"Bizni qulay biznes sharoitlari ilhomlantirmoqda"

Kallibek Primbetovning tashrif qog‘ozi

Kallibek Primbetov 1973 yil 29 iyulda Nukus tumani Oydagi ovul qishlog‘ida tug‘ilgan. 1997 yili Qoraqalpoq davlat universitetini “sanoatda buxgalteriya hisobi” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Oilali, to‘rt nafar farzandi bor.

Turmush o‘rtog‘i Gulziba Muratbayeva Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining “siyosiy iqtisod” fakultetini bitirgan, hozirda “Nukus Balik” MChJ direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib bormoqda. Katta o‘g‘li Atabek “NUKUS BETON” MChJda bosh texnolog bo‘lib ishlaydi, kenja o‘g‘li Ibraxim Nukus shahridagi 46-maktabning 7-sinf o‘quvchisi. Katta qizi Malika Toshkentdagi Turk avialiniyalarida faoliyat yuritadi, kenjasi Madina esa Nukusdagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi.

Tadbirkorning onasi nafaqada, unga qadar esa Yu.Gagarin nomidagi 27- maktabda ishlagan. Otasi Primbetov Nurmaxambet Nukus davlat universitetining (hozirgi QDU) matematika fakultetida hisoblash matematikasidan saboq bergan. 1998 yilda “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasiga “Nukus Balik” OAJ direktori sifatida ishga o‘tgan. Hozirda yoshi katta bo‘lishiga qaramay, (1945 yilda tug‘ilgan) “Nukus Balik” MChJ direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Kallibek Primbetov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan ikki uchrashuvida ishtirok etgan.

Ayni paytda Primbetovlar oilasi ikkita ishlab chiqarish yo‘nalishini rivojlantirmoqda. Birinchisi, akvakultura sohasida – baliqchilik, Afrika laqqa balig‘i va boshqa mahalliy baliq turlarini yetishtirish, ularni yarim tayyor mahsulotgacha qayta ishlash. Ikkinchi yo‘nalish – sanoat va fuqarolik ob’yektlarini qurish uchun temir-beton buyumlar ishlab chiqarish.

Biznes bilan shug‘ullanish qarorini olishingizga nima turtki bo‘ldi va bunga qanday sharoitlar yordam berdi?

– Yurtimizda biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, jumladan, rahbariyat tomonidan iqtisodiyot tarmoqlari va sanoatni isloh qilishga qaratilgan qarorlar qabul qilinayotganini ko‘rib, biznes bilan shug‘ullanishga qaror qilganman. Ularni sanab o‘tishim mumkin. Prezidentning 2003 yil 13 avgustdagi Farmoniga muvofiq, baliqchilik tarmog‘i xususiylashtirilib, monopoliyadan chiqarildi. So‘ngra foydalanilmayotgan va bo‘sh turgan sanoat ob’yektlarini auksionlar orqali sotish ishlari tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun soliq imtiyozlarining saqlanib qolishi Orol inqirozi zonasida biznesni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.

O‘z biznesingiz haqida gapirib bersangiz, uni qanday boshlagansiz?

– 1997 yili universitetni tamomlagach, Nukus tumanidagi “Aziya” kichik korxonasi direktori lavozimida ishlay boshladim. Korxonada turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, mahalliy bozorda sotilar edi. 1998 yildan bir vaqtning o‘zida “Nukus Balik” OAJ direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritdim. 2001 yilda Nukus shahridagi “Keramzit” OAJ aksiyalarining 75 foizdan ziyod qismini sotib oldik va men ushbu korxona direktori bo‘ldim. 2003 yilda “Keramzit” OAJ “Nukus Balik” OAJ bilan birlashtirilib, 2003 yil avgust oyida Prezident qarori bilan “Nukus Balik” MChJga aylantirildi.

Keyinchalik, 2007 yilda OAJ rossiyalik sherik – “Intrafleks” MChJ ishtirokidagi Qoraqalpoq-Rossiya qo‘shma korxonasi “Nukus Baliq” MChJ (“Nukus Baliq” MChJ QK) shaklida qayta tashkil etildi. 2012 yilda “Nukus qishloq uy-joy qurilishi kombinati” OAJni sotib olib, “Nukus Baliq” MChJ QK bilan birlashtirdik. 2007 yildan 2017 yilgacha ushbu qo‘shma korxona direktori o‘rinbosari lavozimida ishladim.

2017 yilda Prezidentning “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Nukus Baliq” MChJ QK tomonidan “Ipoteka-bank” ATIB Qoraqalpog‘iston filiali (Ustav jamg‘armasining 25 foizi) ishtirokidagi “NUKUS AGRO FISH” MChJ (ustav jamg‘armasining 75 foizi) ta’sis etildi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanoatini rivojlantirish dasturi qabul qilinib, uning doirasida “Nukus Baliq” MChJ QK zimmasiga 2019 yil 30 noyabrga qadar loyiha qiymati 24,4 mlrd so‘m, shundan 8,3 mlrd so‘m o‘z ishtirokida bo‘lgan baliqchilik klasteri yaratish, shuningdek, loyiha qiymati 23,5 mlrd so‘m, shundan 7,6 mlrd so‘m o‘z ishtirokida bo‘lgan temir-beton buyumlar ishlab chiqarish zavodi qurish vazifasi yuklandi.

Ushbu topshiriqlarni bajarish maqsadida “Nukus Baliq” MChJ QK “Ipoteka-bank”dan 1 mln 779 221 AQSh dollari miqdorida kredit olib, “Nukus qishloq uy-joy qurilishi kombinati” negizida Italiya texnologiyasi asosida temir-beton buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurdi, u 2019 yilda “Nukus Beton” MChJ sifatida ta’sis etildi.

Mazkur zavodning tarixi diqqatga sazovor, chunki u mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yurtimizda yuz bergan barcha ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni aks ettirib, bugungi kunda mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan tarixiy islohotlar natijalarini yaqqol ko‘rsatadi. Nukusda sobiq Ittifoq davridayoq ikkita uy-joy qurish kombinati (UJQK) bo‘lgan. Biri – Nukus UJQK bo‘lib, shaharda ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun mahsulot ishlab chiqargan, hozirda ish faoliyatini to‘xtatgan. Ikkinchisi – Nukus qishloq uy-joy qurilish kombinati (NQUJQK) sanalib, qishloq joylarda uy-joy qurish uchun uy komplektlarini ishlab chiqargan.

2012 yilda “NUKUS BALIK” MChJ korxonamiz ushbu NQUJQKning sobiq mulkdori tomonidan demontaj qilinishini to‘xtatishga va uni kreditorlar oldidagi to‘plangan qarzlari bilan birga sotib olishga muvaffaq bo‘ldi. Uni qayta tiklash uchun ozmuncha harakat qilmadik, katta mablag‘ va bir necha yillik mehnat sarfladik. Oxir-oqibat, kombinatni 2023 yilda ishga tushirishga muvaffaq bo‘ldik. Temir-beton buyumlar ishlab chiqarish uchun eng zamonaviy texnologik liniyalar Italiyadan olib kelindi. Korxona uchun uskunalar Italiyaning “WEILER” kompaniyasi tomonidan yetkazib berildi. Bundan tashqari, Rossiyada temir-beton buyumlar ishlab chiqarish uchun turli xil zamonaviy shakllar va ukunalar sotib oldik, turar-joy va sanoat binolarini qurish uchun mahsulotlar ishlab chiqarishni boshladik.

Keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi – barcha yuk ko‘tarish mexanizmlari qayta tiklandi, zarur muhandislik-texnik kommunikatsiyalar yo‘lga qo‘yildi va Yevropa sifatiga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish boshlab yuborildi. Shuningdek, UJQKni qayta tiklash jarayonida yangi ish o‘rinlari yaratish va korxona xodimlarini italiyalik sheriklar yordamida yangi uskunalarda ishlashga o‘rgatish orqali ijtimoiy masalalarning hal etilgani ham ahamiyatga ega. Endi NQUJQKni modernizatsiya qilishning ikkinchi bosqichini amalga oshirishni rejalashtiryapmiz. So‘zsiz, mazkur korxonalarda o‘tgan yillarda to‘plangan ish tajribasi biznesimizni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

O‘z biznesingiz rivojida qaysi jihatlarni eng muvaffaqiyatli deb hisoblaysiz? Bu muvaffaqiyatlarga erishishga nima yordam berdi?

– 2007 yildan 2012 yilgacha “Nukus Baliq” MChJ QK tomonidan Rossiya va Turkiyaga baliq (jumladan, sudak) eksport qilindi. Ushbu davr korxonamiz faoliyatida sermahsul bo‘lib, bu vaqt ichida taxminan bir mln dollarlik baliq eksport qildik. Baliqni ko‘paytirish, yetishtirish va qayta ishlash uchun texnika, muzlatkich va boshqa uskunalar sotib oldik. Eksport hajmi va geografiyasini sezilarli darajada oshirishni rejalashtirgan edik.

Tabiiy ravishda savol tug‘iladi: nega birdaniga baliq eksportini to‘xtatib qo‘ydik? To‘g‘risini aytsam, eksportni to‘xtatishga 2011 yilda O‘zbekistondan baliq mahsulotlarini eksport qilish taqiqlangani sabab bo‘lgan. Bu taqiq ichki bozor uchun baliq yetishmasligi tufayli joriy etildi. Bundan bir necha yil o‘tgach, suv sathining pastligi tufayli respublikamizning tabiiy suv havzalarida sudaklar kamayib ketdi, chunki biz faqat sudak balig‘ini eksport qilar edik.

