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta’minlash, davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishda samarali idoralararo muvofiqlashtiruvchi tizimni yaratish, aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarining manzilligi va samaradorligini oshirish, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, bolalarni himoya qilishni yanada yaxshilash, gender tengligini ta’minlashga ko‘maklashish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadi ilgari surilgan.
Loyihada 2022 yil 1 avgustdan boshlab, byudjetdan tashqari Moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan 5 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Jamg‘armaning joriy faoliyatini yuritishi va saqlanishi, moddiy-texnik ta’minoti va boshqaruvi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Jamg‘armaning asosiy maqsadi fuqarolarning kutilmagan holatlarda (vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, baxtsiz hodisa, ish o‘rinlarining qisqarishi va boshqa holatlarda) daromadsiz qolishdan himoya qilishdan iborat.
Quyidagilar jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- rasmiy ishlovchi xodimlarda ijtimoiy sug‘urta hodisalari yuzaga kelganda qonunchilikda belgilangan tartibda kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirilishini ta’minlash;
- Jamg‘arma tushumlari va xarajatlarini hisobini yuritish va monitoring olib borish;
- ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirib borish.
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:
- birinchi bosqichda, 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlaridan tashqari barcha yuridik shaxslarda oxirgi 6 oy davomida uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan ayollarga har oy uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan kelib chiqqan holda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanadi. Bunda, ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqasining uning mehnat staji va ish haqidan kelib chiqib belgilangan miqdorining qolgan qismini to‘lash ish beruvchilar hisobidan amalga oshiriladi;
- ikkinchi bosqichda, 2024 yildan boshlab xo‘jalik korxonalarida rasmiy ishlovchi ayollarga umumiy ish staji va sug‘urtalangan staji hamda o‘rtacha ish haqi miqdoridan kelib chiqib, homiladorlik va tug‘ish nafaqasini to‘lash va bu orqali ushbu xarajatlar ish beruvchi zimmasidan to‘liq olinadi;
- uchinchi bosqichda, 2025-2030 yillarda vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi, ishsiz qolish nafaqasi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari oqibatidagi sug‘urta to‘lovlari amalga oshiriladi.
Mazkur prezident farmoni hali loyiha bo‘lib, u jamoatchilik muhokamasi bosqichida. Takliflar esa 3 iyunga qadar qabul qilinadi.
Izoh qoldirish