Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2023 yil 19 va 20 oktyabr kunlari “II TDIU taraqqiyot strategiyasi forumi: global va milliy iqtisodiyot trendlari” xalqaro forumi o‘tkazildi.
Ikki kun davom etgan mazkur xalqaro Forum yirik ilmiy tadbir bo‘lib, uni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – “Harakatlar strategiyasidan - Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida keltirilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, xalqaro va milliy ekspertlarning ilmiy g‘oyalar hamda ilmiy-amaliy tajriba almashinuvi platformasini yaratish hamda ilmiy asoslangan natijalarni keng jamoatchilikka yoyishdan iborat.
Forumda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuxamedov “Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish imkoniyatlari” mavzusida nutq so‘zladi.
Muhsinjon Xolmuxamedov so‘zining avvalida mazkur nufuzli xalqaro Forum tashkilotchilariga Markazimiz rahbariyati tomonidan taklif uchun minnatdorchiligini bildirdi.
“Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashda yangi 2030 yilgacha qabul qilinayotgan strategiyada jami 17 ta maqsadlar belgilangan. Jumladan: kyelgusi 7 yillikda Iqtisodiyotimizni 2 barobar oshirib, Yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiriladi.
Buning natijasida, O‘zbekiston “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kiradi. Ushbu maqsadlar yo‘lida iqtisodiy qudratimiz asosi bo‘lgan eng ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega sanoat tarmoqlari rivojlantiriladi. Buning uchun keyingi yillarda strategik mega-loyihalar ishga tushiriladi”, dedi ekspert.
Garvard universitetining iqtisodiy murakkablik indeksiga ko‘ra O‘zbekiston iqtisodiyot tarmoqlari uchun kelgusida o‘zlashtirilishi tavsiya etilgan 50 ta yuqori qiymatli mahsulotlar orasida eng katta bozorga ega yo‘nalish bu avtomobilsozlik sanoatidir. Ta’kidlash joizki, avtomobillarga jahon bozoridagi talab 13 trln dollarni tashkil etadi.
Mazkur yo‘nalishda kelgusida mamlakatimizda 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, ishlab chiqarish hajmi yillik 1 million donaga yetkaziladi, shundan 300 mingtasi elektromobil avtomobillari (2023 yilda ushbu ko‘rsatkich 402 mingtani tashkil etadi).
“Iqtisodiyotimiz energiya sig‘imkorligini oshirish, bir birlik energiya resursi evaziga 2 karra ko‘proq qiymat yaratish vazifasi belgilangan. Bu degani kelgusida energetika sohasini ham jadal rivojlantirib aholi va sanoatga barqaror va sifatli energiya bilan ta’minlash shu jumladan toza energiya manbalarini kamida 40 foizga yetkazish marralari belgilab olingan.
Buning uchun, albatta yuqori energiya sig‘imkor sohalar, xususan raqamli texnologiyalar, fintex, moliyaviy xizmatlar kabi yangi tarmoqlarni rivojlantirish zarur. Xususan, IT sektordagi o‘zgarishlarni ko‘radigan bo‘lsak, hozirda ushbu soha qariyb 1 mlrd dollarlik marralarni zabt etilgan bo‘lsa kelgusi 7 yilda ushbu ko‘rsatkichni kamida 5 karra oshirish istiqbollari mavjud” – M.Xolmuxamedov.
Aholi daromadlari o‘rtasidagi keskin tafovutlarni oldini olish, hududlarda barqaror ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik harakatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali yangi o‘rta sinf qatlamini kengaytirish va eng asosiysi aholi farovonligini ta’minlash ham eng muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.
Xususan, mamlakatimizda, 2021 yili kambag‘allik darajasi 17% ni tashkil etgan bo‘lsa, birgina o‘tgan yilning o‘zida yaratilgan imkoniyatlar evaziga jami 1 mln nafarga yaqin fuqarolarimiz kambag‘allikdan chiqarilib o‘tib ushbu ko‘rsatkich 14% ga tushdi.
“Ta’kidlash joizki, 2026 yilga qadar kambag‘allikni 8,5 foizga, 2030 yilga qadar esa keskin qisqartirish va 5% ga tushirish choralari ko‘riladi.
Bunda, oilaviy tadbirkorlik asosida bandlikni ta’minlashda oddiy “qo‘l mehnati”dan – sanoatlashgan ishlab chiqarish bosqichiga o‘tish, uskuna sotib olish uchun imtiyozli kredit miqdorini 100 mln so‘mgacha oshirish maqsadlari belgilangan.
Shu bilan birga, Yoshlar orasida ishsizlik darajasini 14 foizdan 6 foizga kamaytirish. Ushbu maqsadlarda, 2030 yilga qadar har bir hududning demografik, tabiiy, infratuzilmaviy xususiyatlariga ko‘ra mehnat bozoriga ilk marotaba kirib kelayotgan 1 mln nafar yoshlar uchun munosib daromad manbaiga ega bo‘lishlari uchun har tomonlama sharoit yaratiladi”, deydi Muhsinjon Xolmuxamedov.
Xususan, Taraqqiyot strategiyasida hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash darajasini oshirish bo‘yicha yo‘nalishida ham bir qator ishlar olib borilishi maqsad qilingan.
Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlari soni 100 taga yetkazilishi shuningdek, tuman (shahar)larning bosh va master rejalarini 3 ta toifali (renovatsiya, rekonstruksiya va konservatsiya) zonalarga ajratib, soddalashtirilgan tartibda hamda aholi va tadbirkorlar takliflarini inobatga olgan holda ishlab chiqish amaliyoti joriy etiladi.
“Muxtasar qilib aytganda, Hurmatli Prezidentimiz kelgusi 7 yilda juda ulkan, ulug‘vor maqsad va vazifalarni belgilab berdilar. Biz o‘tgan davrda yetarlicha bilim va tajriba orttirdik. Ilgari o‘n yillar kerak bo‘lgan yo‘lni qisqa muddatda bosib o‘tishni o‘rgandik. Hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Agar ezgu maqsadlarimiz yo‘lida jipslashib, hammamiz bir bo‘lib, astoydil harakat qilsak, bundan ham katta marralarni zabt eta olamiz!”, dedi Muhsinjon Xolmuxamedov.
Ma’ruzamning yakunida esa zalda o‘tirgan yoshlarga qarab barcha sa’y harakatlar Sizlar uchun, kelgusida O‘zbekiston albatta yuksak rivojlangan davlatlar qatoridan munosib joy egallaydi. Bugungi islohotlar ushbu katta iqtisodiy sakrashga zamin yaratmoqda. Sizlar ham shu olingan marralardan xulosa qilib yuqori samaradorlikka erishish sari yangi tajribalar, ko‘nikmalar va bilimlarni egallash yo‘lida zafarlar tilayman, so‘zini yakunladi ekspert.
Izoh qoldirish