Biroq akvakulturani, umuman, baliqchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli yaqin kelajakda baliqlar va suv havzalari bilan bog‘liq boshqa mahsulotlar eksportini qayta yo‘lga qo‘yishga umid qilamiz. Shu maqsadda, bugungi kunda respublika miqyosida nafaqat baliq, balki boshqa gidrobiontlar, xususan, chuchuk suv qisqichbaqalari va krevetkalari yetishtirish uchun baliqchilik tarmog‘ini diversifikatsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Shuning barobarida qizilmiya biznesini ham yo‘lga qo‘ydik. “Akmangit lakritsa” MChJni ochib, 2011 yildan 2017 yilgacha qariyb bir mln dollarlik qizilmiya ildizini eksport qildik. Ushbu muvaffaqiyatlarga erishishda, birinchidan, bu borada davlatning qo‘llab-quvvatlashi, ikkinchidan, qizilmiya ildizining katta zaxiralariga ega bo‘lgan hududimiz imkoniyatlari yordam berdi, baliqchilik sohasida erishilgan yutuqlar esa xorijiy bozorlarda mahsulotimizga bo‘lgan talabning ortgani bilan bog‘liq bo‘ldi.

Biznesingiz ijtimoiy ta’sirini baholash mumkinmi?

– Menimcha, har qanday muvaffaqiyatli biznes tegishli ijtimoiy ahamiyatga ega va jamiyat uchun foydalidir. Bu, birinchi navbatda, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi. Masalan, 2007-2012 yillarda baliqni eksport qilish chog‘ida “NUKUSBALIK” MChJ QKda 50 nafar, “Akmangit lakritsa” MChJda 10 nafar kishi doimiy ishlagan, qizilmiya ildizini yig‘uvchi mavsumiy ishchilar soni 100 nafardan ko‘p edi.

Korxonalar mablag‘lari hisobidan kam ta’minlangan fuqarolarga yordam berdik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar paralimpiadasini qo‘llab-quvvatladik, davriy nashrlarga homiylik ko‘rsatdik, ishchi-xizmatchilarning tekin ovqatlanishini ta’minladik. 2017 yilda yopiq joylarda yopiq suv ta’minoti qurilmasi tizimidan hamda issiq haroratli yer osti suvlaridan foydalangan holda baliq yetishtirishning intensiv texnologiyalariga o‘tdik, bu esa xodimlarimiz uchun yanada qulay va sog‘lom mehnat sharoitlarini yaratmoqda.

So‘nggi yillarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qanday qarorlar biznesingizga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va bu qay tarzda namoyon bo‘ldi?

– Avvalo, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya jozibadorligini oshirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va yoshlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.

Bu masalada O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil 12 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun-hujjatlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasida investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni alohida ahamiyat kasb etdi. Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritilib, unga ko‘ra 2023 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvarga qadar Qoraqalpog‘istonning barcha tumanlarida joylashgan va respublika hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari:

  • foyda solig‘ini, aylanmadan olinadigan soliqni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi;
  • ijtimoiy soliqni 1% miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar esa yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida to‘laydi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar korxonalarimiz uchun soliq yukini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berdi, bunda iqtisod qilingan mablag‘lar, birinchi navbatda, ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirildi.

So‘nggi yillarda yaratilgan biznes muhiti, hisobdorlikka qo‘yilgan talablar va nazorat qiluvchi tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni qanday baholaysiz

– Biznes muhitining tubdan yaxshilanayotgani, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar, ayniqsa, Qoraqalpog‘istonda yaqqol ko‘zga tashlanayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlik va infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi, jumladan, respublikaning investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash uchun imtiyoz va preferensiyalarning aniq ro‘yxati taqdim etildi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 avgustdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida kelgusi yetti yil uchun qator imtiyoz va preferensiyalar tasdiqlandi. Mazkur Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida biznes muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha shunday tartib o‘rnatildiki, unga muvofiq:

  • Tadbirkorlik sub’yektlarining loyihalariga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan istisno tariqasida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va aylanma mablag‘larni shakllantirish maqsadlariga ajratiladigan kredit miqdorining 75 foizigacha bo‘lgan miqdorda kafillik taqdim etiladi;
  • kichik hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida investitsiya majburiyatlarini bajargan tadbirkorlarga yer uchastkalarini, bino va inshootlarni xususiylashtirib berish tartibi belgilanadi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘istonda imtiyozli kreditlash dasturi sezilarli darajada kengaytirildi. Hududda oilaviy biznes dasturlariga qo‘shimcha ravishda katta mablag‘ ajratilib, yosh tadbirkorlarga esa zarur uskunalar xarid qilish uchun 7 yil muddatga kreditlar ajratilmoqda. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan Qoraqalpog‘istonga 100 mln dollar ekvivalentida qo‘shimcha mablag‘ ajratildi, shundan 5 mln dollar Amudaryo deltasida kichik suv havzalarini yaratish loyihalariga yo‘naltirildi.

