O‘zbekiston yoshlari bandligi yo‘lidagi to‘siqlarga duch kelmoqda – Jahon banki hisoboti

O‘zbekiston yoshlari bandligi yo‘lidagi to‘siqlarga duch kelmoqda – Jahon banki hisoboti

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlashdagi muammolar va imkoniyatlar tahlil qilingan yangi hisobotning xulosa va tavsiyalari taqdim etildi.

Tadbirda mamlakat hukumati tomonidan yoshlar bandligini ta’minlash va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.

2021 yil noyabr oyida Jahon banki O‘zbekistonda yoshlarning o‘rta va oliy ta’limdan ishga o‘tishda duch kelayotgan qiyinchiliklari, shuningdek, ularni bartaraf etish bo‘yicha hukumatning amaldagi chora-tadbirlari tahliliga bag‘ishlangan yangi hisobotini e’lon qildi. Shuningdek, tadqiqotda yoshlarning bandlik imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida mehnat bozorini isloh qilish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Hisobotni ishlab chiqishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Jahon banki tadqiqotida ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 15 million, 29 yoshgacha bo‘lgan yoshlar esa 18 million nafarni tashkil qiladi. Bu shaxslar guruhi mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi uchun ham imkoniyat, ham muammodir. Ular mehnatga layoqatli aholining boshqa guruhlariga qaraganda ishga joylashishda jiddiyroq to‘siqlarga duch kelishadi, shuningdek, yuqori darajadagi iqtisodiy faolsizlik va mehnat bozoridan norozilikni namoyon etadilar. 16-24 yoshli yoshlarning 24 foizini, 16-29 yoshlilarning 26,4 foizini hech qayerda o‘qimayotgan va ishlamayotgan yoshlar tashkil etadi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yosh respondentlar mamlakatning qishloq joylarida ish o‘rinlarining yetishmasligi va ishchi kuchiga talabning pastligini bandlik sohasidagi asosiy muammolar sifatida ko‘rsatishgan. Aksariyat yoshlar rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan va mehnat daftarchasini ochmasdan ishga qabul qilinadi. Yoshlar ish haqi kutilgan darajasiga nisbatan pastligidan shikoyat qiladilar.

Ijtimoiy stereotiplar va madaniy me’yorlar yosh ayollarning iqtisodiy faoliyatda ishtirok etishiga, ularning bandlik imkoniyatlariga ega bo‘lishiga va mehnat uchun haq to‘lashda gender tafovut yuzaga kelishiga chuqur ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, yoshlar ham, ish beruvchilar ham ko‘nikmalarning talab qilingan professional tayyorgarlik darajasiga sezilarli darajada mos kelmasligi va ko‘nikmalardagi bo‘shliqlar borligini aytib, ularning ishga qabul qilish va ishdan qoniqishga ta’sir qilishini ta’kidlashdi. Kamdan-kam korxonalar malakalardagi bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida o‘zlarining yosh xodimlari uchun o‘qish imkoniyatlarini yaratadilar. Oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilariga talab yuqori, biroq oliy ta’lim olish imkoniyati cheklanganligicha qolmoqda. Shuningdek, yosh respondentlar talabalar va ish izlovchilar o‘zlarining kasbiy tanlovlarini amalga oshirishlari uchun mehnat bozori haqidagi ma’lumotlar har doim ham mavjud emasligini ta’kidlashdi.

“Yoshlarni iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini oshirish dunyoning ko‘plab mamlakatlari uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Mehnat bozoriga birinchi marotaba kirib kelayotgan 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uzoq muddatli mehnat ko‘nikmalarini shakllantiradilar, birinchi doimiy mehnat faoliyatiga joylashadilar. Bu yosh toifasida O‘zbekistonda bandlik darajasi 30,9 foizni tashkil etadi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich Rossiya Federatsiyasida 27 foiz, Yevrozonada esa 32 foiz darajasiga to‘g‘ri keladi. Ishlab chiqilgan bandlik milliy strategiyasi doirasida biz 2030-yilga borib yoshlarning kasb-hunarga o‘qitish bilan qamrab olinishini har yili 200 ming kishiga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz, yaratilayotgan ish o‘rinlari esa 300 mingdan ortiq yoshlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi”, — dedi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov davra suhbatidagi kirish so‘zida.

Tadbir davomida Jahon banki ekspertlari tomonidan hisobot tahlili asosida tavsiyalar taqdim etildi. Mutasaddilar ushbu tavsiyalarni yoshlarning bandlik imkoniyatlarini kengaytirish va ularni mehnat bozorida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mavjud dasturlardan xabardorligini oshirish uchun ko‘rib chiqishlari mumkin bo‘ladi.

Hisobotda yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumatning boshqa chora-tadbirlari qatorida quyidagilarni ham amalga oshirish taklif qilingan:

  • ish haqi va yoshlarni kasbga o‘qitishni subsidiyalash kabi mehnat bozoridagi qo‘llab-quvvatlash choralarini baholash, isloh qilish va kengaytirish;
  • ko‘nikmalarni rivojlantirish va boshlang‘ich kapital taqdim etish orqali yosh tadbirkorlar loyihalarini amalga oshirishga ko‘mak ko‘satishni kengaytirish;
  • maktablar va kasb-hunar ta’limi markazlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) ko‘nikmalariga ustuvor ahamiyat berish orqali yoshlarda ularni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • sektorlar va hududlar orasida kasbiy va mehnat mobilligidagi to‘siqlarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
  • uyushgan (xavfsiz va samarali) mehnat migratsiyasiga ko‘maklashish.

Hisobotda talabga yo‘naltirilgan yoshlarni ish bilan ta’minlash dasturlari, jumladan, amaliyot o‘tash, kasb-hunarga o‘rgatish va yoshlarga uchun ish haqini subsidiyalash kabi choralar samaradorligini oshirish maqsadida ish beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlangan. Shuningdek, kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda yangilash maqsadida ish beruvchilar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish tavsiya etiladi.

"O‘zbekiston aholisining aksariyat qismi yoshlardan iborat. Ko‘proq sifatli ish o‘rinlarini yaratish lozim, ayniqsa, ayollar va yoshlar uchun. Bu mamlakatga aholi sonining o‘sishiga tayyor bo‘lishi va o‘zining ulkan maqsadlariga – kambag‘allikni ikki baravar kamaytirish, shuningdek, 2030-yilga borib daromadlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirish – erishishi uchun imkoniyat beradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yoshlariga ish qidirishda raqobatbardosh bo‘lishlari uchun zamonaviy bozor iqtisodiyotida talab qilinadigan bilim va ko‘nikmalar, mehnat bozoridagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha samarali tizimlardan foydalanish imkoniyati hamda o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlash uchun qulay ishbilarmonlik muhiti zarur. Bugun taqdim etilgan hisobot kelajakda yoshlarning ish bilan ta’minlanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan hukumat chora-tadbirlarini ishlab chiqishga hissa qo‘shadi, deb umid qilaman”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar