O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida vazirlik va Buyuk Britaniyaning “TheCityUK” tashkiloti o‘rtasida kapital bozorini rivojlantirish va tartibga solishda Buyuk Britaniya tajribasini o‘rganish va mahalliy bozorga joriy qilish bo‘yicha o‘zaro “Anglashuv memorandumi” imzolash tadbiri virtual ravishda bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar qilmoqda.
Mazkur memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekiston kapital bozorining izchil rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, shuningdek, moliyaviy va kapital bozoridagi professional xizmatlarning xalqaro standartlarga mos bo‘lishini ta’minlashdan iboratdir.
Xususan, memorandum doirasida mahalliy kapital bozori infratuzilmasini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, regulyatorning bozorni tartibga solish va nazorat qilish funksiyalarini takomillashtirish, jumladan, kapital bozorining korporativ boshqaruv va aktivlarni boshqarish bilan bog‘liq normativ-huquqiy normalarini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, memorandum moliyaviy savodxonlik oshirish, o‘quv-treninglar tashkil qilish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha ilg‘or tajriba almashishga qaratilgan.
“TheCityUK” tashkiloti yuqorida keltirilgan sohalarda boshqa xalqaro moliyaviy markazlarni rivojlanish bo‘yicha katta tajribaga ega hisoblanadi.
Ushbu maqsadlarga erishish xalqaro investitsiyalar uchun jozibador ishbilarmonlik muhitini yaratishga hamda barqaror moliyalashtirish, moliyaviy imkoniyatlar va makroiqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Tadbir davomida “TheCityUK” tashkiloti bosh ijrochi direktori Maylz Selik (Miles Selic) o‘z nutqida O‘zbekiston moliyaviy va kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha salohiyatni shakllantirishda sezilarli yutuqlarga erishayotgani, ushbu memorandum Buyuk Britaniya kapital bozoridagi ilg‘or amaliyotlarni O‘zbekiston kapital bozoriga joriy qilishda muhim o‘rin tutib, Buyuk Britaniya investorlarining mamlakatga investitsiya kiritishi uchun yangi imkoniyatlarni yaratishini hamda moliyaviy va kapital bozori sohasida jahon yetakchisi sifatida Buyuk Britaniya O‘zbekistonda kapital bozorining barqaror rivojlanishi va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘z navbatida, moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov – ilg‘or mamlakatlarda kapital bozorining hajmi bank sektoriga nisbatan bir necha barobar katta ekanligi mahalliy bozorni rivojlantirish va unga xorijiy investorlarni jalb qilish uchun bizda ulkan imkoniyatlar mavjudligidan dalolat berishini, Moliya vazirligi o‘z oldiga sohani rivojlantirish bo‘yicha katta maqsadlar qo‘ygani va “TheCityUK” tashkiloti bilan hamkorlik ushbu maqsadlarga erishishimizga yordam berishini tadbir ishrokchilariga aytib o‘tdi.
Izoh qoldirish