2023 yil 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish ustuvor vazifamiz ekanini qayd etdi. Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, hisobdorlikni yuritish va byurokratiyasiz qulay muhitni yaratish masalalariga alohida to‘xtaldi. Shu bilan birga, tadbirkorlar 140 dan ortiq hisobot doirasida 8 mingga yaqin ko‘rsatkichlarni 16 ta davlat idorasiga topshirishga majbur ekani ta’kidlandi. Biroq hozirdan, ya’ni 2024 yil 1 yanvardan boshlab bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatildi, barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yilib, ularning qog‘oz shakli bekor qilindi.

Sizningcha, YaIDXP tizimining joriy etilishi biznesni qanchalik osonlashtirdi?

– YaIDXP tizimining tadbirkorlar uchun ham, mamlakatimiz aholisi uchun ham ahamiyati juda katta bo‘ldi. YaIDXPning ishga tushirilishi davlat organlarining aholi bilan ishlashda yangi formatni belgilab, fuqarolar va yuridik shaxslarga davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish imkonini berdi. Bugungi kunda barcha davlat tashkilotlari va tadbirkorlar YaIDXP tizimini, u bilan qanday ishlashni biladi, aholi o‘rtasida ham xabardorlik darajasi oshib bormoqda. Portaldan foydalanish tadbirkorlar va fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanish, zarur ma’lumotlarni izlash, biznes masalalarini tezkorlik bilan hal etish va boshqa ko‘plab imkoniyatlarning keng doirasini ochib beradi.

Qaysi loyihalaringiz rivojlanish yoki rejalashtirish pallasida? Respublikada 2030 yilgacha belgilangan rivojlanish maqsadlari sizning rejalaringizga qanday tasir ko‘rsatmoqda?

– Eksport salohiyatini rivojlantirish nuqtai nazaridan, so‘nggi vaqtlarda “NUKUS AGRO FISH KLASTER” tomonidan yangi akvakultura ob’yektlari – krevetkalarni yetishtirish, qayta ishlash hamda Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari va Rossiyaga eksport qilish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu ishlab chiqarishni tashkil etish nafaqat Qoraqalpog‘istonda, balki butun O‘zbekistonda akvakultura sohasida mutlaqo yangi va o‘ta istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Krevetka yetishtirish loyihasi, shuningdek, korxonamizda qariyb 20 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

2023 yilning kuz oylarida vetnamlik sheriklarning Nukus shahridagi akvakultura korxonamizga tashrifi uyushtirilib, Vetnamning eng yirik krevetka ishlab chiqaruvchilari hamda AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Yaponiya va Janubiy Koreya bozorlariga eksport qiluvchilardan biri bo‘lgan “BINH MINH SHRIMP DOMESTICATION” kompaniyasi bilan hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

“BINH MINH SHRIMP DOMESTICATION” kompaniyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasida kamyob krevetka turlarini yetishtirish, qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotni eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish orqali ushbu yangi faoliyat sohasiga investitsiya kiritishga qat’iy qaror qilgani muzokaralar natijasi bo‘ldi. Birgalikdagi ishlarni boshlash 2024 yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan.

Bunga qo‘shimcha ravishda, o‘tgan yildan boshlab vetnamlik hamkasblarimiz bilan birgalikda tez o‘sadigan Vetnam zog‘orabalig‘ining urug‘langan uvuldirig‘ini olib kelib, inkubatsiya seximizda inkubatsiya jarayonini boshlab yubordik va ayni paytda hovuzli xo‘jaligimizda yetishtirilayotgan ushbu baliq turining naslini oldik.

Albatta, korxonalarimiz faoliyatini rivojlantirish borasidagi barcha ishlar “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi” va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish va maqsadlarga erishishga qaratilgan. Ularda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgani bizni juda quvontirdi.

Korxonamiz tomonidan investor sheriklarimiz bilan birgalikda rejalashtirilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega yuqori likvidli yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish mazkur Strategiyalarning maqsad va vazifalariga bevosita mos keladi, bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, byudjetga qo‘shimcha tushumlarni va Qoraqalpog‘istonning eksport salohiyati yuksalishini ta’minlashga imkoniyat yaratadi.

Mamlakatimizda biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay sharoitlar bizni ruhlantirmoqda.

Odil Olimjonov suhbatlashdi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №3/2024


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar